Navoiyni zaharli tutun qopladi
Jamiyat
−
19 iyul 13253 3 daqiqa
Bugun, 19 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy viloyatining Navoiy shahri hududini changsimon tutun qopladi. Bu haqda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, boshqarma tomonidan shaharning tutun bilan qoplangan hududlarida o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida Navoiy shahrida soat 7:00 dan 9:00 ga qadar viloyat Ekologiya boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi hamda “Navoiyazot” AJga qarashli Sanitar laboratoriyasi bilan jamiyat atrofida tahlil ishlari olib borilgan.
Ushbu hududlarda tahlil ishlari olib borilganda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 barobar hamda vodorod sulfid 16,8 barobar me’yordan yuqoriligi aniqlangan.
Bundan tashqari, viloyat Gidrometeorologiya boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi tomonidan olingan tahlillar natijasida 1-kuzatuv posti (Zulfiya ko‘chasi)dan uglerod ikki oksidi 1,04 marotaba, ammiak 1,1 barobar yuqoriligi aniqlangan. 2-kuzatuv posti (Me’morlar ko‘chasi)dan tahlil ishlari olib borilganda ammiak 1,2 barobar yuqoriligi aniqlangan.
“Bugungi kunda “Navoiyazot” AJ hududida tekshiruvlarni o‘tkazish va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga aniqlik kiritish maqsadida Prezident huzuridagi Tadbirkorlik huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vakili bilan kelishilgan holda tekshiruvlarni o‘tkazish maqsadida to‘plangan hujjatlar taqdim etishga tayyorlanmoqda. O‘rganish ishlari yakuni bilan qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
Tarmoqlarda ko‘pchilik ushbu tutun “Navoiyazot” AJ hududidan chiqayotgani haqida yozdi, ammo jamiyat ushbu iddaolarni rad etdi.
“Navoiyazot”ga ko‘ra, ushbu tutun g‘arbiy hududdan (Navoiy xalqaro aeroporti tomondan) havoga ko‘tarilgan hamda changsimon tutun shamol yo‘nalishi bo‘ylab korxona usti va atrofidan o‘tib, keyin butun shaharga tarqalgan.
“Shundan kelib chiqib, fuqarolardan atrof-muhitning ifloslanishida korxonani ayblab, uning nufuziga salbiy ta’sir etadigan va asoslanmagan ayblovlarni qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi korxona xabarida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani “Kofrun” MFYda joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib borgan. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi. 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidlagandi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytgan. Keyinroq esa hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro vafot etgani ma’lum bo‘ldi. 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. 17 sentyabr kuni ham soat 16:00 larda konga qarashli 604-son quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan.
Live
Barchasi