Mujtabosiz o‘tgan dafn marosimi
Olam
−
14:09 2797 5 daqiqa
Eronning halok bo‘lgan sobiq oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiyning uch o‘g‘li otasini so‘nggi manzilga ko‘z-yoshlar bilan kuzatmoqda. Biroq ular orasida Xomanaiydan keyin oliy rahbarlik lavozimini egallagan o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy yo‘q. U rahbarlik lavozimiga tayinlangandan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. “Mujtabo Xomanaiy tirikmi?” degan savollari hali ham ochiq. Ma’lumotlarga ko‘ra, u otasi o‘ldirilgan hujumda og‘ir shikastlangan. Vidolashuv marosimi Xomanaiy vafot etganidan qariyb besh oy o‘tib tashkil etildi. Tehronda o‘tkazilayotgan motam marosimiga 15 milliondan ortiq kishi tashrif buyurgan. Eronliklar marhum Ali Xomanaiy bilan xayrlashuv marosimi paytida “Amerikaga o‘lim” tiladi. Ayrimlar qo‘lida “Trampni o‘ldiring” yozuvi tushirilgan bayroq ham ko‘tardi. Eronning uchinchi oliy rahbari bo‘lgan Mujtabo Xomanaiy o‘z otasining motam marosimida qatnashmayotgani uning tirikligi haqidagi ko‘plab shubhalarni keltirib chiqarmoqda. Ayrim siyosiy tahlilchilar esa, buni oldindan puxta rejalashtirilgan xavfsizlik chorasi sifatida baholamoqda. Ularning fikricha, Mujtabo Xomanaiyning omma oldida ko‘rinmasligi – Isroil tomonidan ehtimoliy suiqasd xavfi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Eron Xomanaiy bilan vidolashmoqda
Eronda joriy yilning fevral oyida AQSH va Isroilning qo‘shma aviazarbasi oqibatida halok bo‘lgan mamlakatning sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimlari boshlandi. Vidolashuv marosimi u vafot etganidan qariyb besh oy o‘tib tashkil etildi. Dafn marosimini dastlab mart oyida o‘tkazish rejalashtirilgan edi, biroq urush harakatlari va xavfsizlik bilan bog‘liq murakkab vaziyat tufayli u ortga surildi. Tehronda yuz minglab odamlar davlat bayrog‘iga o‘ralgan tobut oldida motam tutmoqda. Marosim ishtirokchilarining ayrimlari Isroil va AQSHga qarshi qasos olishga chaqiruvchi so‘zlar aytgan. Ayrimlar qo‘liga Xomanaiyning surati aks etgan bayroqlarni ko‘tarib “qasos”, “Amerikaga o‘lim” deb baqirgan.
Marosim Tehrondagi Grand Mosalla majmuasida o‘tkazilmoqda. Xomanaiyning tobuti yoniga havo hujumida halok bo‘lgan oila a’zolarining tobutlari ham qo‘yilgan. Shahar bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Marosim ishtirokchilari metall detektor va shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, atrofdagi ko‘chalarda qurollangan politsiya navbatchilik qilmoqda. Ko‘ngillilar esa yozning issiq havosi sabab motam tutuvchilarga suv va ichimliklar tarqatmoqda.
5 iyul kuni Tehronda o‘tkazilgan Xomanaiyning janoza marosimida uning o‘g‘illari ham ishtrok etgan. Davlat telekanallari tarqatgan lavhalarda Mustafo, Maysam va Mas’ud Xomanaiy Tehrondagi Imom Xumayniy nomidagi katta “Musalla” majmuasida qator qo‘yilgan tobutlar ortida duo qilayotgani aks etgan. Biroq ular orasida Xomanaiyning uchinchi o‘g‘li, mamlakatning oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy yo‘q edi. U mart oyida ushbu lavozimga tayinlanganidan beri omma oldiga chiqmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 28-fevraldagi hujum paytida Mujtabo Xomanaiy ham Tehronda, otasi Ali Xomanaiy joylashgan qarorgoh hududida bo‘lgan. Uning rafiqasi, Zahro Haddod Odil va Xomanaiyning ikki qizidan biri – Bushra Xomanaiyning farzandi, Oliy liderning nabirasi Muhammadiy Gulpaygoni ham shu qarorgoh ichida bo‘lgan. Raketa zarbalari oqibatida ularning birortasi ham tirik qolmagan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mujtabo Xomanaiy raketalar zarba berishidan bir necha daqiqa oldin binodan chiqib ketgani sabab omon qolgan. Ammo u og‘ir yaralangan.
5 iyul kuni o‘n minglab motam tutuvchilar, jumladan harbiylar, diniy talabalar hamda oddiy fuqarolar “Musalla” majmuasiga kelib, Xomanaiy va uning oilasi xotirasiga ehtirom bildirgan. Ular AQSH va Isroildan qasos olish haqidagi shiorlar tushirilgan bayroqlarni ko‘tarib chiqqan. Boshqalar esa Eronning birinchi oliy rahbari Ruhulloh Xumayniy nomi bilan atalgan majmuada jamoaviy duolar qilgan.
Shuningdek, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va parlament spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof ham tobutlar ortida janoza namozida ishtirok etgan. Mas’ud Xomanaiy ko‘z yoshlarini falastinliklar bilan hamjihatlik ramzi hisoblangan kufiya ro‘moli bilan artayotgani ko‘ringan.
Qayd etilishicha, markaziy Tehronga minglab odamlar oqib kelmoqda. Ularning ayrimlari yig‘lagan, boshqalari esa ko‘kragiga urib aza tutgan. Eron metropolitenining ma’lumotiga ko‘ra, 5 iyul kechasidan 6 iyul ertalabigacha 7 million yo‘lovchi tashilgan.
Xomanaiyning dafn marosimiga kimlar keldi?
Tehronda bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimda O‘zbekiston nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Ular Eron sobiq oliy rahnamosi marhum Ali Xomanaiy xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Shuningdek, Turkmaniston xalqining Milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham marhumning dafn marosimida ishtirok etgan. Eron Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha shtab rahbari Ali Akbar Purjamshidiyon 30 dan ortiq davlat va 90 dan ziyod mamlakatning diniy peshvolari vidolashuv marosimlarida qatnashishga tayyorligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, marosimda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ishtirok etdi. Xomanaiyning vidolashuv marosimiga kelgan har bir xorijiy delegatsiyaga Qur’on oyatlarini o‘qib berildi.
Putinning maxsus vakili Medvedev va unga hamrohlik qilayotgan delegatsiya ham Eron sobiq rahbari xotirasiga hurmat bajo keltirdi. AQSH va Isroilning hujumlarida Eronni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlagan Isroildagi “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohning oilasi ham motam marosimida qatnashdi. Videolarda ular oliy rahnamo haqqiga yig‘lab duo qilgani ko‘rinadi.
Eron davlat OAVlar xabar berishicha, ertaga, 7 iyul kuni Tehron markazida katta motam yurishi o‘tkaziladi. Shundan keyin, Xomanaiyning jasadi Qum shahriga olib boriladi va 8 iyul kuni u yerda marosimlar davom etadi. Jasad maxsus transport vositasida quruqlik orqali tashiladi. Keyin u Iroqning Najaf va Karbalo shaharlaridagi shia ziyoratgohlariga olib boriladi. 10 iyul kuni esa Mashhad shahrida yana bir motam marosimi o‘tkazilib, Xomanaiy Imom Rizo maqbarasi yaqiniga dafn etiladi.
Live
Barchasi