Gruziyada nimalar bo‘lyapti? Xalq Rossiyaga qarshi namoyishlarga chiqdi
Olam
−
22 iyun 2019
7395Xalqi judayam faol bo‘lgan Gruziya potaxti Tbilisi shahrida 20 iyun kuni minglab kishilar ishtirok etgan namoyish bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar parlament binosiga kirishga urindi. Gruzin politsiyasi miting ishtirokchilariga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz, suv va rezina o‘qlardan foydalandi.
Aksiyalarga Rossiya davlat Dumasi deputati Sergey Gavrilovning Gruziya parlamentida chiqish qilishi sabab bo‘ldi. U Pravoslaviya parlamentlararo assambleyasini (PPA) ochib berdi. Rossiyalik deputat Gruziya parlamenti spikeri kursisiga o‘tirib, rus tilida gapirgan. Bu hol “Yevropa Gruziyasi” va “Yagona milliy harakat” muxolif partiyalarini g‘azablantirdi. Ular minbar yo‘lini to‘sib qo‘yishdi. Gavrilov qo‘riqchilar yordamida mehmonxonaga yetib oldi, keyinroq esa Rossiya delegatsiyasi Gruziyani tark etdi.
Yetakchi “Gruziya orzusi” partiyasi raisi, milliarder Bidzina Ivanishvili, Bosh vazir Mamuka Baxtadze va parlament spikeri Irakliy Kobaxidze okkupant davlat vakili qisqa vaqtga bo‘lsa-da parlament raisining kursisini egallagani uchun rasman kechirim so‘radi. Keyinroq Gavrilov spiker o‘rniga gruziya tomonning taklifi bilan o‘tirganini ma’lum qildi.
Kecha, 21 iyun kuni Tbilisida Gruziya parlamenti oldida yana mitinglar uyushtirildi. 8 mingga yaqin namoyishchi hukumatning iste’foga chiqishi, muddatidan avval umumiy saylov o‘tkazish va avvalgi namoyish vaqtida qo‘lga olingan 300 kishining qo‘yib yuborilishini talab qildi. Ular Rossiyani Gruziya davlatini parokanda qilishda aybladi va PPA sessiyasiga rus delegatlarining kelishini qoraladi. Ba’zilarning ko‘zida avvalgi namoyish vaqtida jarohatlanganlar xotirasi uchun qora bog‘ich bog‘langandi. Namoyishlar vaqtida jarohatlanganlardan biri shifoxonada vafot etgan.
“Qaranglar, bu hukumat bizni nimalar qilyapti! Bu yerda yozilgan 20 foiz, mamlakatimizning 20 foizi Rossiya tomonidan egallanganligini anglatadi. Bu namoyishlar Rossiyani bosqinchi davlat sifatida tan olishga qaratilgan. Qo‘lingni tort bizning mamlakatdan!”, deb fikr bildirgan namoyishchilardan biri.
Ommaviy namoyishlar sababli Gruziyada parlament spikeri Irakliy Kobaxidze iste’fo berdi. Bu haqda “Gruziya orzusi” partiyasi vakili ma’lum qildi va spiker lavozimiga Archila Talakvadze nomzodini taklif qildi.
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ular (tahr. spiker va hukumat rahbari) Rossiya qo‘lida o‘yinchoq bo‘layotganini aytib, namoyishlarning tinchitishga qarshi bo‘ldi. Prezident Rossiyani “dushman va bosqinchi” deb atagan.
Rasmiy Moskva bu holatni Rossiyaga qarshi kuchlarning ikki davlatning yaqinlashuviga qarshi tashviqoti sifatida baholadi. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni Gruziyaga bormaslikka chaqirdi. RF Prezidenti Vladimir Putin Rossiya va Gruziya o‘rtasida aviaqatnovlarni to‘xtatish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, 8 iyuldan ikki davlat o‘rtasida aviaaloqalar to‘xtatiladi.
Voqealar rivojini kuzatamiz. Gruziya xalqi parlament spikerining iste’fosi bilan tinchirmikan yo Rossiyani okkupant davlat deb tan olinishigacha qarshilik ko‘rsatarmikan...
LiveBarchasi