Nazarboyev o‘zining nomi o‘chirilayotgan Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun ovoz berdi
Olam
−
05 iyun 2022
7540Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bugun, 5 iyun kuni bo‘lib o‘tayotgan referendumda mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish uchun ovoz berdi. Bu haqda Elboshi Nursulton Nazarboyevning saytida xabar qilindi.
“Nursulton Nazarboyev umumxalq referendumida Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ovoz berdi”, deyiladi xabarda.
Asosiy qonunga kiritiladigan o‘zgartishlar viloyatlar, respublika ahamiyatiga molik shaharlar va poytaxtning kamida uchdan ikki qismida, ya’ni 17 ta viloyatdan 12 tasida fuqarolarning yarmidan ko‘pi ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi. Saylov uchastkalari soat 20:00 da yopiladi. Ovoz berish kuni jami 10 mingdan ortiq saylov uchastkasi, jumladan, 52 ta xorijiy davlatda 65 ta saylov uchastkasi ishlaydi. Saylov ro‘yxatiga 11,7 milliondan ortiq qozog‘istonliklar kiritilgan, respublika aholisi esa 19,1 million kishidan ortiq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 aprel kuni mamlakat Prezidenti Qosim Jomart To‘qayev Qozog‘iston Xalq Assambleyasi sessiyasida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qilgandi. O‘zgartishlarga muvofiq, davlat rahbarining vakolatlari qisqartiriladi, parlament va mahalliy vakillik organlarining roli sezilarli darajada mustahkamlanadi, inson huquqlari sohasi tizimli ravishda mustahkamlanadi, Konstitutsiyaviy sud qayta tuziladi, o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha yakuniy qarorga kelinadi va mamlakatning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyevning maqomi haqidagi qoidalar chiqarib tashlanadi.
LiveBarchasi