Nega keskin karantin choralari belgilanmaganiga aniqlik kiritildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni yana ortib, vaziyat xavotirli tus olayotgan bo‘lsa-da nega mamlakatda kuchaytirilgan karantin choralar e’lon qilinmayapti? Ayni vaqtda ushbu savolni ko‘pchilikdan eshitmoqdamiz. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda mazkur savolga javob berdi. 

“Agar karantin cheklovlari  keskin va qat’iy talablar asosida amalga oshiriladigan bo‘lsa, ko‘p oilalarning kun kechirishi va iqtisodiy ahvoli tang holatga kelib qolishi mumkin. Shu sababli qat’iy karantin tadbirlarini o‘tkazishga, keskin choralarni ko‘rishga qo‘l urilmayapti. Respublika maxsus komissiyasi odamlarning turmush tarziga, ongiga ta’sir qilish orqali vaziyatni barqarorlashtirmoqda”, deydi Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlarining ko‘paygani sababli bugun, 28 iyundan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan qator karantin cheklovlar joriy qilindi.

Unga ko‘ra: 

•  joriy yilning 28 iyunidan 12 iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi;

•  xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamlari bilan birgalikda Toshkent shahri aholisining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlamini o‘zlari biriktirilgan oilaviy poliklinikalarda koronavirus infeksiyasiga qarshi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ihtiyoriy tarzda ommaviy emlanishi belgilandi;

•  joriy yilning 28 iyunidan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar ob’ektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish ob’ektlari – kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 20:00 gacha ruxsat beriladi;

•  ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish ob’ektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalarning umumiy sig‘imining 50 foizidan qat’iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.

Shuningdek, ochiq maydonlar yoki yopiq majmualarda bo‘lishidan qat’iy nazar, yurtimizda barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi.

1 avgustdan boshlab to‘y va marosimlarni 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish belgilandi.

Yulduz Abdurashidova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

304

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing