Nazarboyevning jiyani hibsga olindi
Olam
−
13 mart 2022
14653Qozog‘istonning Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati xodimlari respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldiulini davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda gumon qilib, hibsga oldi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan “Qozoqtelekom” aksiyadorlik jamiyatining o‘z lavozim vakolatlarini suiiste’mol qilish va o‘ta yirik miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan Qayrat Satibaldiuli vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda Qayrat Satibaldiulining davlat xavfsizligiga putur yetkazuvchi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilyapti.
Ma’lumot uchun, “Qozoqtelekom” AJ Qozog‘istondagi eng yirik telekommunikatsiya operatori hisoblanadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Qayrat Satibaldiulining “Alatau Capital Invest” kompaniyasi 2016 yilda “Qozoqtelekom”ning 3,4 foiz ulushini sotib olgan.
Qayrat Satibaldiuli 1970 yilda tug‘ilgan. O‘tgan yillar davomida u Milliy xavfsizlik qo‘mitasida, hukmron “Nur Otan” (hozirgi “Amanat” partiyasi) partiyasida ishlagan, tadbirkorlik bilan ham shug‘ullangan.
LiveBarchasi