Mustaqillik davrida Qozog‘istondan necha yuz milliard dollar olib chiqib ketilgani aytildi
Olam
−
14 aprel 2022
15978Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligi mustaqillik yillarida mamlakatdan taxminan 100 milliard dollarga yaqin kapital noqonuniy olib chiqib ketilgan deb hisoblamoqda. Bu haqda TASS Milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Kuantirovga tayanib, ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistlar tomonidan Milliy iqtisodiyot vaziriga Qozog‘istondan noqonuniy olib chiqib ketilgan kapitalning taxminiy miqdorini aytib berish so‘ralgan.
“To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni oladigan bo‘lsak, bizda katta hajm bor – 30 yil davomida bu 400 milliard dollardan oshadi. Balki o‘n milliarddan ortiq mablag‘ olib qo‘yilgandir, ammo bu yerda aniq miqdorni aytish qiyin. Balki 100 milliard dollarga yaqin, balki biroz ko‘proqdir”, deydi Kuantirov savolga javob berar ekan.
Qozog‘iston Adliya vaziri Kanat Musinning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda mamlakatda xorijdan kapitalni qaytarish bo‘yicha komissiya tuzilgan.
“Hozir biz ularni xorij yurisdiksiyasidan qaytarishning mumkin bo‘lgan yo‘llari hamda usullarini ishlab chiqmoqdamiz va ko‘rib chiqyapmiz. Masala murakkab, buni bir qo‘l harakati bilan hal qilish mumkin, deb ayta olmayman, lekin buning uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda", deb tushuntirdi u.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatga noqonuniy eksport qilingan mablag‘lar va u yerda sotib olingan aktivlarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha takliflar kiritishni topshirgan edi.
LiveBarchasi