Nazarboyev muhim lavozimdan ketdi. Uning vakolatlari kimga qoladi?
Olam
−
28 aprel 2021
11525Bugun, 28 aprel kuni Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat Xalq assambleyasi raisi lavozimidan ketganini e’lon qildi.
“Ma’lumki, Elboshi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, men Qozog‘iston Xalq assambleyasini (QXA) umrbod boshqarish huquqiga egaman. Buni rad etmayman va men doimo siz bilan birga bo‘laman. Ammo mamlakatning bir qator vakolatlari Prezidentga berilgan. QXA amaldagi Prezidentning yonida tayanch sifatida turishi kerak. O‘z navbatida, Davlat rahbari ham QXAga suyanadi”, deydi Nazarboyev.
Elboshi, shuningdek, ushbu institut doirasidagi vakolatlarini kimga topshirganini ma’lum qilgan.
“Men QXAni boshqarish huquqini To‘qayevga berishga qaror qildim”, deydi Nazarboyev.
Elboshi prezidentlik muddati 2019 yil 19 martda tugaganini eslab o‘tgan.
“Men rahbariyat o‘zgarishi, yangi odamlar kelishi, yangi vazifalar bo‘lishi kerak deb hisoblardim. Hokimiyatning davomiyligi masalasi 2019 yilda konstitutsiyaviy yo‘l bilan hal qilindi. Hayot bu qadamning to‘g‘riligini tasdiqladi. Men o‘zim yaxshi tanigan, ko‘p yillar birga ishlagan odamni tanladim. Eng muhimi, u ushbu qiyin ishga bilimi, tajribasi va hayoti bilan tayyor edi. Bugun bu tanlov to‘g‘ri bo‘lgani tasdiqlandi”, deydi Elboshi.
Nazarboyev, shuningdek, “yo‘lda davom etmoqchi” ekanini ma’lum qilgan.
“Men shu bilan to‘xtab qolishni istamayman. Bu men uchun ham jiddiy qadam.Chunki 1995 yildan beri men Assambleyaning boshida turib, unga rahbarlik qildim. Biz jahon inqirozlari, qiyinchiliklar orqali qiyin yo‘lni bosib o‘tdik. Mening siyosatimni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlagani uchun assambleyaning barcha a’zolariga rahmat. Bu, ochig‘i, men uchun juda muhim edi: dadil ishlashim, o‘zimga bo‘lgan ishonchim va boshqa hamma narsada”, deya qo‘shimcha qilgan Nazarboyev.
Qozog‘iston xalqlari assambleyasi tarixi
Nursulton Nazarboyev QXAni yaratish g‘oyasini birinchi marta 1992 yilda aytgan.
1995 yil 1 martdan boshlab Qozog‘iston Xalq assambleyasi davlat rahbari huzuridagi maslahat organi maqomiga ega edi.
2007 yil may oyida QXAga konstitutsiyaviy maqom berildi. U parlament Majlisiga to‘qqiz nafar deputatni saylash huquqini oldi.
Assambleya faoliyati quyidagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan:
- respublikada millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, jamiyatdagi barqarorlikni saqlashga yordam berish;
- davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, Qozog‘iston hududida yashovchi turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shish, ularning ma’naviy va madaniy tiklanishiga va tenglik tamoyili asosida rivojlanishiga ko‘maklashish;
- madaniyatli va demokratik me’yorlarga asoslangan fuqarolarning siyosiy madaniyatini shakllantirish;
- davlat yuritayotgan milliy siyosatda turli xil milliy manfaatlar hisobga olinishini ta’minlash;
- jamiyatda vujudga keladigan ijtimoiy ziddiyatlarni hal qilish yechimlarini izlash.
LiveBarchasi