Mustaqillikka o‘ttiz yil to‘libdi hamki, rus tili ot ustida
Tahlil
−
29 mart 2021
15885Balki eshitgan chiqarsiz, 1958-59 yil ichida – bir yilning nari-berisida Ozarbayjonning barcha birinchi rahbarlari ishdan olib tashlangan. Bunga nima sabab bo‘lganini bilasizmi?
Gap shundaki, Ozarbayjonning 1937 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasiga oradan yigirma yilcha vaqt o‘tib, 1956 yil 21 avgustda “Ozar tili – davlat tilidir”, degan modda kiritildi. Shundan so‘ng Baku rahbariyati barcha korxona va tashkilotlardan davlat tilida ishlashga o‘tishni talab qildi. Barcha ish qog‘ozlari ozar tiliga o‘tkaza boshlandi.
SSSR rahbari N.S.Xrushchyovning millatchilikka berilish haqidagi aybloviga Ozarbayjon Kompartiyasi Markazqo‘mining birinchi kotibi Imom Mustafoyev keskin javob qaytardi: “SSSR Konstitutsiyasiga ko‘ra, Ozarbayjon – sovet sotsialistik davlati. Modomiki davlatmi, uning davlat tili ham bo‘lishi shart. Davlat tili mavjud ekan, uni qo‘llash lozim”.
Ozar tilini bilmaydigan rahbarlar almashtirildi. Rahbar lavozimini egallagan, ammo ozar tilidan bexabar ruslar, armanilar o‘rniga Imom Mustafoyev davrida milliy kadrlar qo‘yila boshladi.
Respublika Oliy Soveti Prezidiumining raisi, otoqli yozuvchi Mirza Ibrohimov kadrlar tanlashning asosiy prinsipini shunday izohlagan edi:
— Hozir yigirmanchi yillar emas. Endi bizda davlat tilini bilmaydiganlarni almashtirish uchun milliy kadrlar yetarli.
Ibrohimov barcha ozar bo‘lmaganlarga til o‘rganish uchun yarim yil muhlat berishni taklif qildi. Kim o‘rganib olsa, marhamat – lavozimida qoladi. Respublika Oliy Soveti prezidiumining yig‘ilishida “vrachlarning yarmi rus tilli odamlar-ku, ularni nima qilamiz?” deya savol berishganida, Mirza Ibrohimov:
— Ruslar ham bizning o‘ttiz besh yil avvalgi holimizga tushib ko‘rishsin, yodingizdami, o‘shanda kasallik varaqamizni ham ruscha to‘ldirishar edi, – deb javob berdi.
Talabalar bilan uchrashib suhbatlasharkan, Respublika Oliy Soveti Prezidiumining raisi Ibrohimov ularga shunday dedi:
— Ozar tilini bilmaydigan, yoki bilsa ham, ona tilida gapirmaydigan ziyoli – ziyoli emas, u murtad, ablah, sotqin odamdir!
Jumhurraisning bu so‘zlari gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.
Bu muammoni Ozarbayjon Kompartiyasi Markazqo‘mining ideologiya masalalari bo‘yicha kotibi Abdulla Bayramov Markazqo‘mning 1957 yil 16 martda bo‘lib o‘tgan Byuro yig‘ilishida sal yumshoq tarzda shunday bayon qildi:
“Meni bir vaziyat juda tashvishlantiradi: agar biz hech bir chora ko‘rmay o‘ltira bersak, 10-15 yil, boring ana, 50 yil vaqt o‘tganidan keyin poytaxt Baku respublikamizning boshqa qismlaridan batamom uziladi, bu shaharda odamlar bir tilda, yurtimizning boshqa qismlarida esa boshqa tilda gapirishga o‘tiladi... To‘g‘ri, Bakuda ziyolilarning mutlaq ko‘pchiligi yashaydi, ularga ergashib, ishchilar ham farzandlarini rus tilli maktablarga qo‘yishyapti. Shuning kasriga, yildan-yilga ozar tilli maktablar kamayib borayotir. Demak, bir kun kelib, Bakuda ozar tilida muloqot qiladigan odam qolmasdan, shahar qishloqdan uzilishi turgan gap... Men bu o‘rinda ozar kishisi o‘z ona tilida telegramma yozib, Kelbajar tumanida pochtaga topshirsa, hech kim qabul qilmaganini aytib o‘tirmay...”
Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, barcha majlis va yig‘ilishlar davlat tilida o‘tkaziladigan bo‘ldi, xalqaro anjumanlargina bundan istisno edi. Bir gal madaniyat masalalari bo‘yicha anjumanda kompozitor Qora Qorayev rus tilida gapirgani bois, eshitadiganini eshitdi.
Bularning bari SSSR rahbariyatining toqatini toq qildi. 1958 yilda Ozarbayjon Oliy Soveti Prezidiumi raisi Mirza Ibrohimov bu yuksak lavozimdan “o‘z iltimosiga ko‘ra, adabiy ijod bilan bafurja shug‘ullanishiga imkon yaratish uchun” ozod etildi. O‘sha yilning o‘zida Abdulla Bayramov, Oliy Sovet raisi Sodiq Rahimov ham ishdan olindi.
1959 yilning 8 iyuliga kelib, Ozarbayjon KP MQning Birinchi sekretari Imom Mustafoyev millatchilikda ayblanib, ishdan bo‘shatildi va Markazqo‘m byurosidan chiqarildi,.
Garchi respublika rahbarlari ishdan olingan bo‘lsa ham, ittifoqdosh respublikaning Oliy Soveti chiqargan qarorni bekor qilishga markaz jur’at etolmadi. Ozar tili Respublika Konstitutsiyasida davlat tili maqomini saqlab qoldi. Shunday qilib, Ozarbayjon o‘z Konstitutsiyasida milliy tiliga davlat tili maqomini bergan uchinchi va oxirgi sovet respublikasi bo‘ldi (Armaniston (1937) va Gruziya (1937)dan so‘ng).
Biroq boshqa ittifoqdosh respublikalarning konstitutsiyalarida davlat tili to‘g‘risida modda yo‘q edi. Bunday modda SSSR Konstitutsiyasida ham bo‘lmagan, biroq hamma joyda rus tili shunday maqom tutar edi.
Ammo 1978 yil, yangi Konstitutsiya qabul qilinishi arafasida sovet rahbariyati SSSR Konstitutsiyasida, shuningdek barcha ittifoqdosh respublikalarning Konstitutsiyalarida rus tilini davlat tili deb belgilashga qaror qildi. Bu – Ozarboyjon, Armaniston va Gruziyada milliy tillarning davlat tili maqomini bekor qilish degani ham edi.
Unga javoban, 1978 yil 14 aprelda o‘n minglab odamlar Tbilisi ko‘chalariga chiqdi. Ona tilini himoya qilish bo‘yicha ommaviy harakatlar tufayli Gruziya SSRda gurji tili davlat tili maqomini saqlab qoldi. O‘sha 1978 yildan beri 14 aprel Gruziyada rasmiy bayram sifatida nishonlanadi.
1978 yilning o‘zida Ozarbayjonda ham talabalar respublika rahbariyatining e’lon etilmagan roziligiga tayanib, Mirza Fatali Oxundov haykali poyida davlat tilini himoya qilish uchun uyushtirilgan mitingga to‘planishdi. SSSR rahbariyati vaziyatni keskinlashtirmaslikka qaror qildi va til siyosati borasidagi mash’um rejasidan voz kechdi. Ozar tilining davlat tili maqomi saqlab qolindi.
Shunday qilib, gurji va arman tili davlat tili bo‘lganiga bu yil 84 yil, ozar tili maqomiga esa 65 yil to‘ladi. Ular SSSR iskanjasida turib ham ona tilining maqomini aslo boy bermagan, chunki bu yurtlarda tili, millatining ori uchun kurashadigan va mansab-martabasini ona xalqi manfaatidan ustun ko‘rmagan odamlar rahbar bo‘lishgan edi...
Til siyosatini belgilash va yuritishda mamlakat rahbarlarining fidoyiligi, siyosiy irodasi hal qiluvchi o‘rin tutishiga misol bu. Zero xalqning qornini to‘yg‘azish, uning xavfsizligi uchun harakat qilishdan tashqari, millatni uyushtirish, uning kelajakda ham alohida bir xalq bo‘lib qolishi g‘amini yeyish ham davlatning eng muhim vazifalaridan.
Ozarbayjon xalqining tarixida bundan oltmish olti yil avval bo‘lib o‘tgan bu gaplarni men nima uchun keltiryapman? Gap shundaki...
Bir manbada “har bir milliy til bir davlat tuzish salohiyatiga ega, ammo hech bir davlat bironta tilni yarata olmaydi”, degan gapni o‘qigan edim. Darhaqiqat, til – millatning o‘zagi, qon tomiri, jon tomiri. Til bo‘lmasa, millat yo‘q, millatsiz esa mamlakat ham yo‘q. Bundan ma’lum bo‘ladiki, bugungi O‘zbekiston davlatining, O‘zbekiston mamlakatining negizida o‘zbek tili turar ekan.
Keyingi yillarda ona tilimizning mavqeini yuksaltirish, uni chinakam davlat tiliga aylantirish uchun kurash kuchaydi. Hukumat tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti ochildi, yirik tashkilot va idoralarda rahbarning til masalalari bo‘yicha maslahatchilari ish boshladi.
Biroq ochiq tan olib aytsak, ona tilimizni davlat tiliga aylantirish oson kechayotgani yo‘q. Yaponiya, Turkiya, Germaniya va hokazo davlatlardagi darajada til muhitini yarata olishimizga hali ancha bor, ko‘plar esa davlat tili deganda idoradagi ish yuritish qog‘ozlarini o‘zbekchalashtirib qo‘ysak, masala hal bo‘ladi, degan xayolda (holbuki, uni ham to‘la joriy eta olganimizcha yo‘q). Davlat tili degani – mamlakatdagi ilm-fan, texnika va texnologiya, tibbiyot va bank ishini, barcha ishlab chiqarish jarayonlarini shu tilda amalga oshirish (masalan, mashina, mebel, dori-darmon, kiyim-kechak... mahsulotlarini o‘zbek tilida yozilgan texnologiya asosida tayyorlash) demak. Ana shunga erishmasak, davlat tili to‘g‘risidagi qonun qog‘ozda qola beradi, amalda yana rus tili taxt ustida.
O‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilinganiga o‘ttiz yildan oshibdi. Shuncha vaqt ichida nimalarga erishildi, kim aytib beradi? Bu qonunni ro‘yobga chiqarishga mas’ul biron mahkama bor edimi?
Afsus, yo‘q edi.
Eslasangiz, bundan yarim asr ilgari ham O‘zbekistonda ona tili masalasi ziyolilarning dardi bo‘lgan. Fidoyi ijodkorlar (kavkazlik hamkasblaridan o‘rganib bo‘lsa-da) tilimizni sof holda asrash, nutqimizni tuzatish uchun shunday bir “o‘yin” tashkil etishgan: kimdir gapirayotib, ruscha so‘z qo‘shsa, sherigiga o‘n tiyin jarima to‘lar edi (Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobida ham bu hangoma bayon etilgan). Ona til uchun kurashning ibtidosi, o‘yin-kulgi tarzida bo‘lsa ham, uni asrash sari intilish edi bu. Lekin davlatning o‘zi til rivoji uchun yo‘l ochmasa, boyagiday hazil-huzullar bilan ish bitmas ekan. Ellik yillab rus tilining ravnaqi, uni o‘zbeklar turmushiga zo‘r berib tiqishtirish butun mamlakat bo‘yicha avj oldirildimi, endi uning raddi balosi ham shuncha zamonga cho‘ziladigan ko‘rinadi.
O‘sha davrdagi til siyosati qanaqa bo‘lganini eslarsiz? Masalan, men biron zavodga emas, o‘zbek tili va adabiyoti tadqiq etiladigan Til va adabiyot institutiga rus tilida ariza yozib ishga kirganman, undan keyingi har o‘zgarish ham mehnat daftarchamga shu tilda darj etilgan. Institutga rahbarlik qilgan olimlardan birining butun faoliyati – kelgusida tillarning o‘zaro qo‘shilib-uyg‘unlashib ketishini “dalillash”dan iborat bo‘lgandi. O‘tgan asrning oltmishinchi-saksoninchi yillarda rus tilini o‘qitish-o‘rgatish yuzasidan Butunittifoq konferensiyalarining aksari ham Toshkentda o‘tkazilar edi. Jumladan, 1975 yil 21-23 oktyabrda “Rus tilini o‘rganish va uni maktablarda, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish tajribasi” mavzuida Butunittifoq konferensiyasida Respublika rahbari “Russkiy yazik – yazik vzaimnogo obeniya i sotrudnichestva vsex natsiy i narodnostey Sovetskogo Soyu¬za” degan mavzuda dokla¬d qildi. To‘rt yil o‘tib, Toshkentda rus tili masalalari yuzasidan yana bir konferensiya bo‘lib o‘tdi...
Bu qadar intensivlikning sababi shuki, O‘zbekiston hukumati Ittifoq rahbariyatidan har gal rus tili bo‘yicha anjumanlarni Toshkentda o‘tkazilishini so‘rab olar, iltimos qondirilsa, “yuksak ishonch bildirilgani”ni mamnuniyat bilan e’lon qilardi. Rus tilini rivojlantirish Moskvaning emas, Toshkentning chekiga tushganday edi. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnaliga muqobil ravishda “Russkiy yazik i literatura v Uzbekistane” degan jurnali ta’sis etilgan, Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti, mohiyatan – o‘zbek tili va adabiyotini tadqiq etish muassasasi bo‘lsa-da, uning tarkibida “Rus tili”, “O‘zbekistonda rus adabiyoti” degan bo‘limlar ochilib, buning kasriga Turkiy tillarni qiyosiy o‘rganish bo‘limi, Adabiy aloqalar bo‘limlari yopib, shtatlar o‘shalarga olib berilgan edi. Akademiyada shunday bo‘lgach, Oliy ta’lim ministrligi ham qarab turmadi, Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti (RPIRYAiL)ni ochdi. Qarang, O‘zbekistonda talaba o‘qiydigan o‘zbek tili va adabiyoti instituti yo‘q, rus tili va adabiyoti instituti esa bor edi. Bu ham kam ko‘rindi chog‘i, yuzlab o‘zbek talabalarga kvota berildi – Rossiyaning Stavropol, Taganrog kabi o‘nlab shaharlarida ta’lim olib, rus filologiyasi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib qaytishdi.
O‘zbekiston jadal o‘rislashishga qadam qo‘ydi.
Mana, qo‘limizda Fanlar akademiyasi chop etadigan “O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar – Obestvenniye nauki v Uzbekistane” jurnalining 1979 yilgi 6-soni. Unda 5 ta maqola, 4 ta ilmiy axborot, “Istoriografiya” ruknida bir maqola va “Kritika i bibliografiya” ruknida yana bir chiqish bor – jami 11 publikatsiya. Ayrimlari ikki kishi tomonidan yozilgan, mualliflar soni shuning uchun 14 ta. Ana shu 14 olimning 10 nafari – o‘zbek. Biroq mazkur jurnalda bironta ham o‘zbekcha maqola yo‘q, nashr boshdan-oyoq rus tilida. Ulug‘ og‘alariga “sodiq” olimlar, o‘zi o‘zbek bo‘laturib, o‘zbek tili va adabiyotini, tarixi va etnografiyasini rus tilida tadqiq etishgan. Uyog‘ini so‘rasangiz, hatto o‘zbek shevalari ham rus tilida “o‘rganilib”, dissertatsiyalar yozilar va yoqlanar, monografiyalar rus tilida chiqarilardi.
Bular o‘tmishda qoldi-ku, dersiz. Yo‘q. O‘tmishda qolsaydi, bu gaplarni yozib, qog‘oz qoralab o‘tirmagan bo‘lardik. Bizda hali-hamon – O‘zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilinganiga o‘ttiz yil to‘libdi hamki, rus tili ot ustida. O‘zbek tilining davlat tili ekani haqida qonun borligini esa yuz andisha, yuz ehtiyotkorlik, ming cho‘chishu hadiksirash bilan bir-birimizga uqtirgan, allanimalarni dalillagan bo‘lamiz, xolos. Ammo... ana shu qonunni, qolaversa, “davlat tilini rivojlantirish” uchun yuz nafarcha xodimni turli katta-kichik korxonayu tashkilotga “maslahatchi” qilib ishga olishni demasak, asosli bir qadam tashlandimi o‘zi? Bilganlar bo‘lsa, aytsin.
Mening bilganim shuki, ikki yilcha avvalgi bir mojaro – uyida bola-chaqasi bilan o‘rischa gaplashadigan 18 nafar “uzbek”ning ijtimoiy tarmoqlardagi xarxashasi tinib-tinchimay turib, milliarder Alisher Usmonov O‘zbekistonda rus tili mavqeini keskin ko‘tarishga bel bog‘lab, buning uchun besh million dollar (50 milliard so‘m) iona qildi. Rossiyadan yetib keladigan, “rus tilini yanada chuqur” o‘rgatadigan rus muallimlarining nasibasi-da. Ammo u odam, yo boshqa qaysidir o‘zbek boyvachchasi, o‘z ona tilining ravnaqi uchun aqalli biron so‘m ataganini eshitganmisiz?
Ona tilimiz, milliy ruhimizni yuksaltirish yo‘lida hech ish qilinmayapti, desak, bizni ayblaydigan hushyorlar darrov topiladi. Raddi balo uchun, qilinayotgan ishlardan ham aytib ketaylik. Chunonchi, 9 fevral arafasida necha vaziru vuzaro, amiru umaro katta boshlarini kichik qilib, Navoiydan bir bayt (ikki satr) she’rni uzib-buzib, bir amallab g‘o‘ldirab o‘qib, keyingi baytni falonu piston arbobdan eshitasiz, deya oshirishdi. Bu tomosha TVda, ijtimoiy tarmoqlarda ulkan yutuq sifatida necha kun takror-takror ko‘rsatildi. Cho‘qib oshirish zamonaviy tilda “flesh-mob” deyilar ekan. Navoiyning she’rlari uloq qilinishiga ham yetib kelibmiz-da endi!
Biz, tafakkur mustaqil bo‘lmagunicha chin mustaqil bo‘lolmaymiz, degan gapni yaxshi ko‘ramiz, shuni bir-birimizga uqtirib charchamaymiz. Durust, ammo tafakkur... til orqali bo‘ladi-ku? Davlat idoralari – davlat tili qonunini ro‘yobga chiqarishi kerak bo‘lgan muassasalarning o‘zi rus tilida ish yuritsa, o‘zbek tafakkuri qanday mustaqil bo‘la oladi, shuni tushunolmayman.
Til uchun kurash – mustaqillik uchun kurashdir, uning ibtidosidir. Til mustaqil bo‘lmaguncha (qonun qog‘ozida emas, amalda ham davlat tili bo‘lmagunicha) mamlakatning mustaqilligi haqidagi gap faqat deklaratsiya, yanada to‘g‘rirog‘i, dekoratsiya bo‘lib qolaveradi. Turkiya rahbari Erdo‘g‘on, mamlakatni avvalo til, keyin esa armiya himoya qiladi, deyarkan, bu rost gap.
O‘zga bir xalqning tilida ish yuritish uyoqda tursin, qaysi alifboda yozsangiz, o‘sha tilning ruhi milliy axborot maydonni qamrab olishi ham tayin. Biz kirillchani tark etaroq, dunyoga rus axborot olami orqali nazar tashlashdan voz kechyapmiz, ammo o‘sha onning o‘zida lotin yozuvini eng “kompyuterbop” deya alqab-alqab, endi amirkoncha bo‘yinturuqqa boshimizni tutib berishga shaylanayotibmiz (hozircha sezilmay turgani – bu yo‘q degani emas). Aslida, tafakkuri mustaqil, mentaliteti mustahkam, qulligiga quvonmaydigan har bir xalqning o‘z ona tiliga mos, o‘zi kashf etgan, o‘z tafakkur tarzini ifoda etadigan alifbosi bo‘lishini siz yaxshi bilasiz.
Zuhriddin Isomiddinov,
Filologiya fanlari nomzodi
LiveBarchasi