Navoiyda bayram kunlari o‘qituvchilar majburiy navbatchilikka qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
02 Sentabr 2022
4912Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari bayram kunlarida kuchaytirilgan navbatchilikka jalb etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga tuman Xalq ta’limi bo‘limi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Xatirchi tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 22-umumta’lim maktabida o‘rganish olib borilgan.
Natijada postda keltirilgan faktlar qisman to‘g‘ri ekanligi aniqlangan. Xususan, hudud profilaktika inspektori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bayram kunlari maktablarda tunu kun navbatchilikni joriy etish to‘g‘risida og‘zaki topshiriq berilgan. O‘z navbatida u maktab direktorlariga telefon orqali topshiriqni yetkazgan va ro‘yxat tashlab berishni so‘ragan. Shu tariqa maktablarda 31 avgustidan 5 sentyabrgacha ro‘yxat shakllantirilgan.
“Yuqorida ko‘rsatilgan maktab o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida ro‘yxat shunchaki rasmiyatchilik uchun tuzilgani, birorta o‘qituvchi qayd etilgan kunlarda navbatchilikda turmagani aniqlandi”, deyiladi tuman XTB munosabatida.
Mazkur holatlar yuzasidan maktab blankasidagi xatoliklar to‘liq bartaraf etilib, ushbu xatolikka yo‘l qo‘ygan maktabning CHQBT rahbari N.Ro‘ziyev hamda maktab direktori J.Qarshiyev ogohlantirilgan.
Munosabatda negadir profilaktika inspektorining harakatlariga munosabat bildirilmagan. Qachondan inspektorlar maktab direktorlariga buyruq beradigan, navbatchilik tashkil qiladigan bo‘ldi? Inspektor IIVga, maktab esa XTVga bo‘ysunmaydimi? Ta’limning boshida turganlar o‘z xodimlarini har xil inspektor-u, nazoratchilardan himoya qilolmaydimi?
LiveBarchasi