Musulmonlarning har bir ibodati – bayramdir, bayramlari ibodatdir – Odina Muhammad Sodiq

Intervyu

Bismillahir Rohmanir Rohim, o‘zining bandalariga Ro‘zani farz qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Ramazon kechalari qiyomni sunnat qilgan Payg‘ambarimiz Muhammad Sallollohu Alayhi vasallamga salotu-durudlarimiz bo‘lsin.

Assalamu alaykum va rahmatullohu va borakatuh. So‘zimning boshida barcha mo‘min-mo‘minot, muslim-muslimotlarni Ramazon oyi bilan muborakbod etaman. Alloh Subhanahu va taolo bu oyni barchamiz uchun, ham dunyoimiz, ham oxiratimiz uchun xayrli qilsin. Bu oyda imkon qadar yaxshilik qilishimizni, savob va ajrlarga erishishimizni duo qilib so‘rayman.

Azizlar, Allohga shukur bo‘lsinki, sizlar bilan suhbat qilib, ramazon oyiga, ro‘za ahkomlariga oid ba’zi bir mavzularni gaplashmoqdamiz. Bugungi suhbatimiz ro‘zaga tayyorgarlik va uning fazilatlari haqida.

Hammamizga ma’lumki, 12 oyning sultoni Ramazon oyi hisoblanadi. Alloh taolo uning fazilatlarini o‘zining muqaddas kitobida bayon qilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ko‘plab hadislarda bayon qilgan bu oyda Alloh taoloning muborak kalomi Qur’oni Karim nozil bo‘lgan.

Ramazon shunday oyki, unda Qur’on odamlar uchun hidoyat bo‘lib nozil qilingan va unda hidoyatdan bayyinotlar, ya’ni bayon qiluvchilar bordir. Alloh o‘zining bandalariga amr qila turib aytadiki, “Ey, imon keltirganlar, sizdan avvalgilarga ro‘za farz bo‘lgani kabi, sizlarga ham ro‘za farz bo‘ldi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz”. E’tibor bering, Ro‘zadan maqsad taqvoga ega bo‘lish ekan. Taqvo har bir banda orzu qiladigan ne’matdir, martbadir, fazilatdir. “Har bir kishi nima qilsak, taqvoyimiz ziyoda bo‘ladi?”, deb so‘raydi.

Taqvo Allohning huzurida eng katta o‘lchovdir va Ramazonda tutilajak ro‘za, taqvoga erishishimizda eng katta yordamchi bo‘lar ekan. Ro‘za tutar ekanmiz, taqvoni kasb qilamiz, taqvoyimiz ziyoda bo‘ladi. Eng katta fazilat mana shudir. Bundan tashqari, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ko‘p hadislarda, ro‘zaning fazilatlarini bayon qilganlar. Ularning birida ro‘zani “qalqon”, ya’ni saqlovchi deb vasflaganlar. Nimalardan saqlaydi deyilsa, bu dunyoda turli ma’siyat va gunohlardan, kamchiliklardan, past axloqliklardan saqlaydi, xulqni sayqallaydi. Oxiratda esa do‘zax olovidan asraydi deyiladi.

U zot yana marhamat qilib aytadilarki, kimki ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob ilinjida tutadigan bo‘lsa, o‘tgan yilgi gunohlariga, boshqa bir rivoyatlarda esa kelgusidagi gunohlariga kaforat bo‘lishi aytilgan. Ba’zan biror gunoh qilib qo‘ysak, Alloh meni kechirarmikin, nima qilsam gunohimni yuva olaman, deb o‘ylaymiz. Vaholanki, 30 kungina ro‘za tutish, bir yilgi gunohlarni mag‘firat bo‘lishini ta’minlaydi.

Ro‘za tutganda faqat taom va sharobdan tiyilib qolmasdan, balki iymon bilan va birovga ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, haqiqiy savob umidida tutsa, mana shunday natijalarga erishish mumkin ekan. Jannatda Rayyon deb atalgan eshik bo‘lib, u faqat ro‘zadorlar uchun va undan faqat ro‘zadorlar kirishi mumkin ekanligi, ro‘zadorlar uchun katta ne’mat va katta martabadir.

Ramazon shunday oyki, bu oyda Do‘zax eshiklari yopilib, Jannat eshiklari ochiladi, jinlar va shaytonlar kishanlanadi. Demak oldimizda katta fursat turibdi. Ko‘plab ajr va savoblarni olish imkoni bor. Shu sababdan ro‘zaga, ham ruhan, ham jimonan tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz buni quvonch bilan qabul qilishimiz lozim. Musulmonlarning har bir ibodati o‘zi uchun bayramdir va bayramlari ham ibodatdir.

Biz musulmonlar bu oyda bir-birimizga yaxshilik taratishimiz kerak. Masalan, bir-birimizni duo qilishimiz mumkin. Alloh har bir ishga qodir, bandasi esa ojiz. Alloh taolo qo‘llab-quvatlamasa, bandasiga hech narsa nasib etmaydi. Shuning uchun ko‘proq ibodatlarga muvaffaq qilsin deb, Alloh subhonahu va taolodan so‘raymiz. Gunohlarimizni kechirsin va o‘zi rozi bo‘ladigan holda ushbu oyni o‘tkazishni nasib aylasin.

Endi atrofdagi xatti-harakatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu oyda ko‘proq ibodat, Qur’on tilovat va Zikr va tasbehlar bilan band bo‘lishimiz, saxovat ishlarini qilishimiz, boshqalarga yaxshilik keltiradigan ishlarni ko‘paytirishimiz va boshqalarning xizmatida bo‘lishimiz lozim. Shuning uchun uyimizdagi ichki va tashqi sharoitlarni to‘g‘rilash kerak bo‘ladi. Bu oyda ro‘zaga halal beradigan narsalarni to‘xtatishimiz, g‘iybat va qilinadigan boshqa ishlarga chek qo‘yish darkor. Ayollarimiz esa ramazon oyida qo‘ni-qo‘shnisiga yaxshi muomalada bo‘lib, yaqinlarining xizmatini qilishi lozim. Chunki, ramazonning har bir daqiqasi qadrli.

Bugun shularni bildirishni istadik, keyingi suhbatlargacha Allohga omonatsizlar.

Odina Muhammad Sodiq


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

31

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing