MYU murabbiyligiga asosiy nomzod kimligi ma’lum qilindi
Sport
−
07 aprel 2022
3926Angliyaning “Manchester Yunayted” jamoasi “Ayaks” ustozi Erik Ten Xagni bosh murabbiy lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda ingliz klubidagi manbalariga tayanib, “Goal” nashri xabar berdi.
Klub manbalarining ta’kidlashicha, keyingi menejerni ishga olish jarayoni hali ham davom etmoqda va hech qanday kelishuv amalga oshmagan. Biroq niderlandiyalik murabbiyni ishga olish variant ustuvor bo‘lib turibdi
“Manchester Yunayted” rahbariyati transfer maqsadlari bo‘yicha yakuniy so‘zni aytish va yangi mavsum boshlanishi oldidan rejalar tuzish uchun imkon qadar tezroq murabbiy topish ilinjida harakat qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Ten Xag uchun “Ayaks”ga to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon puli 1,7 million funt sterlingni tashkil qiladi. “Manchester Yunayted” rahbariyati PSJdan Maurisio Pochettinoni murabbiylik postiga olib keladigan bo‘lsa, uning uchun to‘lanadigan summa 15 million funt sterlingni tashkil qiladi. Shu omilning o‘zi ham “qizil iblislar”ga Ten Xagni boshqaruv postiga olib kelish manfaatli ekanini ko‘rsatmoqda.
“Yunayted” rasmiylari mavsum yakuniga qadar yangi murabbiyni ommaga tanishtirishga umid qilmoqda.
Shuningdek, “qizil iblislar” rahbariyati Erik Ten Xag va Maurisio Pochettinodan tashqari, Xulean Lopategi va Luis Enrike variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy mavsumda “Manchester Yunayted” Angliya Premer ligasida 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 51 ochko jamg‘ardi va musobaqa jadvalining 7-pog‘onasida joylashgan.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi