“Nega bizni yolg‘onchiga chiqarasizlar?” Parlamentda UzAutoMotors ustidan janjal chiqdi
Jamiyat
−
20 dekabr 2022
37737O‘zbekiston parlamenti siz o‘ylaganchalik pinakka ketadigan yoki pashsha qo‘rib o‘tiraladigan joy emas. U yerda ham goh-gohida tortishuvlar, munozaralar bo‘lib turadi. Faqat tortishuvlarning qahramonlari ko‘pincha takrorlanadi. U yo Qodirov, yo Kusherboyev, yo G‘aniyev...
Kecha, 19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida O‘zLiDEP deputati Doniyor G‘aniyev va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi.
Yig‘ilish doirasida 2023 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi bilan bo‘lishgan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetovning ayrim fikrlariga deputat G‘aniyev qo‘shimcha izoh so‘ragan.
“Ma’ruzangizda aytilishicha, xarajatlardan biri – xorij mamlakatlariga eksport qilinayotgan avtomobil sanoat korxonalarining transport xarajatlariga sarflanishini aytib o‘tdingiz. Lekin, bizga berilgan tushuntirish xatida ko‘rishimiz mumkinki, bu transport xarajati emas, utilizatsiya xarajatlariga ekan. Ya’ni, avtomobil eksport qilingan mamlakatlardagi tariflar bo‘yicha hisoblangan utilizatsiya yig‘imlarini qoplab berish uchun qo‘shimcha 225 mlrd so‘m ajratish ilgari suralyapti”, deya Ishmetovning nutqiga shubha bildirdi deputat.
Shuningdek, u Moliya vaziridan “og‘izdagisi qog‘ozdagisiga to‘g‘ri kelmayotgan” gaplari bo‘yicha tushuntirish berishini so‘radi.
“Hozirgi iqtisodiy holat fiskal xarajatlarimizni tartibga solishni, optimallashtirishni talab etyapti. Chunki iqtisodiy o‘sish yil boshidagiday emas. Qolaversa, asosiy eksport qiladigan mahsulotlarimizning narxi tushgan. Geosiyosiy vaziyatni hammamiz bilib turibmiz. Xarajatlarimizni optimallashtirish talab etilayotgan bir vaziyatda, eksport bilan shug‘ullanayotgan ikkita monopol kompaniyani subsidiya bilan qo‘llab-quvvatlayapmiz. Eng yomoni, bu mablag‘lar bilan eksport amalga oshirilayotgan davlatlar aholisining cho‘ntagiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul solib qo‘yyapmiz. Ya’ni, utilizatsiya yig‘imini qoplab berish orqali eksportga yo‘naltirilayotgan avtomobilning rossiyalik yoki belaruslik xaridor uchun arzon bo‘lishini ta’minlayapmiz. Hozirgi vaziyatimizda bu qanchalik ustuvor va to‘g‘ri?Yil
boshida vaziyatimiz boshqa edi, prognozlarimiz boshqa edi. Shuning uchun 100 mlrd ajratishga o‘zimiz rozi bo‘lgandik. Lekin yuqorida aytdim, hozir vaziyatimiz boshqacha. Boshqa sohalardagi xarajatlarni qisqartirayotgan paytimizda, to‘g‘ridan to‘g‘ri monopol qorxonanining xorijdagi mijozi sotib oladigan mashinasi narxining arzon bo‘lishi uchun 225 mlrd yana qo‘shimcha subsidiya berishimiz qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?” deya Timur Ishmetovga yuzlandi G‘aniyev.
Mamlakat Moliya vaziri esa “bizga transport xarajatlarini qoplash uchun, deb tushuntirish berishgandi. Bu savolga “O‘zavtosanoat” vakillari javob berishi kerak”, deya javob berish vazifasini o‘z zimmasidan soqit qildi.
Ammo, Ishmetovni aldagan “O‘zavtosanoat” vakillari majlisda ishtirok etmayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ular onlayn maydonda ham ko‘rinish bermadi. Natijada deputatning o‘tkir savoliga javob berish mas’uliyatini Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘z bo‘yniga olishga majbur bo‘ldi.
Biroq, u ham deputatlarni noto‘g‘ri talqin qilish va noto‘g‘ri tushunishda ayblashdan nariga o‘tolmadi.
“Bu narsaga aniqlik kiritmoqchi edim. Ijtimoiy tarmoqlarda ham sal noto‘g‘ri talqinlar chiqib ketdi. Fraksiyalar yig‘ilishida bu savolga javob berilgan. Bu yerda utilizatsiya bo‘yicha yig‘im qaytarib berilmayapti, balki 2020, 2021 va 2022 yillarda mamlakatimiz eksportyorlarining (nafaqat avtomobil eksportyorlari) transport xarajatlarini kompensatsiya qilish nazarda tutilgan va uning manbasi utilizatsiyadan tushadigan pullar sifatida ko‘rsatilgan. Bu ijtimoiy nuqtayi nazardan qanchalik adolatli deyapsiz? Bu yerda “O‘zavtosanoat” haqida gap ketmayapti. Shu narsaga aniqlik kiritishimiz kerak.
Hozirgi kecha-kunduzda qarashimiz kerakki, dengizga chiqish imkoniyati mavjud bo‘lgan qo‘shni mamlakatlarimiz ham, biz bilan raqobatlashadigan bozorlarda o‘z eksportyorlariga transport bo‘yicha subsidiyalar beryapti. Bu pul mablag‘lari faqat 2022 yil uchun emas, balki oldingi yillar uchun ham yig‘ilib kelgan. “O‘zavtosanoat” buncha mablag‘ni qaytarib olish darajasidagi eksportni amalga oshirmagan va oshirish qobiliyatiga ham ega emas”, dedi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari.
Moliya vaziri esa “O‘zavtosanoat” vakillari majlisda qatnashmayotgani boisidan ulardan bu bo‘yicha yozma tushuntirish olishga va’da berdi. Lekin, deputat Doniyor G‘aniyev ularning javobi va va’dasidan qoniqmay, keskin e’tiroz bildirdi.
“Meni bu javob bilan yolg‘onchiga aylantirishyapti. Istasangiz tushuntirish xatini o‘qib berishim mumkin. Bu yerda “eksport qilinadigan mamlakatlarda mahalliy avtomobil sanoati korxonalari tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imi xarajatlariga davlat byudjetidan mablag‘ ajratish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga – 224,5 mlrd so‘m”, deyilgan, hech qanaqa transport xarajati, hech qanaqa tekstil yoki boshqa sohadagi eksportyorlar haqida gap ketmayapti.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bor, qo‘shni bo‘lmagan mamlakatga eksport amalga oshirilsa 50 foizgacha, GSP doirasida Yevropaga eksport amalga oshiriladigan bo‘lsa, 70 foizgacha transport xarajatlarini subsidiya qiladi. Bu umuman boshqa jamg‘arma. Qolaversa, fraksiyada sizning hamkasbingiz UzAutoMotors'ga 137,5 mlrd so‘m, SamAuto'ga 87 mlrd so‘m berilayotganini aytdilar. Siz hozir meni yolg‘onchi qilyapsiz, men vazir imzo qo‘ygan tushuntirish xatidan o‘qib beryapman. O‘zingizning hamkasbingiz bergan javobdan kelib chiqib, savol beryapman. Qanaqasiga boshqa talqindagi javob bilan, bu yerda o‘tirganlarni chalg‘ityapsizlar?
Hamma o‘qishni biladi, nima kerak bor bunaqa yolg‘onning? Undan ko‘ra to‘g‘ri javobini bera qolinglar. Nima keragi bor, jamoatchilikning oldida bizni noto‘g‘ri tushunganday qilib ko‘rsatishni? Beramiz denglar, bizning e’tirozimiz yo‘q. Baribir berasizlar. Faqat bugungi kunda bu qanchalik to‘g‘ri, degan fikrni so‘rayapmiz, xolos. Yolg‘on ma’lumotlar bilan gapni aylantirishning keragi yo‘q”, dedi G‘aniyev.
Ilhom Norqulov esa yana tushunmovchilik bo‘lganini aytib, masala bo‘yicha yolg‘on gapirmayotganini bildirdi.
“Men yana tushuntirish berib o‘tmoqchiman. Boshidan aytdim sizga, bu yerda sal noto‘g‘ri tushunish bo‘lgan. Bu narsani biz ham ichkarida muhokama qildik va buni Moliya vazirligi hamda tegishli korxonalar bilan gaplashib oldik. Sizga aniqlashtirilgan javobni beryapmiz, agar rozi bo‘lsangiz, bu bo‘yicha yana uchrashuv qilib, qo‘shimcha ma’lumot beramiz”, dedi Norqulov.
Ma’lumot uchun, 2022 yilgi davlat byudjeti xarajatlarini 2 trillion so‘mga oshirishga oid qonun loyihasi Qonunchilik palatasida atigi 2 soat ichida birdaniga uchta o‘qishdan o‘tkazilib, qabul qilindi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa o‘tgan yillardan farqli o‘laroq bu yil Hisob palatasining 2023 yil byudjeti bo‘yicha Byudjetnoma xulosasi ham ochiqlanmaganini tanqid ostiga olgan.
Shuningdek, u o‘zining Telegram sahifasida “Juda katta tezlikda ketyapmiz. Faqat qayerga noma’lum, savol beradiganlar yo yo‘q, yo eshitilmayapti”, deya fikr qoldirgan.
LiveBarchasi