AQSHning 40-prezidenti Ronald Reygan tomonidan Los Anjelesga “oqizilgan” narkotik moddalar tarixi
Tahlil
−
16 Oktabr
9746XIX asrdagi misli ko‘rilmagan iqtisodiy rivojlanish, paydo bo‘lganiga endigina 100 yil to‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlariga butun qit’a, jumladan Lotin Amerikasi ustidan qattiq nazorat o‘rnatish va mintaqadagi mamlakatlarning siyosiy hayotida “politsiya” rolini o‘ynash imkonini taqdim qildi. Ammo Birinchi va Ikkinchi jahon urushidan keyingi siyosiy sharoit ularga xalqaro maydonda boshqaruv jilovini yanada mahkam tutgan holda endi “politsiyachilik” qilish masshtabini butun dunyo bo‘yicha yoyish uchun sharoit yaratdi. Bu paytga kelib Qo‘shma Shtatlar boshqa mamlakatlarning ishiga burun suqish holatlari odatiy holga aylanib, dunyoning turli qismlarida proksi urushlar qo‘zg‘ash va mavjud hokimiyatlarni ag‘darish Oq uy uchun deyarli kundalik ish darajasiga chiqdi. AQSH siyosiy arxitekturasidan kelib chiqqan holda, albatta bunday siyosiy maqsadlar Kongress va Prezident uyushqoqligida amalga oshirilishi talab etilardi. Lotin Amerikasi va Janubiy-Sharqiy Osiyodagi harbiy amaliyotlar shular jumlasidandir. Ammo qaysidir davlatning ichki siyosatiga aralashish va u yerda iqtidorda turgan elitani boshqa alternativga almashtirish bo‘yicha Kongress va Prezident ma’muriyati bir-birini yoqlamasa, mazkur masala bo‘yicha voqealar rivoji qanday kechishi mumkinligi juda qiziq. 1980 yillarda Ronald Reygan hokimiyat tepasiga kelganda AQSH xuddi shunday o‘ta ziddiyatli va shuning bilan birga qizg‘in siyosiy o‘yinlar girdobida qoldi. Voqea AQSH yerlaridan chamasi 2 ming km uzoqda choylashgan Nikaragua bilan sodir bo‘ldi. 1981 yilda hokimiyatga kelgan Ronald Reygan ushbu davlatdagi yangi elita tobora SSSRga yaqinlashib, Kuba kabi antikapilastik muhitni yaratayotgani tufayli mavjud hukumatni qulatishga kirishadi. Ammo ma’lum vaqtdan so‘ng Kongress Reyganning rejalarini barbod qilgan holda, Nikaraguadagi muxolifatni moliyalashtirish jarayonini bloklaydi va Reygan o‘z maqsadini amalga oshirish yo‘lida byudjetdan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Biroq, shunday bo‘lishiga qaramay, u Nikaragua SSSR etagiga yopishgan ikkinchi Kubaga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak degan fikrida qat’iy turar va o‘z siyosiy rejasini realizatsiya qilish uchun unga yangi moliyaviy oqim suv va havodek zarur edi. Qisqa vaqt ichida shunday moliyaviy oqim manbai topiladi, aniqrog‘i Reygan tomonidan ishlab chiqiladi. Bu rostmanasiga jinoyat hisoblanadigan va o‘ta chirkin siyosiy reja bo‘lsa-da, Reygan bu yo‘ldan foydalanishga qat’iy qaror qiladi.
Nikaraguani qo‘ldan boy berish
1933 yilda Qo‘shma Shtatlar o‘z qurolli kuchlarini Nikaraguadan olib chiqib ketadi va bu yerdagi boshqaruvni o‘zi bilan uzviy aloqada bo‘lgan Somoza oilasiga qoldiradi. Somoza Garsiya boshqaruvi ostidagi harbiy xunta amalda juda zaif va tashqi yordamga ipsiz bog‘langan edi. Somozalar oilasining 3 vakili, ota va keyinchalik uning ikki o‘g‘li 40 yildan ortiq AQSH qo‘llovi ostida mamlakatni idora qildi. Mazkur diktatura yillari qatag‘on, poraxo‘rlik va xalq manfaatlarini suiiste’mol qilish bilan esda qoldi. 1972 yilda poytaxt Managua yaqinidagi kuchli zilzila Somozalar hokimiyatini keskin zaiflashtirdi. Shu yildan boshlab Nikaragua tashqi yordamga mukkasidan ketdi. Bu esa o‘z o‘rnida Somozalarga muxolif bo‘lganlarning jonlanishiga olib keldi. Mamlakatdagi bu muxolifat guruh sandinistlar edi. Guruh o‘z nomini 1930 yillarda AQSH okkupatsiyasiga qarshi kurashgan Augusto Sesar Sandinodan olgan bo‘lib, uzoq yillardan buyon Samozalarga qarshi sirtdan kurashib kelardi. Ijtimoiy kayfiyat yomonlasha boshlagan 1972 yildan boshlab, to 1978 yilgacha sandinist partizanlari va Samozani himoya qiluvchi Nikaragua Milliy gvardiyasi o‘rtasida keskin to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Keskinlashuvning ortishi va boz ustiga 1978 yilda muxolifat gazetasi muharriri Pedro Xoakin Chamorroning o‘ldirilishi vaziyatni tubdan izdan chiqardi. Qo‘shma Shtatlar kichik Somozani bir necha bor muxolifatdagi kuchlar bilan konsensusga chaqirdi, ammo bundan hech bir naf chiqmadi. Nikaraguadagi siyosiy beqarorlik AQSH siyosiy doiralarining manfaatlariga to‘g‘ri kelmas, Somoza hokimiyatining turgan-bitgani ortiqcha xarajat edi. 1979 yilda Qo‘shma Shtatlar Somozani qistovga olishni boshladi va o‘z talablarini bajarmaganligi tufayli Nikaraguaga kirib keladigan barcha xorijiy yordam paketlarini to‘xtatdi. O‘sha yilning yozida AQSH prezidenti Jimmi Karter nomidan davlat kotibi Sayrus Vens Somozaga maktub yo‘llab, hokimiyatni muxolifatga tinch yo‘l bilan topshirishini qat’iy talab qiladi. Shuningdek, maktubda Oq uy Somozaga AQSHdan siyosiy boshpana berish kafolatlari ham va’da qilingandi. Oradan bir oy ham o‘tmay, Somoza Nikaraguani tark etadi, bo‘sh qolgan iqtidor esa darhol sandinistlar tomonidan egallanib, ular zudlik bilan AQSH tomonidan tan olinadi. Qo‘shma Shtatlar sandinistlarning hokimiyat tepasiga kelishini haddan ortiq optimizm bilan qarshi oldi. Rasmiy Vashington guruhning radikal fraksiyalarini jilovlay olishiga va ularni mo‘tadillashtirishiga ishondi. Ammo yakunda barcha taxmin va ishonchlar puchga chiqdi. Sandinistlar hokimiyat tepasiga kelishi bilanoq AQSHdan masofa saqlagan holda sotsialistik lager tomon yuzlandi. Sandinistlar Qo‘shma Shtatlar tomonidan taklif qilingan yordam dasturlarini qabul qilmadi. Buning o‘rniga ular kommunistik dunyo manfaatlarini o‘zida aks ettirib, SSSR va uning Amerika qit’asidagi ittifoqchisi bo‘lgan Kuba tomonga og‘ishdi. Sandinistlar hokimiyatni egallaganidan roppa-rosa bir yil o‘tib, hukumat tarkibini AQSHga qarshi bo‘lgan marksistlar bilan to‘ldira boshladi. Shu paytdan boshlab rasman AQSHning biqinida sotsialistik dunyoning mintaqadagi Kubadan keyingi ikkinchi vakili paydo bo‘ldi. Jimmi Karterning xatosi AQSHga juda qimmatga tushdi. Ammo bu xato ortidagi bosh og‘riqlarning katta qismi hali oldinda edi.
Kongress va Reygan qarama-qarshiliklari
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tez orada Nigaraguadagi siyosiy o‘zgarishlar haqida juda salbiy ehtimollarni bashorat qila boshladi. Ular agar marksizm tarafdori bo‘lgan sandinistlar mintaqada mustahkam o‘rnashib, siyosiy maydonda muvaffaqiyat qozongudek bo‘lsa, bu Markaziy va Shimoliy Amerikaning boshqa davlatlariga eksport qilinishidan jiddiy xavotirlanardi. Basharti shunday hodisa ro‘y beradigan bo‘lsa, bu mintaqadagi AQSH gegemonligi va uning ta’siri hamda G‘arb manfaatlariga raxna solishi turgan gap edi. Nikaragua atrofidagi vaziyat jiddiylashib borayotgan paytda AQSHdagi yuqori rasmiy doiralar mazkur mamlakat ustida keskin qaror qabul qilishni boshladi. 1981 yilning aprelida AQSHning yangi saylangan prezidenti Ronald Reygan Nikaraguani barcha moliyaviy yordamlardan uzdi. Bu ham yetmaganidek, uni iqtisodiy sanksiyalar bilan izolyatsiyalash orqali yangi hukumatni tang ahvolda qoldirishni ham ko‘zladi. Ammo bu sandinistlarni to‘xtatish uchun yetarli bo‘lmadi va Reyganni yanada keskin qadamlar tashlashga majburladi. Yil oxiriga borib Ronald Reygan ma’muriyati Nikaragua masalasida yanada agressivlashdi. 1981 yilning dekabr oyi boshlarida Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Keysiga Nikaragua hukumatiga qarshi maxsus operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha maxfiy buyruq berildi. Mamlakatni 2 yil oldin tark etgan Samoza oilasining uzoq yillik himoyachisi bo‘lgan Milliy gvardiya tuzilmasi xodimlaridan tashkil etilgan Kontras guruhi bunda AQSHning asosiy tayanchiga aylandi. Shunday qilib, Oq uy Nikaraguadagi anti-sandinist kayfiyatdagi Kontrasni to‘liq shakllantirish bilan birga uni moliyaviy va texnikaviy tomondan qo‘llab-quvvatlay boshladi. Dastlab Kontras inqilobdan keyin sandinistlar tomonidan ag‘darilgan sobiq Somoza rejimining respublika gvardiyasi a’zolaridangina tashkil topgan bo‘lsa, keyinchalik, Markaziy razvedka boshqarmasining sa’y-harakatlari tufayli guruh yollanma partizanlar bilan to‘ldirildi va MRB tomonidan maxsus tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Ammo bu paytda Nikaraguadagi qonuniy hokimiyat ham o‘z armiyasini shakllantirar, uning safi esa borgan sari kengayib borardi. Bu esa ko‘p ehtimol Sovet Ittifoqining yashirin ko‘magi orqali ro‘y berayotgan, Reyganning esa bunga ishonchi komil edi. AQSH 1981 yilda Kontrasni tayyorlash va qurollantirish uchun zudlik bilan 50 000, ya’ni hozirgi hisobda taxminan 170 000 dollar mablag‘ ajratdi. 1982 yilda Kontraslar Nikaraguadagi bir qancha strategik ob’ektlarni portlatish yo‘li bilan yo‘q qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa sandinistlarni iqtisodiy tang ahvolda qoldirish orqali ularni zaiflashtirish edi. Ammo bu harakat aks ta’sir ko‘rsatdi va qiyin sharoitlarda sandinistlarni sovetlarga yanada yaqinlashtirdi. Nikaragauda proksi isyonchi guruhni qo‘llash orqali hukumatni tiz cho‘ktirish borasida Reygan tomonidan ishlab chiqilgan reja deyarli ish bermayotgandi. 1982 yil oxiriga borib, AQSH prezidenti uchun vaziyat yanada murakkablashdi. Kongress Reygan ma’muriyatining sandinistlarga qarshi siyosatiga shubha bilan qaradi. AQSH qonunchilari bu ish ortidagi siyosiy beqarorlik hidini sezishdi. Ular Markaziy razvedkaning Nikaraguadagi operatsiyasidan ko‘zlangan asl maqsad sandinistlar hukumatini ag‘darish ekanligi haqidagi qat’iy to‘xtamga kelishdi. Kongress 1983 yilgi byudjet taqsimoti orqali Kontrasni moliyalashga xalal beradi. Ammo Reygan jamoasi Nikaraguadagi oppozitsiyani qo‘llashda davom etib, Lotin Amerikasi va Yevropa hukumatlarini ham bunga jalb qila boshladi. AQSH bu orqali Kuba va Sovet Ittifoqining Nikaraguadagi ta’sirini yo‘qqa chiqarishda muhim rol o‘ynashiga umid qildi. 1983 yilda esa Reygan va AQSH razvedkasi Kontrasning isyonchilik ruhini jonlantirish maqsadida uni harbiy amaliyotlarga o‘rgatishni jadallashtirdi. AQSH razvedka xizmati MRB Kontras uchun ikkita maxsus qo‘llanma ishlab chiqdi. Birinchi yo‘riqnoma 15 betdan iborat bo‘lib, guruh lagerlaridagi isyonchilarga tarqatiladi. Unda asosan ikki bosqichli harakatlar taktikasi haqida tushuncha berilgandi. Jumladan, sandinistlar hukumatiga muammo tug‘diradigan fuqarolik urushlarini qanday qilib qo‘zg‘ash hamda Molotov kokteyli kabi qo‘lbola qurollarni yaratish, instruksiya va yoqilg‘i zaxiralariga o‘t qo‘yish kabi qo‘poruvchilik harakatlari batafsil tushuntiriladi. Ikkinchi qo‘llanmada esa sandinistlar amaldorlariga suiqasd qilish, qo‘zg‘olon va otishma harakatlarini qay yo‘sinda olib borish bo‘yicha ishlanmalar qayd etilgandi. Barcha sa’y-harakatlar Nikaraguada esayotgan kommunizm shamolini daf qilish uchun olib borilar, Reygan bunga erishish uchun bor kuchi bilan harakat qilardi. Ammo 1984 yilga kelib AQSH qonunchilarining bir qator chora-tadbirlaridan so‘ng Kongress Kontrasni moliyalashtirishni mutlaqo noqonuniy qilib qo‘ydi. Bu Reygan uchun navbatdagi to‘siq bo‘lsa-da, uni to‘xtatish uchun yetarli kuchli bo‘lmadi. Ronald Reygan Nikaragua kommunistik dunyo tomonidan silliq tarzda okkupatsiya qilinayotgani va AQSHning yonginasida SSSRning navbatdagi harbiy lageri paydo bo‘layotganiga ich-ichidan ishonardi. Kontrasni moliyalashtirishda davlat byudjetidan mahrum bo‘lgan Reygan boshqa pul oqimlarini qidirdi. Tez orada juda chirkin va noqonuniy bo‘lsa-da shunday manbalardan biri paydo bo‘ldi.
Qora doriga eshik ochgan AQSH
MRB 1984 yilda Kontrasni moliyalashtirish miqdori 20 million dollarga yaqin bo‘lishi va hatto bu jarayonda qo‘shimcha 15 million dollar ham jalb qilinishi mumkin deb hisoblaydi. Endi hech qanday 50 yoki 100 ming dollar emas, balki bir necha 10 millionlik nuqtagacha chiqqan bu summa AQSH Niakaraguada gardkamiga o‘ynashni boshlaganidan dalolat edi. 1984 yil yozida Ronald Reygan, vitse-prezident katta Jorj Bush va milliy xavfsizlik bo‘yicha yana bir qator maslahatchilar Nikaraguadagi isyonchilarni qay yo‘l bilan moliyalashtirish mavzusini muhokama qilishadi. Bu jarayonda Reygan ma’muriyati yashirin harakatlar uchun keng qamrovli tartiblarni ishlab chiqqan holda, mazkur maxfiy faoliyatni amalga oshirishni belgilovchi maxfiy qaror qabul qiladi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Robert Makfarleyn, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari admiral Jon Poyndekster, Milliy xavfsizlik kengashi xodimi polkovnik Oliver Nort va boshqalar Kontralarni moliyalashtirish bo‘yicha noqonuniy operatsiyani olib borishga kirishdi. Kontrasni moliyalashtirishning asosiy manbai sifatida kokain giyohvandlik moddasi savdosiga murojaat qilindi. Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, ular Kontras bilan Janubiy Amerikadan AQSHga kokain olib o‘tish rejasini tuzdilar. Reygan ma’muriyati Kontras tomonidan kokain savdosiga ko‘z yumdi va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchilarni huquq-tartibot idoralaridan himoya qildi. Reygan jamoasi a’zosi bo‘lgan Milliy xavfsizlik tizimidagi amaldor Oliver Nort kokain kontrabandasining rahnamosiga aylandi. Nikaraguaga qurol-yarog‘ olib o‘tgan Amerika samolyotlari qaytishda o‘zi bilan kokain olib qaytishni yo‘lga qo‘yadi. Kokain bilan to‘ldirilgan samolyotlar AQSH hududiga kirishi bilan Markaziy razvedka boshqarmasi va Milliy xavfsizlik tizimiga tegishli bo‘lgan angarlarga ya’ni uchoqlar uchun texnik xizmatlar ko‘rsatuvchi ob’ektlarga qo‘nadi. AQSHga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan giyohvandlik moddalari o‘sha paytdagi ma’lum va mashhur narkobaron Riki Ross orqali ichki bozorga sizdiriladi. Hukumat aralashgan mazkur qora dori savdosi asosan Los-Anjelesdagi eng kambag‘al hududlardagi giyohvandlarga sotiladi. O‘sha paytdagi hukumat va Riki Ross jinoiy klani o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha ko‘rilgan foyda haqida hayratlanarli summalar ochiqlanadi. Unga ko‘ra, Rossning kokain imperiyasi Los-Anjelesda 24 soat ichida 3 million dollargacha savdo qilgan kunlari ham bo‘lgan. Yakunda esa Reygan va narkobaronning jinoiy sherikchilik amaliyotidan umumiy hisobda 300 million dollar mablag‘ yig‘iladi. Bu bugungi kurs bo‘yicha 1 millard dollardan ortiq pul deganidir. Jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mazkur millionlar Nikaraguadagi Kontras isyonchilariga jo‘natilish orqali Reyganning siyosiy ambitsiyalari uchun sarflanadi. Tez orada bir qancha AQSH rasmiy doiralari mamlakatda urchib ketgan giyohvandlik moddalar savdosida Kontrasning izlari borligini payqaydi. Ammo uning ortida prezident turgani hali hech kimning xayolida ham yo‘q edi. Bunga asosan ikkita omilni sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Birinchidan, Kontrasni qurollantirish uchun tuzilgan Reygan boshchiligidagi bu jinoiy reja juda tor doiralarda, barmoq bilan sanarli insonlar orasida ishlab chiqilgandi. Shu sababli Markaziy razvedka xizmati mazkur kontrabandada asosiy ijrochi bo‘lsa-da, MRBning barcha qatlami ham bundan xabardor bo‘lmaganlik ehtimoli yuqori edi. Ikkinchidan, Reyganda kokain kontrabandasi voqealaridan oldin allaqachon himoya shlemi mavjud edi. Xususan, u 1982 yilda noqonuniy giyohvand moddalarni AQSH milliy xavfsizligiga jiddiy tahdid deb e’lon qilib, o‘z ma’muriyatining taqiqlangan moddalar oqimini to‘xtatish qarori juda qat’iy ekanini ochiqlagandi. Shu bilan birga, Reygan ma’muriyati giyohvand moddalarga qarshi qattiq qonunlarni qabul qildi. Bu esa kokain atrofidagi har qanday munosabatlar uchun jazo choralarini bir necha o‘n barobarga kuchaytirdi. Prezidentning mazkur tashabbusi unga qora dori savdosiga qarshi qalqon obrazini taqdim qildi. Ammo bu yerdagi paradoks shuki, Reyganning kokain savdosiga qarshi ochgan urushi, uning bu savdoni qo‘llab-quvvatlashi bilan bir davrda parallel tarzda davom etardi. Eng qizig‘i Reygan Nikaragua masalasiga shu qadar sho‘ng‘ib ketganidan Kontrasni qurol va boshqa yordam bilan ta’minlash uchun boshqa pul oqimlarini ham ko‘rib chiqish darajasigacha chiqadi. 1985 yilda uning bu masalada o‘ng qo‘liga aylangan Uilyam Keysi hatto AQSHning ashaddiy dushmaniga aylangan Eronga Amerika qurollarini sotish va bu pulni Kongressni chetlab o‘tgan holda Kontrasni moliyalashtirish uchun ishlatishga qaror qildi. Kokain kontrabandasi esa Reyganning prezidentlik mandati tugagunga qadar uzluksiz davom ettirildi. Rikki Rossdan keyin ular boshqa kanallarning xizmatidan ham foydalandi. Prezident va MRB tandemi 1989 yilga qadar bu jinoiy harakatlarni davom ettirdi va Nikaraguadagi isyonchilarni tish-tirnog‘igacha qurollantirishni kanda qilmadi. Yakunda uning rejasi ma’lum ma’noda ish berdi. 1990 yilda Reygan Oq uyni tark etganidan bir yil o‘tib, urush va iqtisodiy depressiyadan toliqqan va asosiy hamkori bo‘lgan SSSR falajlanib jon taslim qilayotgan mahal sandinistlar saylovlardagi mag‘lubiyat bilan Nikaragua boshqaruvidan chekindi.
Reygan jinoyat izlarining fosh etilishi
90 yillarning boshida Ronald Reyganning jinoiy hamkori, taniqli narkobaron Rikki Ross hibsga olinib, sud tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ammo sud atrofidagi tergov jarayonlarida barcha haqiqatlar birin-ketin ochiqlana boshladi. Rossning advokatlari u tomonidan Los Anjeles ko‘chalarida sotilgan kokain Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan yetkazib berilganini ma’lum qiladi. O‘z o‘rnida Markaziy razvedka boshqarmasi bosh inspektori Maykl Bromvich Reygan ma’muriyati o‘sha paytda giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha federal tekshiruvlarga to‘sqinlik qilgani haqida guvohlik bergandi. Reygan davrida qit’a bo‘yicha tarqatilgan gumanitar yordamlarni yetkazib berishda ishtirok etgan bir nechta kontragent korporatsiyalar tekshirildi. Dalillar esa bu jarayonda Kontrasning izlari borligi va ularning AQSH razvedkasi bilan birgalikda olib kirgan qora dorilari Los-Anjeles ko‘chalarida tarqatilganligiga ishora qiladi. 1996 yilda “Mercury News” nashrining jurnalisti Garri Uebb "Dark Alliance" ya’ni “qorong‘u ittifoq” deb nomlanuvchi seriyali maqolalar to‘plamini chop etdi. Maqolalarda 1980-yillar davomida nikaragualik qora dori savdogarlari Los-Anjelesda kokainning ulkan partiyalarini qanday qilib bemalol sotgani va bunga Markaziy razvedka boshqarmasi nega ko‘z yumgani haqidagi sirlar batafsil yoziladi. Shuningdek, jurnalist Garri Uebb bu jarayonda Reygan ma’muriyati narkotik dilerlarni ta’qibdan qanday himoya qilgani ham qo‘shimcha qilingandi. Uebbning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi narkodillerga mamlakatga katta miqdorda giyohvand moddalarni olib kirishga ruxsat bergan, chunki olingan daromad Reygan tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Kontrasni moliyalashtirishga sarflangan. Uebbning maqolalari AQSH hukumati tomonidan salbiy qarshi olinadi, chunki bunday iflos ish dunyo miqyosida Vashington obro‘sini yer bilan bitta qilishi tayin edi. Oradan ko‘p o‘tmay Garri Uebb “Mercury News” bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Eng qizig‘i u erkinlik, xususan so‘z erkinligi namunasi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarda o‘zining mazkur maqolalaridan keyin matbuot sohasida boshqa ko‘rinish bermadi. Garri Uebb o‘z sohasida ish topolmadi, barcha eshiklar u uchun yopildi. 2004 yilda u boshidan ikkita o‘q jarohati bilan o‘lik holda topildi. O‘limning rasmiy sababi esa o‘z joniga qasd qilish deya qayd etildi. Uebbning oilasi uning ruhiyatida sodir bo‘lgan tushkunlik va uzoq vaqt ish topa olmasligi, uni o‘z joniga qasd qilishga undaganiga ishonchi komil edi va ular buni tasdiqlashdi. Aslida esa siyosiy doiralarning bosimi ostida hayoti izdan chiqarilgan Garri Uebbning o‘lim hukmi u tomonidan yozilgan Reygan va AQSH razvedkasining jinoyatlari fosh etilgan maqolalarida o‘qib bo‘lingandi. Ammo achinarlisi shundaki, “qorong‘i ittifoq” ya’ni AQSHdagi noqonuniy kokain savdosining tashkilotchi va ijrochilari, jumladan, Ronald Reygan va uning gumashtalari suvdan quruq chiqdi. Hatto ularning bu masaladagi eng yaqin hamkori, 1996 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Rikki Ross ham 2009 yilda ozodlikka chiqarildi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr