Mutaassib g‘oyalarni targ‘ibot qilishga hech kimning haqqi yo‘q – Adliya vazirligi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda axloqiy-diniy nuqtai nazarlarni huquqiy munosabatlar predmetiga aylantirishga urinish, ayollarning mashina haydashiga sub’ektiv baho berish, ularning mashg‘ulot turini erkin tanlash huquqini cheklash, ayrim jahon durdonalari sanaladigan san’at asarlarini sotish (foydalanish)ni cheklash, boshqa diniy qarashlarga ishonchsizlik uyg‘otish, hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydiganlarga nisbatan nafrat uyg‘otish, O‘zbekistondagi dunyoviylik prinsipiga monand qonunlar bilan o‘rnatilgan qoidalarni shubha ostiga olish va boshqa shu kabilarni targ‘ib qilish holatlari uchramoqda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bu borada o‘z xavotirini bildirmoqda. 

Vazirlikning QALAMPIR.UZ bergan bayonotida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega.

“Bu shuni anglatadiki, har kim o‘z e’tiqodiga amal qilish yoki qilmaslikda mustaqildir. Har bir shaxs boshqalarning vijdon va e’tiqod erkinligiga ega ekanligini tan olishi shart.

Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari zarur.

Kuzatuvlar ko‘rsatyaptiki, axloqiy-diniy nuqtai nazarlarni huquqiy munosabatlar predmetiga aylantirishga urinish, milliy qadriyatlarimizga zid, insonlarning shaxsiy huquqlarini toptovchi va cheklovchi axborot tashviqotlari olib borish holatlari aniqlandi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Xususan, diniy mavzuda chiqishlar qiladigan va shu sohada faoliyat yuritadigan ayrim shaxslar tomonidan ayollarning mashina haydashiga sub’ektiv baho berish, ularning mashg‘ulot turini erkin tanlash huquqini cheklash, ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini to‘xtatish, ayrim jahon durdonalari sanaladigan san’at asarlarini sotish (foydalanish)ni cheklash, boshqa diniy qarashlarga ishonchsizlik uyg‘otish, hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydiganlarga nisbatan nafrat uyg‘otish, O‘zbekistondagi dunyoviylik prinsipiga monand qonunlar bilan o‘rnatilgan qoidalarni shubha ostiga olish va boshqa shu kabilarni targ‘ib qilish holatlari ham uchramoqda.

Vazirlikka ko‘ra, ayniqsa, jamiyatning muayyan qatlami boshqalarning qarashlari, xatti-harakatlari, turmush-tarziga faqat bitta o‘lcham – o‘zlarining axloqiy-diniy qarashlari mezoni bilan baho berishiga toqat qilib bo‘lmaydi.

Vazirlik Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilganini eslatgan. 

“Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.

Albatta, aholi, ayniqsa, yoshlarni ongiga O‘zbekiston jamiyatining boy tarixiy-ma’naviy qadriyatlarini singdirish maqsadga muvofiq”, deyiladi bayonotda.

Adliya vazirligi tarbiya muhimligini ta’kidlagani holda, bu jarayon inson huquqlari buzilishi, ayniqsa, fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish hisobiga amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etadi.

“Birinchi navbatda, insonlar xulq-atvoriga va yurish-turishiga alohida shaxslarning axloqiy-diniy qarashlari yoki o‘lchovlari bilan emas, balki amaldagi qonunchilik talablari nuqtai nazaridan baho berilishi lozim.

Ya’ni fuqarolar qonunlarga rioya qilar ekan, o‘z hayot tarzini erkin va aralashuvlarsiz tanlashi mumkindir va bu eng muhim konstitutsion huquqlardan biri.

Har qanday holatda ham boshqa dinga e’tiqod qiluvchi yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolarning huquqlarini inobatga olish, ularning e’tiqodini hurmat qilish Konstitutsiyaviy burch hisoblanadi”, deydi vazirlik.

Alohida urg‘ulanadiki, mamlakatda diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qat’iy va o‘zgarmas ushbu konstitutsiyaviy tamoyildan hech qachon voz kechilmaydi. Shaxslarga diniy qarashlarni majburiy singdirishga qaratilgan har qanday xatti-harakat, targ‘ibot-tashviqot javobgarlikni keltirib chiqaradi.

“O‘zbekiston xalqi bundan 30 yil oldin o‘zining taraqqiyot yo‘lini tanlab olgan – u dunyoviylikka asoslangan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlaydi. Ushbu haqiqatni shubha ostiga olishga, mutaassib g‘oyalarni targ‘ibot qilishga hech kimning haqqi yo‘q”, deya bayonotga yakun yasalgan.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi

Baholaganlar

45

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing