“My name is Abdurakhman” yoxud Qatarni zabt etgan o‘zbek!
Intervyu
−
22 dekabr 2022
20851Qatar mezbonlik qilgan tarixiy Jahon chempionati dramatik o‘yinlar, shiddatli qarama-qarshiliklar va o‘ziga xos natijalar bilan muxlislar yodida qoldi. Garchi, JCH-2022 O‘zbekiston milliy terma jamoasisiz o‘tgan bo‘lsa ham, har holda mundial o‘zbeklarsiz o‘tmadi. O‘zbekiston muxlislar jamiyati rahbari Abdurahmon Fozilov boshchiligidagi delegatsiya ikkita O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlangan avtomobilda JCH boshlanmasidan avval O‘zbekiston – Qozog‘iston – Ozarbayjon – Eron – BAA - Saudiya Arabistoni va Qatar yo‘nalishida safarga otlangandi. Bu delagatsiya o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygandi va Fozilov jamoasi o‘ylangan rejalarni amalga oshira oldimi?
QALAMPIR.UZ hozirda BAAning Dubay shahrida bo‘lib turgan Abdurahmon Fozilov bilan suhbat qurib, yuqoridagi savollarga javob oldi.
Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Shahzod Shukurov, muxbir: — Nega aynan mashinada O‘zbekistondan Qatarga borish yo‘lini tanladingiz?
Abdurahmon Fozilov, O‘zbekiston muxlislar jamiyati rahbari : — Bu g‘oya menda anchadan beri bor edi. Rossiyada bo‘lib o‘tgan JCHga ham mashinada borganman. Asosiy maqsadim O‘zbekistonni Qatar mundialiga kelgan millionlab muxlislarga har xil flayerlar, futbolkalar va boshqa narsalar orqali targ‘ib qilib, bor kuchimiz bilan vatanimiz haqidagi ma’lumotlari sayyohlarga yetkazish edi. Mashinalarimizda ham O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan va yurtimiz haqida ma’lumot beruvchi internet sahifalari aks etgan.
Sh.Sh.: — Qatarga avtomobilda uzoq yo‘l bosib bordingiz, Jahon chempionati mana shu qiyinchiliklarga arzirli bo‘ldimi?
A.F.: — Qatargacha ham ko‘pgina mamlakatlarda bo‘ldik. Boshqa davlatdagilar ham bizni iliq qarshiladi. Qozog‘iston, Ozarbayjon va Eronda turli xil tadbirlar tashkil qilib, o‘sha mamlakat fuqarolari bilan ko‘rishdik, ularga sovg‘alar berdik, ya’ni JCHgacha bo‘lgan davrda ham katta ko‘lamdagi ishni uddaladik. Keyin BAA orqali Saudiyaga bordik, Saudiyadan esa Qatarga... Dunyoning ko‘pgina taniqli telekanallari aynan siz bergan savolni menga berdi. Nimaga mashinada? Biz bu yo‘lni tanlab katta mashaqqatlarni ortda qoldirdik va JCH biz ko‘rgan qiyinchiliklarga arziydi.
Sh.Sh.: — Mashinada Qatarga borish uchun tez-tez yoqilgig‘i qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Siz tanlagan yo‘nalishdagi davlatlarda yoqilg‘i narxlari qancha? Bu borada O‘zbekiston bilan narxlardagi tafovut qanday?
A.F.: — Bizning mashinamiz dizelda harakatlanadi. Qozog‘istonda dizel narxi taxminan 3000-4000 so‘m atrofida edi. Ozarbayjonda ham taxminan shunday narxni ko‘rdik, lekin Erondagi narxlar hayratda qoldirdi, chunki Eronda 1 litr dizel narxi bizning summada 1000 so‘m edi. Shunday bo‘lsa ham Erondan shu summaga dizel olishning imkoni bo‘lmadi, chunki Eronda qandaydir katta tashkilotlarning kuponlari orqali dizel berilar ekan, istalgan inson kelib mashinasiga dizel quya olmaydi. Xullas, dizel biz uchun ancha qimmatga tushdi. BAAda dizel narxi taxminan 14 000 so‘mni tashkil etdi, Saudiyada esa 2200 so‘mga dizel sotib olish mumkin, lekin yuqorida aytilgan mamlakatlar neft zaxirasi bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlari ekanligini ham inobatga olish kerak.
Sh.Sh.: — Mbappe to‘p kiritganidan so‘ng golini O‘zbekiston bayrog‘i oldida nishonladi va bu surat ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘ldi. Mehnatingiz samarasini ko‘rganingizdan so‘ng nimalarni his qildingiz?
A.F.: — Ochig‘ini aytaman men Mbappeni O‘zbekiston bayrog‘i oldiga borganini ko‘rganim yo‘q. Men bu holatni keyinroq, Instagram orqali bildim. Mbappening ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilari O‘zbekiston aholisidan ikki barobar ko‘proq. U O‘zbekiston bayrog‘i oldida golini nishonlagani tasvirlangan suratni Instagram’ga joylagach, Killianning izohlari O‘zbekiston bayrog‘iga to‘lib ketdi. Mana shu holat uchun ham bosib o‘tgan yo‘limga, ko‘rgan mashaqqatlarimga roziman, chunki butun dunyo bizning bayrog‘imiz haqida gapirdi.
Sh.Sh.: — Bayroqning hajmi, stadionni qaysi qismlarida joylashtirish borasida talab va taqiqlar bo‘lmadimi?
A.F.: — Aslida bu borada talablar boshqacha edi, ya’ni stadionga olib kirilayotgan bayroqning uzunligi 2 metrdan oshmasligi kerak edi, eni esa 1 metrni tashkil etishi lozim, ammo biz yo‘lini qildik. Ta’qiqlar bo‘lsa ham amallab uzunroq bayroqlarimizni ham olib kirdik.
Sh.Sh.: — O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rib, bu qanday mamlakat deb sizga savollar bilan yuzlanishdimi?
A.F.: — 10 yilcha oldin men O‘zbekistondanman desam, xorijliklar “Pokiston! Pokistondanmisiz?” deyishardi. Odamlar urush-janjallar ko‘p bo‘ladigan joylarni yaxshi eslab qoladi. Tinch mamlakatlar haqida ko‘p xabar tarqalmagani bois boshqa davlat fuqarolari salbiy xabarlar chiqmagan mamlakatlar haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘lmaydi. 10 yil avval shunaqa edi, lekin hozir unday emas. Hozir O‘zbekistondanman desam, ko‘pchilik yurtimizning poytaxti Toshkent ekanligini aytib, "Men O‘zbekistonga borganman", deyapti.
Sh.Sh.: — JCH tomosha qilish uchun borgan muxlislarga qanday sharoitlar yaratilgan ekan? Biz hatto ko‘chada qolib ketgan muxlislar haqida xabarlarni o‘qidik. Bu borada sizlar bilan muammo bo‘lmadimi?
A.F.: — Yo‘q, bizda bu borada muammolar bo‘lmadi. Bir joyga borsak albatta imkon qadar muammoli holatlarni oldini olib boramiz. Muxlislar uchun ko‘plab sharoitlar yaratilgan. Qatar yaqinidagi mamlakat fuqarolariga bitta o‘yin ko‘rish uchun aviareyslar tashkil etildi. Men Qatarda JCH juda og‘ir o‘tadi deb o‘ylagandim, ya’ni oldin Qatarga kelganimda bu yerda juda ko‘p tirbandliklar bo‘lardi, ammo bu safar katta tirbandliklar kuzatilmadi. Menimcha, mamlakat hukumati bu bo‘yicha qandaydir qaror yoki loyihani tatbiq qilgan.
Sh.Sh.: — Muammoli holatlar, yo‘lda qolib ketishlar bo‘lganida qaroringizdan afsuslangan paytingiz ham bo‘ldimi?
A.F.: — Men hech qachon tanlagan yo‘limdan qaytmayman va afsuslanmayman, agar tanlagan yo‘lim noto‘g‘riligini bilsam ortga qadam tashlashim mumkin. Men 1999 yilda butun O‘zbekistonni velosipedda aylanib chiqqanman. O‘shanda ortga qaytsammikan degan hayol kelgan, lekin undan keyin birorta safarimda qarorimdan afsuslanish holati bo‘lmagan.
Sh.Sh.: — Abdurahmon aka nechta tilni bilasiz?
A.F.: — Mukammal biladigan tillarim ham bor, uncha yaxshi bilmaydigan tillarim ham bor. Ochig‘i, turkiyzabon mamlakatlar fuqarolari bilan bemalol gaplasha olaman. Yoshlarga maslahatim albatta birorta tilni mukammal o‘rgansin.
Sh.Sh.: — JCHda biletlar bilan bog‘liq muammolarga duch keldingzimi?
A.F.: — Guruh bahslarida biletlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lmadi, ammo 1/4 final, 1/2 final bahslari boshlanishi bilan bilet borasida ham muammolarga duch keldim. Final o‘yinida stadionning markaziy tribunalari bilet narxlari 10 ming dollargacha oshib ketdi.
Sh.Sh.: — JCH vaqtida bo‘lgan qiziqarli holatlar haqida ham gapirib bersangiz...
A.F.: — JCH vaqtida aytarli qiziqarli holat bo‘lmadi. Bu mundialda nima uchundir Braziliya termasining o‘yiniga tushgim kelmadi, ochig‘i 200-300 dollarni Braziliyaning o‘yinidan qizg‘ondim. JCHda esda qolarli holat bo‘lishi uchun, finalda yugurib stadionga tushib ketish hayoli ham keldi, ammo FIFA’ning qoidasi bor, agar men haqiqatdan yugurib stadionga tushganimda FIFA tasnifidagi birorta o‘yinga kiritilmasdim va yana jarima ham to‘lashim kerak bo‘lardi.
Sh.Sh.: — Halifa stadionida butun boshli stadionni oyoqqa turg‘azib, to‘lqin hosil qildingiz...
A.F.: — Birinchi o‘ng tomondan to‘lqin hosil qilishga harakat qildim, Ammo o‘xshamadi. Keyin oxirgi safar chap tomondan to‘lqin hosil qilamiz deb ishqibozlarga yuzlandim va katta to‘qin hosil bo‘ldi. Bu men uchun oddiy ish. Misol uchun, “Paxtakor” yoki “Bunyodkor” stadionida ham bunday ishlarni juda ko‘p marta qilganmiz.
Sh.Sh.: — Qatardagi bitta hudduda butun dunyodagi yuzlab mamlakatlarning bayroqlari bor ekan, lekin u yerda O‘zbekiston bayrog‘i yo‘q edi. O‘sha joyga mamlakatimiz bayrog‘ini ilishga muvaffaq bo‘ldinglarmi?
A.F.: — Afsuski, bu ishni bajara olmadik. Biz u joyga bayroqni ilish uchun juda ko‘p harakat qildik. U yerga faqatgina Qatar mamlakatida elchixonasi bor davlatlarning bayroqlari ilinar ekan. Bu bo‘yicha tashqi ishlar vazirligi bilan gaplashdik, ammo belgilangan qoidalardan chiqish mumkin emas ekan. Xullas, u joyga O‘zbekistonning bayrog‘ini ilish uchun Qatarda yurtimiz elchixonasi ochilishi kerak.
Sh.Sh.: — Final taassurotlari bilan o‘rtoqlashsangiz...
A.F.: — Taassurotlar olam-olam. Bu men ko‘rgan ikkinchi JCH finali hisoblanadi. Finaldagi emotsiyalarni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi…
Sh.Sh.: — 2026 yilgi mundialga ham noodatiy tarzda borib kelish niyati bormi?
A.F.: — Nasib bo‘lsa, O‘zbekston milliy terma jamoasi JCH-2026ga chiqsa Amerikaga mashinada boraman.
Sh.Sh.: — O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng kelgusi rejalar va maqsadlar qanday?
A.F.: — Men o‘zim O‘FAda ishlayman. Odatiy hayot tarzini davom ettiraman.
LiveBarchasi