Namanganda IIB xodimlari qurilish ishchisini kuch ishlatib olib ketdi
Jamiyat
−
16 yanvar 2021
8415Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Namanganda IIB xodimlari jismoniy kuch ishlatib, kurash usullarini qo‘llagan fuqaro tadbirkor emas, balki qurilishda ishlayotgan ishchi ekani aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
2020 yilning 17 dekabr kuni soat 13:00 da 48 yoshli T.I. Namangan shahar “Soxil” MFY hududida joylashgan qurilish ob’ektida ishchi sifatida ishlayotgan vaqtida Namangan viloyati hokimligi ishchi guruhi tarkibida noqonuniy qurib olingan binolarni buzish jarayonida ishtirok etayotgan 28 yoshli X.U. bilan og‘zaki tortishib, uni shaharsozlik norma talablariga zid ravishda noqonuniy qurilayotgan binoni buzish haqidagi talabiga bo‘ysunmasdan, uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, qo‘li bilan yuziga urib, tan jarohati yetkazgani aniqlangan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida, fuqaro X.U. ning badanida aniqlangan jarohatlari “o‘rtacha og‘ir” tan jarohatlari ekani ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan 2020 yilning 29 dekabr kuni Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xabarga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib boriladigan surishtiruv harakatlari davomida janjalda ishtirok etgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi Qonunining 22-moddasida Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qanday hollarda jismoniy kuch ishlatilishiga ruxsat berilgani belgilab qo‘yilgan.
Agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, u quyidagi hollarda shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi:
- jinoyatlarga va ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;
- jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;
- ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun;
- Ichki ishlar organi xodimi ushbu Qonunda maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.
LiveBarchasi