Nega G‘alaba kuni ikki xil sanada nishonlanadi?

Bu qiziq

Nega g‘alaba kuni G‘arb davlatlarida 8 may, Rossiyada esa 9 may sanasida nishonlanishini bilasizmi? Nega bu sana bir kun farq qiladi? Bu shunchaki vaqt zonasi sababmi? Yoki bunda katta siyosiy omillar yoki Stalinning o‘ziga xos pozitsiyasi yotadimi? Keling, shunga aniqlik kiritamiz. 

Har yili may oyining boshida dunyo Ikkinchi jahon urushi yakunini eslaydi. Bu nafaqat tarixiy sana, balki insoniyat yodida abadiy qolgan qonli xotira. Ammo bu muhim sana turli davlatlarda turlicha belgilangan. AQSH va G‘arbiy Yevropa uni 8 may kuni nishonlasa, Rossiya va ayrim postsovet davlatlari 9 mayni tanlagan. Shu o‘rinda asosli savol tug‘iladi. Nega? 

Aslida, urush tugagach, 1945 yil 7 may kuni Germaniya vakillari Fransiyaning Reyms shahrida taslim bo‘lish hujjatini imzolagan. Ushbu mag‘lubiyat hujjati 8 may kuni soat 23:01 da kuchga kirishi kerak edi. Bu vaqt Yevropa va AQSHda hali ham 8 may, ammo Moskva vaqti bilan allaqachon 9 may tongi edi.

Rasmiy bayonotlarda Rossiya odatda vaqt zonasini sabab sifatida ko‘rsatadi. Ammo masalaning boshqa, ancha chuqur tomoni ham bor ya’ni – Stalinning pozitsiyasi.

Stalin Reimsdagi taslim bo‘lish jarayonini “G‘arbning yutug‘i” sifatida qabul qilishni istamadi. U Germaniya Sovet armiyasi tomonidan ishg‘ol qilingan hudud ya’ni Berlinda taslim bo‘lishi kerak, deb talab qildi. Buning sababi sifatida urushda eng katta qurbonlar aynan Sovet Ittifoqi tomonidan bo‘lganini iddao qildi. Chunki urushda SSSRdan 27 million odam halok bo‘lgan edi.

Stalin diplomatik jihatdan Reimsdagi imzoni yetarli emas deb topdi va nemislar yana bir bor – bu safar Sovetlar boshchiligida — rasmiy taslimlik hujjatini imzolashga majbur qilindi.

8 may kechasi Berlinning Karlshorst tumanida ikkinchi marta kapitulyatsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Sovet generali Georgiy Jukov boshchiligida nemislar yana tegishli hujjatga imzo chekishdi. Bu marosim Moskvada tong otgan – ya’ni 9 may soatlarida yakunlandi.

Shunday qilib, tarixiy voqealar va siyosiy qarashlar natijasida G‘alaba kuni turli davlatlarda har xil sanalarda nishonlanadigan bo‘ldi. Vaqt zonasi bu farqning asosi, ammo Stalinning siyosiy ambitsiyalari va Sovet Ittifoqining urushdagi roli haqidagi qarashlari ham muhim omil bo‘lgan.

Keling, bugungi davrga qaytsak. Bu yil Yevropada Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi nishonlanadi. bu yubiley sana bo‘lgani sharafiga joriy yilgi bayram Yevropada faqat 8 may emas, balki bir necha kun davom etadi. 

Masalan, Buyuk Britaniya poytaxti Londonda 5 may kuni tushda Big-Benning qo‘ng‘irog‘i bilan tantanalar boshlandi. Britaniyalik aktyor Timoti Spoll Uinston Cherchillning 1945 yil 8 mayda radio orqali aytgan mashhur g‘alaba nutqini o‘qib eshittirdi.

1300 dan ortiq odam ishtirok etgan harbiy kortej London markazi orqali Parlament maydonidan Bukingem saroyiga o‘tdi. Unga 100 yoshli Ikkinchi jahon urushi faxriysi Alan Kennet boshchilik qildi.

Kortejni qirol Charlz III, uning rafiqasi Kamilla va Uels shahzodasi Uilyam butun oilasi – rafiqasi Keyt, shahzodalar Jorj va Lyui hamda malika Sharlottalar bilan tomosha qildi.

Harbiy kortejda Ukraina harbiy xizmatchilari ham ishtirok etdi. Ularning aytishicha, bu katta sharaf.

Ukraina bilan urush olib borayotgan Rossiya poytaxtida esa 9 may kuni harbiy parad bo‘ladi. 20 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari unda ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida MDH davlatlari rahbarlari,  Rossiyaning BRICS'dagi hamkorlaridan Xitoy rahbari Si Szinpin va Braziliya Prezidenti Lula da Silva,  Yevropa Ittifoqi a’zosi Slovakiyaning Bosh vaziri Robert Fitso ham bor. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi esa Putinning taklifini radetgan. 

Ukraina bilan davom etayotgan urush fonida Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Xususan, dronlar ustidan nazorat va yong‘in xavfsizligi choralari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ukarina esa 6 may kuni Rossiya poytaxti Moskva shahriga ommaviy dron hujumi uyushtirdi. Oqibatda shahar aeroportlari samolyotlar uchun yopildi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 may oqshomida Rossiya hududi ustida jami 57 ta ukrain droni yo‘q qilingan. Ulardan 31 tasi Bryansk viloyati, 14 tasi Kursk viloyati, yettitasi esa Orlov viloyati ustida urib tushirilgan.

Moskva shahri havo hududining yopilishi munosabati bilan quyidagi Uzbekistan Airways reyslari zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi.

Xullas, ertaga, 9 may kuni ko‘plab davlatlar rahbarlari tashrif buyurishi kutilayotgan Moskvada paradga tayyorgarlik davom etmoqda.

Zebiniso Saparboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Rossiya Evropa Moskva Ikkinchi jahon urushi Berlin Stalin Charl'z III Sovet G'alaba kuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing