Namanganda aqidaparastlarga qo‘shilib, xorijga qochishga uringan shaxs qamaldi
3-sahifa
−
19 may 2022
5939Namanganda Telegram orqali diniy aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan shaxs 4 yilga qamaldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro J.A. Telegram messenjeri orqali Rossiya Federatsiyasida ishlaydigan “Shuhrat” ismli shaxs bilan tanishib, diniy mavzularda o‘zaro yozishmalarni amalga oshiradi.
Yangi tanishi esa unga xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan “Abu-Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning audio, video ma’ruzalarini yubora boshlagan.
Natijada J.A. Telegram messenjerida kanal ochib, uning a’zolariga aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan elektron kitoblar, foto, audio, video materiallarni targ‘ib qiladi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida J.A. huquq-tartibot idoralariga chaqirtirilib, uning mobil aloqa vositasi tekshirib ko‘rish maqsadida olib qolinadi.
So‘ngra J.A. eski telefoni orqali “Shuhrat” bilan bog‘lanib, bo‘lgan voqeani aytganida, “Shuhrat” huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni qo‘lga olishi mumkinligini aytib, zudlik bilan Qozog‘istonga chiqib ketishi kerakligini bildiradi. Shundan keyin J.A. Toshkent viloyatiga borib, “G‘isht-ko‘prik” xalqaro o‘tkazish punktidan Qozog‘iston Respublikasiga o‘tishni reja qiladi. Ammo, xorijga chiqish pasporti yo‘qligi bois, uning rejasi amalga oshmaydi.
So‘ngra “Shuhrat” bilan qayta bog‘lanib, undan Farg‘ona viloyatining Quva tumaniga borish hamda u yerdan aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonga o‘tib ketish topshirig‘ini oladi. Shuningdek, “Shuhrat” unga Qirg‘izistonga chiqish yo‘llarini ham o‘rgatadi.
Oxir-oqibat J.A. “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan vaqtida qo‘lga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasiga ko‘ra, J.A. tomonidan Telegram messenjeri orqali tarqatilgan materiallardagi ma’lumotlar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Uning sodir etgan noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgan va jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan J.A.ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi