Nega ba’zi davlat shifoxonalarida narxlar xususiy klinikadan qimmat? Musayev javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi ba’zi davlat tibbiyot muassasalarida xizmatlar xususiy klinikalardan 2 baravar qimmat. Joriy yilning 11 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati”da deputatlar Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevdan shu masalada izoh talab qildi.

Qonunchilik palatasi deputati J. Abdurasulov davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat narxlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan tasdiqlanishini ta’kidlab, Bolalar milliy tibbiyot markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan ba’zi xizmatlar narxi (koyka, laborator tekshiruvlar, UZI va boshqa tahlillar) xususiy klinikalar narxlaridan 2 barobar qimmat ekaniga e’tibor qaratgan. 

“Vaholanki, tumanlardan yo‘llanma (order) bilan kelgan bemorlarga bepul xizmat ko‘rsatilsa-da, ushbu xizmatlar davlat byudjetidan qoplab beriladi. Mazkur narxlarning hisoblab chiqarilishi uchun asos bormi? Narxlarning ustidan kim nazorat olib boradi?”, degan deputat.

Vazir Musayev bu savolga javob berib, idora sug‘urta orqali qoplash tizimida tajriba orttirayotganini aytib o‘tdi.

“Masalaning ichiga kirib chuqur tahlil qilganingiz uchun rahmat. Biz sug‘urta tizimi orqali qoplash tizimida tajriba orttiryapmiz. Bu bo‘yicha davlat sug‘urta jamg‘armasining bir qator vazirlik va idoralardan iborat boshqaruv kengashi bor. Bir oy avval yig‘ilganimizda bir qancha xarajatlarni optimallashtirishga kelishib oldik. Men siz aytgan misollarga yana qo‘shimcha qilmoqchiman.

Misol uchun, urologiya markazida davolash protokoli bo‘yicha statsionarda davolanish muddati 12 kun deb belgilangan. Hozirgi kunda jahon amaliyoti bo‘yicha urologiya yangi tibbiy texnologiyalar yordamida operatsiya qilinib, uch kundan ortiq davolanishga hojat qolmayapti. Bir narsani aytmoqchimanki, Bolalar milliy tibbiyot markazi bugungi kunda 50 foizi davlat byudjetidan, 50 foizi “xozraschyot” hisobidan faoliyat olib bormoqda. Siz aytgan ta’riflarni o‘zim uchun belgilab oldim.”, degan Musayev.

Hukumat a’zosi belgilangan ta’riflarni nafaqat Bolalar milliy tibbiyot markazida, balki boshqa tibbiyot muassasalarida ham ishchi guruhlar tuzib, optimallashtirish, soddalashtirish va xarajatlarni qisqartirish imkoniyatlari o‘rganlishini qo‘shimcha qilgan.

"Natijada, davlat sug‘urta jamg‘armasiga ajratilgan 556 mlrd byudjet mablag‘idan imtiyozli guruhga kiruvchi kasallarni ko‘proq davolash imkoniyatiga ega bo‘lamiz", deydi Musayev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

202

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing