Musulmon mamlakatlarda halol bo‘lmagan mahsulotlarga alohida yorliq qo‘yish taklif qilindi
Olam
−
09 aprel 2019
5372Turkiyaning Antaliya shahrida II Xalqaro “Halol turizmi” anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 21 mamlakati qatorida O‘zbekistondan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining xorijiy maslahatchisi S.Badak va “Ipak yo‘li ofisi” unitar korxonasi direktori M.Mirzohidov ham ishtirok etdi.
Malayziyaning islomiy turizm markazi bosh direktori Abdul Xani Daud o‘z nutqida musulmon mamlakatlari fuqarolarini O‘zbekistonni ziyorat qilishga chaqirdi.
“Musulmon mamlakatlari aholisi ma’naviy-madaniy dam olish uchun avval musulmon mamlakatlariga sayohat qilishi kerak. Bunda O‘zbekiston asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘la oladi. Yaqinda Buxoroda o‘tkazilagan I Xalqaro Ziyorat turizmi forumiga borib, O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati, boy merosi va qadimiy yodgorliklari bilan tanishgan edim. O‘zbekiston Misr ehromlariga raqobatdosh bo‘la oladigan qadimiy tarixiy obidalarga ega ekanligining guvohi bo‘ldim”, deydi Abdul Xani Daud.
Shuningdek, Abdul Xani Daud musulmon o‘lkalaridagi turizm va ovqatlanish maskanlari uchun halol sertifikatlarini joriy qilishdan ko‘ra, ularda mahsulotlar halol ekanligini inobatga olib, masalaga o‘zgacha yondashishni taklif qildi.
Ya’ni musulmon mamlakatlarida halol bo‘lmagan mahsulotlar alohida ko‘rsatilishi, tarkibida alkogol, cho‘chqa go‘shti yoki boshqa halol bo‘lmagan moddalarga ega mahsulotlarga tegishlicha yorliq qo‘yilishi kerak.
Hozirgi kunda jahon halol mahsulotlari bozori 1.2 trillion dollarga teng bo‘lib, bu raqam 2023 yilga kelib 3 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Halol mahsulotlar – oziq-ovqat, axborot vositalari, kiyim-kechaklar, farmatsevtika va kosmetika mahsulotlarini o‘z ichiga oladi.
“Musulmon o‘lkalari mahsulotlarni halol sertifikatlashtirishda musulmon bo‘lmagan mamlakatlardan ko‘ra orqada qolmoqda. Bu bugungi kundagi musulmon mamlakatlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Halol turizm bozorining 2020 yilga kelib 200 milliard dollardan oshishini inobatga olsak, tezroq harakat qilish kerak bo‘ladi. Biroq, halol turizm deganda boshqa turizm harom degan fikrga borish kerak emas. Faqatgina islomiy qoidalarga ko‘ra, tashkil etilgan, sayohatdan ovqatlanish va yotoqxonasigacha islomiy shartlarga ko‘ra rejalashtirilgan sayohat halol turizm hisoblanadi”, deydi Turkiyaning Halol akreditatsiya agentligi rahbari Zafer Soylu.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston vakillari O‘zbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bugungi kunga halol mahsulotlarga oid oltita standart ishlab chiqqani, ulardan biri – “Turizm xizmatlari. Musulmon mehmondo‘stligi. Talablar” bevosita halol turizmga oid ekanligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi