Nega dunyo brendlari Markaziy Osiyodan O‘zbekistonni tanlamoqda, Qozog‘istonni emas?

Olam

image

Dunyoga mashhur Nike, ADIDAS, Apple brendlari, shuningdek, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlarini chakana sotish bo‘yicha yetakchi – INDITEX kabi dunyo brendlari o‘zining ishlab chiqarish korxonalarini O‘zbekistonda ochmoqda. Qozog‘istonda emas, nega? Bu haqda Qozog‘istonning “ORDA” nashri maqolasida so‘z boradi.

O‘tgan yili bir qator jahonga mashhur kompaniyalar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun O‘zbekistonni tanladi. Tez kunlarda Toshkentda Apple ofisining ochilishi kutilmoqda. So‘nggi bir yarim yil ichida esa bir nechta yirik korporatsiyalar O‘zbekistonda rasmiy ravishda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bular: Netflix, Google Commerce, Google Ireland, Google Voice, Samsung Electronics, Sleverbridge, Xsolla, Activision Blizzard International. Ushbu ro‘yxatga o‘tgan yilning aprel oyida “Apple Distribution International” ham qo‘shildi.

Nike

O‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston “Nike World Headquarters” bilan kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi.

Nike’dan tashqari Converse va Jordan brendlariga egalik qiluvchi Amerikaning transmilliy kompaniyasi Andijon viloyatidagi “Sino International” korxonasi bazasida yiliga 3 million juft poyabzal ishlab chiqarishni rejalashtirgan. 

ADIDAS AG

Sport kiyim-kechaklarini ishlab chiqarishda dunyoda Nike’dan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi ADIDAS O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralarni ikki yil olib bordi. O‘tgan yilning kuziga kelib “O‘zcharmsanoat” Germaniya sport giganti bilan shartnoma tuzganligini e’lon qildi. Shuningdek, ADIDAS mahsulotlari ham “Sino International” korxonasi bazasida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

INDITEX korporatsiyasi

INDITEX – Massimo Dutti, Zara, Pull & Bear, Oysho, Bershka, Stradivarius, Uterque, Zara Home kabi brendlari bilan dunyodagi eng yirik chakana savdo kompaniyasi hisoblanadi.

96 mamlakatda ikki mingdan ziyod do‘koni va 18 milliard yevrolik tovar aylanmasiga ega bo‘lgan INDITEX O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi. Kompaniya “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan ikki yillik muzokaralardan so‘ng, kelishuvga erishdi.

Apple

Apple’ning Markaziy Osiyodagi birinchi ofisi esa Toshkentda ochiladi. Bu haqda joriy yilning yanvar oyi boshida O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qilgan.

Pandemiyaga qaramasdan, o‘tgan yili rekord darajada foyda qilgan Apple kompaniyasi aynan O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi.

Nima uchun investorlar O‘zbekistonni afzal bilmoqda, Qozog‘istonni emas?

Qozog‘istonlik siyosatshunos Daniyar Ashimbayev O‘zbekiston iqtisodiy dasturlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbek paxtasi + ta’limi

“O‘zbekiston dunyodagi eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biri. Toshkent yaxshi muhandislik bazasiga, yetarlicha kuchli texnik ma’lumotga shuningdek yengil sanoat mutaxassislarini tayyorlovchi ta’limga ega”, deydi Daniyar Ashimbayev.

Ishchi kuchi + intizom + sanoat

Siyosatshunos shuningdek, past haq to‘lanuvchi ishchi kuchi, harakatchanlik, mehnatga yo‘naltirilgan mentalitet, amaliy intizomni ta’kidlaydi. Ashimboyevning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent Turkiston viloyatining sobiq markazi Olma-otaga qaraganda ancha rivojlangan shahar bo‘lgan.

“Agar bir paytlar bizning xomashyo sanoat korxonalarimiz ko‘proq rivojlangan bo‘lsa, qo‘shnilarimiz to‘qsoninchi yillarning o‘rtalarida avtomobilsozlik sanoati borasida tajribaga ega edi”, deydi siyosatshunos.

Davlat tomonidan tartibga solish 

Ashimbayev, shuningdek, juda qattiq va kuchli davlat boshqaruvini ham muhim deb hisoblaydi.

“Prezident Mirziyoyev iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha ko‘rgan choralari, O‘zbekiston va Qozog‘istonni taqqoslaganda, Toshkentga katta afzalliklarni berdi. Shu bilan birga, texnik jihatdan ko‘proq tayyorlangan, mobil ishchi kuchi, barqaror qonunchilik, islohotlar ketma-ketligi bizga yetishmayotgan hamma narsani O‘zbekistonga berdi”, deydi qozog‘istonlik ekspert Ashimbayev.

Diniy ekstremizmga qarshi kurash

“Katta xorijiy investorlarni qo‘rqitishi mumkin bo‘lgan omil bu – diniy ekstremizm. O‘zbekistonda esa diniy ekstrimizm Andijon voqealaridan keyin, hatto Karimov davrida ham ancha qattiq bostirilgan. Hozir esa avvalgidan ham kuchli. O‘zbekiston bu xavfni juda qattiq nazorat qiladi”, deydi siyosatshunos. 

Uning fikricha, Qozog‘iston va O‘zbekistonning bir-biridan farq qiluvchi afzalliklariga qarab, nima uchun eng yirik transmilliy korporatsiyalar O‘zbekistonni tanlaganini tushunish qiyin emas.

“Qonunchilik, mentalitet, korrupsiyaga qarshi choralar, ish kuchining sifati va narxi ... Nima uchun O‘zbekiston ustunlikka ega ekani ma’lum. Agar sarmoyadorlar qo‘shnilarga borsa, o‘zimizni sochimizga osishimiz emas, balki saboq olishimiz kerak”, deydi Ashimbayev. Shundan so‘ng, ekspert Qozog‘istondagi kamchiliklarga to‘xtalgan.

Qonunchilikning beqarorligi

“Qonunchilik barqarorligi bo‘yicha ham Qozog‘iston maqtana olmaydi. Soliq kodeksiga tuzatishlar deyarli har hafta kiritiladi. Besh yil ichida Tadbirkorlik kodeksiga qirq martalab o‘zgartirish kiritildi. Qonunchilik doimiy ravishda o‘zgarib bormoqda. Bundan tashqari, xorijiy reyting agentliklari hujjatlarida ta’kidlanganidek, Qozog‘iston qonunchiligi, ayniqsa fiskal, teskari yo‘nalishda o‘zgarishga moyil. Ya’ni, normalarni 2021 yildan emas, balki, masalan, 2018 yildan boshlab kiritib yuboradi”, deya qo‘shimcha qilgan ekspert.

Shuningdek siyosatshunos, xomashyoga asoslangan emas, balki ko‘proq texnologik sohada ishlaydigan investorlar qonunchilik tartibi barqarorroq bo‘lgan mamlakatda ishlashni afzal ko‘rishini ta’kidlagan. 

“Hozir O‘zbekistonning yorqin kelajagi borasida katta gapirib bo‘lmaydi. Ammo biz shuni ko‘rib turibmizki, Prezident Mirziyoyev Karimov o‘ragan jilovni sekin bo‘shatib, o‘z mamlakatini yuqori texnologiyalar, qayta ishlash sanoati va ijod sohasida ishlaydigan investorlar uchun yanada jozibador qilyapti”, deydi qozog‘istonlik ekspert.

U shuningdek, Qozog‘istonning eksperti asosan xomashyoga asoslanganini tanqid ostiga olgan. 

“Muammo shundaki, biz xomashyoga qaramligimizdan xalos bo‘lmadik. Qozog‘istonda xomashyoni hisobga olmasak eksport past... Kim chet elga eksport qilinadigan tarkibida xomashyo bo‘lmagan kamida o‘nta tovarni yoddan noma-nom sanab bera oladi, oziq-ovqat sanoatidan tashqari? Barmoq bilan sanaladigan darajada. To‘g‘ri, bizda Stepnogorskda “podshipniklar” ishlab chiqaradigan zavod, Kentauda transformator zavodi, Taldiqo‘rg‘onda akkumulyator zavodi va Olma-otada ham bitta zavod bor, ammo oxirgisidan tashqari, bu zavodlarning barchasi uzoq Sovet davrlariga borib taqaladi”, deydi siyosatshunos.

Ashimbayevning so‘zlariga ko‘ra, agar Qozog‘istonda 90-yillarning o‘rtalarida ishlab chiqarish quvvatlari sonini esga olinsa, hozir ulardan asar ham yo‘q.

“Bu mashinasozlik, yengil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlariga taalluqlidir. Qozog‘iston shunday total deindustrializatsiya qildi. Hozir ko‘plab fabrikalar savdo markazlariga aylanib, o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Masalan, ADK. Ushbu savdo markazini hamma biladi, ammo uning Olma-ota uy qurish kombinati bo‘lganini hech kim bilmaydi”, deydi siyosatshunos.

Ashimbayev yirik xorijiy investorlar Qozog‘istonga kelmasligining uchta asosiy sababini aytib o‘tdi.

Birinchidan, korrupsiya, samarasiz rejalashtirish, yomon ijro va nazoratning yetishmasligi. Rejalar doimo o‘zgarib turadi. Davlat dasturlariga jiddiy o‘zgarishlar kiritilaveradi.

Ikkinchidan, ularni amalga oshirish uchun mas’ul vazirliklarni qayta tashkil etish, o‘yin qoidalari va soliq qonunchiligini o‘zgartirish tinimsiz davom etmoqda.

Uchinchidan, davlat dasturi samaradorligi ustidan qat’iy nazorat deyarli mavjud emas. Hisob qo‘mitasi har yili milliardlab qoidabuzarliklarni qayd etmoqda, ammo xulosa qilinmaydi.

Davlat har bir sohada samarasiz ish olib borsa, chuqur ildiz otgan korrupsiyaga qarshi kurashga qaramay, biror bir natija qilishi qiyin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

451

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing