“Narxoz”da talabani TTJdan haydagan tarbiyachi ishdan bo‘shatildi
Jamiyat
−
24 noyabr 2021 11488 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalar turar joyi tarbiyachisi kechikib kelgan talabani kechki vaqtda haydab yuborgani haqida xabar tarqalgandi. Universitet Matbuot xizmati holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berib, tarbiyachi pedagog Jo‘rabek Boltayev lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 23 noyabr kuni tarbiyachi pedagog Jo‘rabek Boltayev soat 22:00 dan keyin talabalar turar joyiga (TTJ) kechikib kelgan talabalar bilan o‘z vakolati doirasida tushuntirish ishlarini olib borayotgan vaqtda Raqamli iqtisodiyot fakultetining 4-kurs talabasi Nurmurod Mamanov bilan o‘zaro gap talashib qolgan. Natijada talaba universitet TTJdan chiqib ketgan.
Ushbu voqeadan xabar topgan Yoshlar ishlari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Sadirdin Xudoyqulov, Raqamli iqtisodiyot fakulteti dekani o‘rinbosari Davlatjon Begmatov, uchastka noziri Mirlaziz Mirkomilov, universitet ichki qo‘riqlash xizmati xodimi Ortiq Norqo‘ziyev, tarbiyachi pedagog Abduqahhor Qudratxo‘jayev, Yoshlar agentligi vakillari zudlik bilan talabalar turar joyiga yetib kelishgan. Bo‘lib o‘tgan voqea o‘rganilib, talabani TTJga olib kelib joylashtirilgan.
“Tortishuvning asosiy sababi sifatida qayd etilgan 200 ming so‘m, talabaning o‘tgan yilgi talabalar turar joyida yashaganligi uchun qarzdorlik bo‘lib, ushbu pul mablag‘i universitet hisobidan qoplangan, vaholanki, asosiy muammo talabaning TTJga kechikib kelishi bilan bog‘liq bo‘lib, to‘lov haqida munozara bo‘lmagan. Bundan tashqari, Nurmurod Mamanov yashagan ijara xonadonining sotilgani bois joysiz qolgani va talabalar turar joyida o‘rinlar cheklanganligi sababli 10 kunga yaqin Raqamli iqtisodiyot fakulteti dekani o‘rinbosari D. Begmatovning uyida yashaydi. Oziq-ovqat bilan taminlanadi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Dekan o‘rinbosari D. Begmatovning turar joyi torlik qilganligi uchun Universitet qo‘shimcha imkoniyatidan kelib chiqib, yangi talabalar turar joyi ishga tushirilgani munosabati bilan N. Mamanov bo‘shagan xonalarga joylashtirilgan, hozirda order olish jarayonida bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu voqeadan so‘ng, tarbiyachi pedagog Jo‘rabek Boltayev o‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilgani uchun lavozimidan ozod qilingan. Talaba Nurmurod Mamanovga o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan mas’ul xodimlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, o‘zaro munosabatlarda noo‘rin hatti-harakatlar sodir etmaslik bo‘yicha tushuntirish berildi.
Live
Barchasi