Nega bu pullar kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda? – Prezident Qibrayda 3,5 dollarga sotilgan yer haqida gapirdi

Jamiyat

image

Davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish borasida 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida 3,5 mln dollarga yer sotilishi bilan bog‘liq voqeani eslab, bu pullar davlat g‘aznasiga emas, kimningdir cho‘ntagiga tushayotgani hammani o‘ylantirishi kerakligi haqida gapirdi.

"Joylarda yerlarni auksionga chiqarish orqali joriy yilda bor-yo‘g‘i 400 milliard so‘m tushumni ta’minlash rejasi mutlaqo qoniqarsiz.

Birgina misol: Toshkent viloyatida 14 gektar yer uchastkasi 3,5 million dollarga noqonuniy yo‘llar bilan sotilgani hamma rahbarlarni o‘ylantirishi kerak. Nimaga bu pullar davlatga emas, kimlarningdir cho‘ntagiga tushmoqda?
  
Tasavvur qiling, davlat qanchadan-qancha pullarni yo‘qotmoqda! Bu pulga qancha maktab, qancha bog‘cha va yo‘l qurish mumkin edi. Nega shuni hokimlar o‘ylamaydi? 

Vaholanki, ushbu viloyatda o‘tgan yil davomida yer uchastkalarini sotishdan atigi 18 milliard so‘m mablag‘ tushgan. Bu bozor narxida nari borsa 5-10 gektar yerning narxi", dedi davlat rahbari yig‘ilishda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning dekabr oyida noqonuniy yer savdosi bilan shug‘ullangan Toshkent viloyati investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi qo‘lga olingandi. 

Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi xodimi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning norasmiy egasi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumani hududida joylashgan mazkur MCHJga tegishli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 13,7 gektar unumdor yer maydonini xaridorga 3 mln 425 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan.

Xabarga ko‘ra, huquq tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, boshqarma xodimi va MCHJning norasmiy egasi so‘ralgan puldan 500 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

362

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing