Navoiyda fuqarodan pora talab qilgan sud-tibbiy eksperti ushlandi
3-sahifa
−
21 aprel 2022
7049Navoiyda fuqarodan 1,5 million so‘m pul talab qilgan oliy toifali sud-tibbiy eksperti ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Gap shundaki, Karmana tumanida yashovchi X.J. ismli shaxs rafiqasi bilan o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shu sabab X.J.ning qaynonasi uning uyida janjal chiqargan. Biroq, murosa qilishni xohlamagan qaynona ehtiyotsizligi oqibatida yiqilib, tan jarohati olgan. Atrofdagi qo‘shnilar voqeaga guvoh bo‘lsa-da, qaynona tan jarohati olishida kuyovini ayblagan.
Shundan so‘ng, profilaktika inspektori voqeani o‘rganib, X.J.ning qaynonasi olgan tan jarohati darajasini aniqlash maqsadida Karmana tumani Sud-tibbiy ekspertiza bo‘limiga olib borgan.
Oliy toifali sud-tibbiy eksperti B.N. esa 1,5 million so‘m pul evaziga qaynonaning jarohatini yengillashtirib ko‘rsatishini, aks holda mazkur holat jinoyat ishi ochishga asos bo‘lishi bilan X.J.ni qo‘rqitgan.
Fuqaro holat yuzasidan viloyat IIB boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat qilgan. So‘ngra, X.J. telefon orqali shifokor bilan suhbatlashib, pulni esa aytilganidek uning qo‘l ostidagi ishchisi 29 yoshli F.D.ga berishini aytgan.
Ekspert-shifokorning xodimi pullarni olayotgan vaqtida huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.
F.D.ning roziligi asosida tezkor tadbir davom ettirilib, shu kunning o‘zida pullar mutaxassis shifokorga yetkazilganida u ham ushlangan.
LiveBarchasi