Nega fransuzlar Parijdagi yagona osmono‘par binodan nafratlanadi? (foto)
Bu qiziq
−
01 iyul 2023
28374Parijning markaziy ko‘chasida joylashgan, balandligi 210 metrni tashkil etuvchi “Tour Montparnasse” binosining qurilganiga 50 yil o‘tibdiki, hamon parijliklar tomonidan qabul qilinmayotgan ob’ekt sifatida qolmoqda. Bunga asosiy sabab bino shaharning boshqa inshootlari kabi mumtoz uslubda emas, balki zamonaviy ko‘rinishda qurilganidadir. Bu borada CNN nashri bir qancha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Aytilishicha, 1973 yilda qurib bitkazilgan, 59 qavatdan iborat shokolad rangli bino ochilganidan beri ko‘plab parijliklar tomonidan yomonlik ramzi sifatida qabul qilinmoqda. “Tour Montparnasse” Parijdagi 210 metr balandlikda joylashgan yagona osmono‘par bino bo‘lib, uning tashqi tomoni shisha va po‘latdan tarkib topgan. Asosan o‘zining me’moriy bir xilligi bilan mashhur bo‘lgan shaharda joylashgan mazkur bino aslida yagona boshqa uslubga xos inshoot emas. Biroq fransuzlarning aksariyati aynan shu ob’ekt Eyfel minorasi hamda Cakre-Kyor majmuasining hashamatiga soya solayotgani uchun uni hanuzgacha qabul qilmagan.
Me’morlar Jan Saubot, Ejen Boduyen, Urbain Sassan va Lui de Xoym de Mariyen tomonidan ishlab chiqilgan binoga nisbatan fransuzlarning g‘azablanishi ajablanarli emas aslida. Avvaldan parijliklar tomonidan poytaxtning ko‘rinishida katta o‘zgarish bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatib kelingan. Hatto 1889 yilda qurib bitkazilgan Eyfel minorasi ham dastlab masxara qilinib, u "Fojiali ko‘cha chirog‘i" yoki "Bahaybat, nopok skelet" deb atalgan.
Shuningdek, 1980 yilda Luvr muzeyi tashqarisida o‘rnatilgan me’mor I.M.Peyning mashhur shisha piramidalari ham turli haqoratlarga sabab bo‘lgan.
Parijda baland binolarning kelajagi
Parijliklar “Tour Montparnasse” binosini Eyfel minorasidan farqli o‘laroq uzoq yillardan beri qabul qilolmayapti. Dastlabki yillarda ko‘p jihatdan jamoatchilik noroziligi tufayli Parij shahar kengashi shaharda 1977 yildan boshlab balandligi 37 metrdan yuqori binolarni qurishni taqiqlagandi. 2010 yilgacha mazkur hududda osmono‘par binolarni qurish bo‘yicha qattiq cheklovlar kiritilib, baland binolar asosan Defens yoki boshqa shahar atrofida barpo etilgan.
Hatto 2014 yilda Parij merligiga da’vogar bo‘lgan konservativ nomzod saylovoldi tashviqoti chog‘ida bu binoni buzib tashlashni taklif qilib, uni “Shahar falokati” deb atagan. G‘olib nomzod, amaldagi shahar meri Ann Idalgo bu taklifni bema’nilik deb atab, bino, albatta, shahardagi eng go‘zal ob’ekt emasligini tan olgan.
Hozirga qadar Parij shahrida baland binolarni qurish qay darajada to‘g‘ri bo‘lishi haqida ko‘plab fikrlar mavjud. Shular qatorida taniqli me’mor, “Pritzker” mukofoti sovrindori Jan Nuvel Parijni muzey-shahar deb o‘ylashni to‘xtatish vaqti kelganligini aytgan.
Uning 2008 yilda Fransiyaning “Le parisien” gazetasida chop etilgan intervyusida Parij shahri hali to‘liq qurib bitkazilmagani, vertikal binolar poytaxtni yanada boyitishi mumkinligi, shaharni ulardan mahrum qilmaslikni ta’kidlagan.
Shahar hukumati uzoq davom etgan tender jarayonidan so‘ng 2015 yilda Parijning ikkinchi osmono‘par binosi, janubi-g‘arbiy 15-okrugning chekkasida joylashgan 180 metr balandlikdagi “Tour Triangle” binosini qurishni ma’qulladi.
Shahar meri Ann Idalgo dastlab “Tour Triangle”ni qo‘llab-quvvatlagan. Bir necha yil o‘tib, yana shahar ma’muriyati poytaxtda osmono‘par binolar qurishni rad etgan. Shundan so‘ng iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va shaharda uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha ilgari surilgan reja doirasida binolardagi 37 metr balandlik chegarasi yana qaytadan tiklangan.
“Tour Triangle” qurilishi 2026 yilda qurib bitkazilishi kutilmoqda. U 50 yoshli “Tour Montparnasse” kabi turli haqorat, tahdidlarga uchraydimi yoki yo‘q hozircha noma’lum.
LiveBarchasi