Nazarboyevning ukasi To‘qayev ochgan fondga 1 mlrd tenge o‘tkazdi
Olam
−
10 fevral 2022
8128Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyev asos solgan “Saliqali ұrpaq” (“Salikali Urpaq”) xayriya jamg‘armasi “Qazaqstan xalqina” (“Qozog‘iston xalqiga”) ijtimoiy jamg‘armasiga 1 milliard tenge (2 million 343 ming 495 dollar) o‘tkazdi.
Xayriya miqdori haqida “Salikali Urpaq” jamg‘armasi saytida ma’lum qilingan.
“Salikali Urpaq” jamg‘armasi jamoasi va rahbariyati nomidan fojiali yanvar qurbonlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Mamlakat uchun bunday og‘ir damda biz davlat rahbari atrofida birlashib, Qozog‘iston xalqiga yordam berishimiz kerak”, degan fond direktori Qosim Kasabekov.
Tashkilot saytida ta’kidlanganishicha, “Salikali Urpaq” jamg‘armasi 2016 yilda ish boshlagan. Besh yillik ishlar davomida ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida umumiy qiymati 1 milliard tengedan ortiq xayriya loyihalari amalga oshirildi.
Jamg‘arma Nursulton Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyev tashabbusi bilan tashkil etilgan. Jamg‘arma saytida aytilishicha, Bolat Nazarboyev “1997 yildan beri “BN Invest” shaxsiy moliyaviy-sanoat xoldingini boshqarib keladi”.
“Qozog‘iston xalqiga” jamg‘armasi
“Qozog‘iston xalqiga” jamg‘armasi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tashabbusi bilan 2022 yil yanvar oyi boshida ro‘y bergan fojiali voqealardan so‘ng, tashkil etilgan. Jamg‘armaning asosiy maqsadi – sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida xayriya yordami.
LiveBarchasi