NATO Bosh kotibi Zelenskiy va Ukraina urushni to‘xtatsa nima bo‘lishini aytdi

Olam

image

Agar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni to‘xtatsa, mamlakat mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lmay qoladi. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg DW Conflict Zone dasturida aytib o‘tdi.

“Biz Rossiyaning harakatlariga, u yerda kim bo‘lishidan qat’i nazar, munosabat bildiramiz. Va biz ularni bu urushni to‘xtatishga undashda davom etamiz.Bu urushni boshlagan Prezident Putin edi va aynan u ertaga o‘z qo‘shinlarini olib chiqib, uni tugatishi mumkin. Shuni yodda tutishimiz kerakki, agar Putin va Rossiya urushni to‘xtatsa, tinchlik bo‘ladi. Agar Prezident Zelenskiy va Ukraina urushni to‘xtatsa, Ukraina mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lishni to‘xtatadi. Va biz bunday bo‘lishini xohlamaymiz. Shuning uchun biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Stoltenberg.

Uning ta’kidlashicha, NATOning eng ustuvor vazifasi Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishdir. Stoltenbergning aytishicha, jang maydonidagi g‘alaba Ukraina Qurolli Kuchlarining xizmati, ammo NATO ko‘magisiz ular bu muvaffaqiyatlarga erisha olmagan bo‘lardi va ruslarni, so‘nggi haftalarda bo‘lgani kabi, ortga surib tashlolmas edi.

Bundan tashqari, Stoltenberg NATOni qo‘rqitish yoki Rossiyaning yadroviy shantajiga ko‘nikishga majburlash mumkin emasligini aytdi. Uning qayd etishicha, Rossiya Federatsiyasi tahdidlari hamkorlarni shantaj qilish va ularni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga majbur qilishni ko‘zlagan.

Shu bilan birga, Bosh kotib Ukrainaga qarshi har qanday yadro qurolini qo‘llash xavfi past ekanligini ta’kidladi. 

“Biroq, uni ehtimoliy qo‘llashning ta’siri va oqibatlari juda katta. Shuning uchun biz bu tavakkalchilikni jiddiy qabul qilishimiz kerak”, dedi u.

Stoltenberg yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, shuning uchun uni hech qachon boshlamaslik kerakligini aytdi. NATO Bosh kotibi Rossiya Federatsiyasining ehtimoliy yadroviy hujumiga alyans qanday javob berishi haqida batafsil ma’lumot bermadi.

“Bu ko‘p jihatdan hujum turiga, vaziyatga, kontekstga bog‘liq bo‘ladi, lekin biz hech qachon potensial raqibga qanday munosabatda bo‘lishimizni bilish imtiyozini bermaymiz. Ular buning jiddiy oqibatlarga olib kelishini bilishadi. Va biz bu xabarni oxirgi haftalarda bir necha bor takrorladik”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing