Nafrat, tushkunlik, ishonchsizlik... Kultepaga aylangan Germaniya urushdan keyin qanday yuksaldi?

Tahlil

image

“Biz afrikalik qabila emasmiz, mag‘rur yevropalik millatmiz. Dunyo bilib qo‘yishi kerakki, taslim bo‘lgan nemis xalqi emas, Germaniya armiyasi edi”.

GFR birinchi kansleri Konrad Adenauer

Ikkinchi jahon urushi Germaniyaga juda qimmatga tushdi. Urushdan so‘ng, Olmoniyaning ahvoli achinarli holatda edi. Ayniqsa, Berlin shahri tanib bo‘lmaydigan darajada vayronaga aylandi. Davlat qarzi 1938 yil oxirida 27,2 mlrd nemis markasini tashkil etgan bo‘lsa, urushning oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 377,3 mlrd markaga yetdi. Ustiga ustak, 1949 yilga kelganda mamlakat ikki qism GFR (Germaniya Federativ Respublikasi) va GDR (Germaniya Demokratik Respublikasi)ga bo‘linib ketdi. Bunday og‘ir vaziyatda nemis xalqi yuksak iroda va jonkuyarlik namoyish eta oldi. Tez orada, Germaniya iqtisodi urushdan oldingi darajadan ham o‘sib ketdi. 1960 yilga kelganda, GFR rivojlanish bo‘yicha AQSHdan keyin ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bu iqtisodiy o‘sish tarixda “german mo‘’jizasi”, deb nom oldi. 

Galdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda Germaniyaning urushdan keyingi ahvoli, mamlakatning ikkiga bo‘linib ketishi hamda “german mo‘’jizasi” haqida ma’lumot beramiz.

Ikkinchi jahon urushining Germaniya uchun oqibatlari

1939 yil 1 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushini boshlagan Germaniya, 1945 yil 9 may kuni mag‘lub bo‘lganini tan oldi. Ittifoqdosh mamlakatlar aviatsiyasi tomonidan Gamburg, Drezden, Berlin, Myunxen, Nyurnberg, Kassel kabi yuzlab shaharlar vayronaga aylantirildi. Sanoat ishlab chiqarish urushdan oldingi darajaning uchdan bir qismiga tushib ketdi.   Mamlakatniig transport tuzulmasi va energiya tizimi butunlay ishdan chiqqan edi. Davlat qarzi 1938 yil oxirida 27,2 mlrd nemis markadan 1945 yil mayiga kelib 377,3 mlrd markaga yetdi. Inflyatsiya urushdan oldingi davrga nisbatan 600% ni tashkil etdi. Sharqiy Prussiyaning SSSRga berilishi oqibatida, u yerdagi 9 mlndan ortiq nemislar Germaniya ichkarisiga ko‘chiriladi. Bu hol uy-joy muammosini yanada keskinlashtirib yubordi. Ko‘chalar boshpanasiz qolgan odamlarga to‘lib ketdi. O‘sha yilli qish qattiq kelib, minglab insonlarning yostig‘ini quritdi. Nemis xalqini ichki tushkunlik, nafrat va kelajakka ishonchsizlik kayfiyati chulg‘ab olgan edi. Halokat yoqasiga kelib qolgan Germaniyani qutqarib qolish uchun tezkor va qat’iy choralar ko‘rish lozim edi.

Germaniyaning to‘rtga bo‘linishi

Taslim bo‘lgan nemis xalqining taqdiri, urush tugamasdan turib, 1945 yil 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan “Postdam” konferensiyasida uzil-kesil hal etilgan edi. Urushdan so‘ng, Germaniya o‘z mustaqilligidan ayrildi. Uning hududi to‘rt buyuk davlat (AQSH, SSSR, Buyuk Britaniya, Fransiya) tomonidan o‘zaro bo‘lib olindi. Xususan, Sovet Ittifoqi Germaniyaning sharqiy qisimidagi Saksoniya, Halle-Merseburg, Magdeburg, Anhalt, Tyuringen, Brandenburg, Meklenburg va G‘arbiy Pomeraniya hududlarini o‘z boshqaruviga oldi. 

Buyuk Britaniyaga esa Reynning shimoliy qismi, Vestfaliya, Gannover, Braunshvayg, Oldenburg, Shaumburg-Lipp yerlari bo‘lib berildi. AQSH bo‘lsa janubi-g‘arbda joylashgan Bavariya, Gessen, Badenning shimoliy qismi va Vyurtembergning shimoliy qismidagi o‘lkalarga egalik qila boshladi. 

Germaniyaning g‘arbini ishg‘ol qilgan Fransiyaga, Vyurtemberg, Baden, Reyn va Pfaltsning janubiy qismidagi yerlar berildi. Kelishuvga ko‘ra, bu hududlarda har bir davlat o‘z hukumatini o‘rnatdi. Bundan tashqari, Odergacha bo‘lgan hudud va G‘arbiy Neysse Polshaga, Sudet viloyati Chexoslavakiyaga qaytarildi.

Okkupatsiya davri

Ikkinchi jahon urushida SSSRning g‘alaba qozonishi uning Jahon mamlakatlari oldidagi obro‘yini keskin ko‘tarib yuboradi. Shu sababli, Germaniyaning sharqida kommunistik davlat tuzish tarafdorlari ko‘paya boshladi. Sovet hukumati 1945 yilda to‘rtta partiyaga Germaniya hududida faoliyat olib borishga ruxsat berdi. Bular – Germaniya kommunistik partiyasi (GKP), Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP), Xristian demokratik syuzi (XDS), Germaniya liberal-demokratik partiyasi (GLDP).

Germaniya sotsial-demokratik partiyasining rahbariyati kommunistlar bilan qo‘shilish va yagona Germaniya so‘l partiyasini tuzish tarafdori edi. 1946 yilning aprel oyida ikki partiyaning birlashuv s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Yangi partiya “Germaniya birlashgan sotsialistik partiyasi” deb nomlandi. Uning dasturida ekspluatatsiyaga, zulmga, qashshoqlik va ishsizlikka barham berish hamda imperializm tahdididan xalos bo‘lgan sotsialistik davlat qurish o‘z ifodasini topgan edi.

Ikkinchi jahon urushi yakunlangach, Germaniyaning g‘arbida Xristian demokratik harakatining birlashuvi ro‘y bera boshladi. G‘arbdagi Germaniya Xristian demokratik partiyasiga sobiq Kelin shahri meri Konrad Adenauer boshchilik qila boshladi. Adenauer XDSning kommunistik yo‘nalishini taqiqlab, ham nastistik, ham marksistik g‘oyalarni qattiq qoraladi. Konrad Adenauer  g‘arb sivilizatsiyasi asosida Germaniyaning buyukligini tiklashni orzu qildi. 

Berlin inqirozi 

1946 yil “Sovuq urush”ning boshlanishi Germaniya taqdiriga ta’sir etmay qolmadi. “Potsdam” konferensiyasi qarorlari bajarilmadi. Germaniya muammosi AQSH va SSSR manfaatlari keskin to‘qnashgan muammoga aylandi. Bu to‘qnashuv Germaniyaning bo‘linib ketishini muqarrar qilib qo‘ydi. Yangi sharoitda AQSH Germaniyani G‘arbning ishonchli tayanchiga aylantirishga intildi.
 
1947 yilning mart-aprel oylarida Moskvada g‘olib davlatlar o‘rtasida o‘zaro yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Unda AQSH delegatsiya vakillari Sovet hukumatidan Germaniyadan tovon undirishni to‘xtatishini va olmonlarga iqtisodini tiklashga imkon berish lozimligini aytishadi. Ammo, bunga Moskva rozi bo‘lmaydi. Bu esa ikki o‘rtadagi munosabatlarni keskinlashtiradi. Bunga javoban G‘arbiy Garmaniyada pul islohoti o‘tkaziladi. Reyxs marka o‘rniga yangi nemis markasi joriy etildi. G‘arbiy okkupatsiya zonasida yashayotgan aholining har biriga eski 60 markani yangi 60 markaga aylantirishga ruxsat beriladi. Bundan g‘azablangan Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin g‘arbiy Berlinni qamal qilishga buyruq beradi. Bunday vaziyatdan foydalangan AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya 1949 yilning aprel oyida Vashington shahrida G‘arbiy Germaniyada mavjud 9 ta zemel (o‘lka)dan iborat bo‘lgan Germaniya Fedrativ Respublikasini tuzish to‘g‘risida o‘zaro kelishib oladilar.

1949 yilning avgust oyida G‘arbiy Germaniyada Bundestag (Germaniya Parlamentining quyi palatasi)ga birinchi saylov o‘tkazildi. Bu saylovda Xristian demokratik partiyasi g‘alaba qozondi. XDI nomzodi 75 yoshli Konrad Adenauer kansler etib saylandi. Adenauer Germaniya kelajagini G‘arb dunyosi bilan uzviy bog‘liq ekanini hammadan ko‘proq va yaxshiroq anglab ish tuta boshladi.

7 sentyabr kuni Bundestag GFRning yangi Konstitutsiyasini tasdiqladi. 1949 yil 21 sentyabr kuni GFRning tashkil topgani rasman e’lon qilindi. GFR Konstitutsiyasining asosini erkinlik, ijtimoiy javobgarlik, inson huquqlarini himoya qilish, millatni umumiy ijobiy maqsad hamda manfaatlarga ega bo‘lgan haqiqiy ijtimoiy organ, deb e’tirof etish g‘oyasi tashkil qilgan. 


  
Bundan g‘azablangan Sovet hukumati o‘z okkupatsiya zonasida yangi davlat tuzishga zo‘r berib kirishadi. 1949 yil 7 oktyabr kuni Sharqiy Germaniya hududida Sovet namunasidagi sotsialistik Germaniya Demokratik Respublikasi tuzildi. Shu tariqa, GFR AQSH ittifoqchisiga, GDR esa SSSR ittifoqchisiga aylandi. 

GFRning yuksalishi

GFRning yuksalishiga kansler Konrad Adenauer va iqtisod vaziri Lyudving Erxardning qo‘shgan hissasi juda katta bo‘ldi. Adenauer GFR iqtisodini tezkorlik bilan tiklash uchun “Ijtimoiy bozor xo‘jaligi”, deb nomlangan modelni ishlab chiqadi. 

Bu model markazida tadbirkorning shaxsiy tashabbusi va erkin raqobat turar edi. Modelga ko‘ra, davlatning asosiy vazifasi xususiy xo‘jalik sub’ektlarining faoliyat yuritish shaklini belgilab berish va ularga qanchalik amal qilinayotganligi ustidan nazoratni ta’minlashdan iborat edi.

GFR iqtisodiyotining gurkirab rivojlanishiga asosiy sabablardan biri – bu hukumat tanlagan to‘g‘ri yo‘l edi. 

Ikkinchidan, AQSH hukumati va sarmoyadorlari GFRga katta iqtisodiy yordam ko‘rsatdi. Chunonchi, birgina “Marshall rejasi”ga ko‘ra, 1948-1949 yillarda 1,4 mlrd dollar miqdorida yordam ko‘rsatildi. Bu mablag‘ korxonalarni ilg‘or texnika va texnologiyalar bilan qayta ta’minlash imkonini berdi.

Uchinchidan, harbiy xarajatlarning deyarli yo‘qligi iqtisodiyotga zarur mablag‘ sarflashga imkon berdi.

Bu omillar tez orada o‘z samarasini ko‘rsatdi. 1950 yilning oxiriga kelib, sanoat ishlab chiqarish 1936 yilgi darajaga yetdi. 1960 yilga kelib esa 2,5 baravar o‘sdi. 1950—1975 yillarda gaz ishlab chiqarish 60 mln kub metrdan 19,7 mlrd kubometrga, po‘lat 14 mln tonnadan 54 mln tonnaga, avtomobil 306 mingdan 4 mln donaga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligi ham yuksak suratlarda rivojlandi. G‘alla hosildorligi 40 sentnerdan oshdi. 50-yillarning o‘rtalariga kelganda, GFRda oziq-ovqat muammosi to‘la hal etildi.

1950—1964 yillar oralig‘ida jami yalpi ichki mahsulot 3 baravaga o‘sdi. GFR butun Germaniyaning urushdan oldingi darajasidan ko‘p mahsulot ishlab chiqardi. Eksportning importdan doimo yuqori bo‘lishi katta miqdorda valyuta zaxirasi to‘plashga imkon berdi. GFR G‘arb mamlakatlari orasida sanoat mahsulotini ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Katta eksport tufayli Angliya, Fransiya va Shveysariya davlatlarini qo‘shib hisoblaganda, ularning umumiy zaxirasiga teng oltin zaxirasi yaratildi. Germaniya markasi Yevropada eng kuchli pulga aylandi. 50-yillarning oxiriga kelganda mamlakatda ishsizlik amalda yo‘qoldi. Aholining real daromadi uch baravar oshdi.

“German mo‘’jizasi”

“German mo‘’jizasi”ning bir qator omillari mavjud edi. Lyudvig Erxard tanlagan iqtisodiy tizim (bu tizimda liberal bozor mexanizmi davlatning maqsadli soliq va kredit siyosati bilan birga amal qilgan) o‘zining samarali ekanligini isbotladi. Ko‘p yillik bahs-munozaradan so‘ng, mamlakatda monopoliyaga qarshi qonun qabul qilindi. Raqobatni cheklovchi har qanday shartnomalar bekor qilindi. Mamlakatga sarmoya kiritish yo‘lida “Marshall rejasi” asosida yirik moliyaviy fond yaratildi. Urush yillarida vayron qilingan sanoatni tiklashga hamohang ravishda eng yangi texnologiyalarning joriy etilishi va olmon xalqining an’anaviy bo‘lgan yuqori ishlash qobiliyati ham mehnat samaradorligining tez o‘sishiga olib keldi. Yer-mulklar qayta taqsimlandi. Yerning katta qismi yirik yer egalaridan olinib, o‘rta va kichik yer egalariga berildi. 

Uy-joy qurilishi, bepul va imtiyozli ta’lim olish hamda kasbiy tayyorgarlik tizimini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamda ish olib borildi. Bundan tashqari, ishbilarmonlar va ishchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni rag‘batlantirishga katta e’tibor berildi. Hukumat “kapital mehnatsiz, mehnat esa kapitalsiz mavjud bo‘la olmaydi”, degan shiorni o‘rtaga tashladi. 1952 yilda ish haftasiga 52 soatdan 46 soatga tushirildi, oylik maosh esa urushdan oldingi darajadan oshdi. 

Urushda oqibatida kul tepaga aylangan Germaniya, 10 yil muddatda shunday shiddat bilan yuksaldiki, nemis xalqi nimalarga qodir ekanligini dunyo mamlakatlarining ko‘z o‘ngida yana bir bor isbotladi. Faqatgina, 1967 yilda “Yaponiya mo‘’jizasi” “German mo‘’jizasi”dan o‘zib ketdi. 

Kelgusi maqolamizda Yaponiyaning taraqqiy etishi haqida ma’lumot beramiz.

Sardor Ali Nurmatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

336

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing