Navoiyda XTB hamda sobiq Turizm va sport boshqarmasi mas’ullari salkam 1,5 mlrdni “tuya qildi”
3-sahifa
−
19 may 2022
5901Navoiy viloyatida xalq ta’limi tizimi uchun sport anjomlarini qimmat narxlarda xarid qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Aniqlanishicha, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va “I.A.” MCHJ moddiy javobgar shaxslari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga zid ravishda 30.07.2021 yildagi shartnomaga asosan 8 turdagi sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘mga qimmat narxlarda xarid qilgan.
Shu kabi, Navoiy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, viloyatning sobiq Turizm va sport bosh boshqarmasi moddiy javobgar shaxslari 2021 yilning dekabr oyida 22 turdagi sport anjomlari haqiqiy bahosidan 598,9 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olgani oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, o‘tgan yilning dekabr oyida 8 nafar o‘quvchining Moskva shahriga Xalqaro musobaqaga borib-kelish xarajatlarini ota-onalar tomonidan to‘lab berilgan bo‘lsa-da, soxta hujjatlar rasmiylashtirilib 80 mln so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi