Namoyishlar avj olgan Shri-Lanka Prezidenti mamlakatdan “quyon” bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 13 iyul kuni Shri-Lanka Prezidenti Gotabaya Rajapaksa harbiy samolyotda mamlakatdan qochib ketdi. U 9 iyul kuni Kolombodagi rasmiy qarorgohiga olomon bostirib kirishi ortidan iste’foga chiqishini e’lon qilgandi.

Mamlakat harbiy-havo kuchlari Prezident rafiqasi va ikki xavfsizlik xodimi bilan Maldiv orollariga uchganini tasdiqlagan. 

Hozir mamlakatda Bosh vazir Ranil Vikremesinge Prezident vazifasini bajarmoqda.

Shri-Lankada bir necha oydan beri narxlarning ko‘tarilishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetishmasligi sabab norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgandi. Kundalik tovarlar keskin qimmatlashib, inflyatsiya darajasi 50 foizdan ko‘tarilib ketgandi.

Shuningdek, mamlakatda valyuta zaxiralari deyarli tugagani sababli boshqa davlatlardan tovar sotib olish uchun yetarli mablag‘ qolmagandi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar ham odatiy holga aylanib qolgan. Dori-darmon yetishmasligi sog‘liqni saqlash tizimini inqiroz yoqasiga olib kelgan.

Qolaversa, avtobus, poyezd va tibbiy transport kabi muhim xizmatlar uchun yoqilg‘i yetishmovchiligi jiddiy tus olgan. Maktablar yopilgan va odamlardan resurslarni tejashga yordam berish uchun uydan ishlashlari so‘ralgan.

Shri-Lanka may oyida o‘ziga kerakli tovarlarni xorijdan xarid qila olmagani bilan birga, tarixida birinchi marta tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmay, bankrotlikka uchradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hukumatining 51 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bor, uning 6,5 milliard dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi va ikki davlat qarzni qanday qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. G7 davlatlari Shri-Lankaning qarz to‘lovlarini kamaytirishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Shri-Lanka hukumati, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan 3 milliard dollar ajratish borasida muzokaralar olib bormoqda.

Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Hindiston qo‘shnisiga kamida 1,9 milliard dollar kredit taklif qilgan.

Muhayyoxon Habibullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

173

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing