Namanganda hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Namangan viloyati Pop tumani hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi yordamchisi 1000 AQSH dollari pora olayotganida qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, hokim yordamchisi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaroga 49 yil muddatga dehqon xo‘jaligi bilan shug‘ullanish uchun ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini o‘zining mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib, uning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan. 

Maxsus xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi oldindan 1000 AQSH dollarini o‘zining tanishi orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan. 

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda Davlat kadastrlari palatasining Pop tuman filiali ishchisi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni o‘zining mansabdor tanishlari orqali shaxsiy mulk sifatida fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSH dollari va 4,8 mln so‘m olgan vaqtida xodimlar tomonidan ushlangan.

Hozirda kadastr ishchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 80 dona telefonni hech qanday tekshiruv va bojxona to‘lovlarisiz chegaradan o‘tkazib yuborish evaziga 5000 AQSH dollari talab qilgan bojxona posti rahbari ushlangan edi.

 


Maqola muallifi

Teglar

pora Namangan hokim yordamchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing