Mustaqil ekspertlar davlat ishiga aralashmoqchi

Jamiyat

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida 15 noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mustaqil ekspertlarining alyansi tuzildi. Unda mutaxassislar ba’zan mamlakat Hukumatlari, Qonunchi chiqaruvchilarining ular bilan muloqotsiz, maslahatlashmay qaror qabul qilayotganini qoralab, endilikda Markaziy Osiyo ekspertlari jim turmasligini, muammolar bo‘yicha o‘zining aniq takliflarini ishlab chiqishini va takliflarini o‘tkazishda jasurroq bo‘lishini ta’kidladi.

Masalan o‘zbekistonlik mustaqil ekspert Kamoliddin Rabbimov Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi yirik “klan”lar boshqaruviga chek qo‘yish kerakligini aytdi.

"Mintaqa davlat qurilishining respublika shakllarini kuchaytirishi kerak. Ekspertlar hamjamiyati globallashuv va ommaning qadr-qimmatini uyg‘otishning kuchayib borayotgan sharoitida davlat hokimiyati organlariga monarxiyaga yoki oilaviy va urug‘-aymoq boshqaruvining boshqa shakllariga silliqqina o‘tish ma’lum bir davlatda hokimiyatning qonuniyligining pasayishi, keyinchalik jiddiy siyosiy inqirozlarga olib kelishini tushuntirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, “monarxizm”, “klanizm”, “avtoritarizm” harakatlarining siyosiy qiymatining haqiqiy respublikachilik ziyoniga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi u.

Shuningdek, u Markaziy Osiyo davlatlarining bir asr oldingi mintaqaviy o‘ziga xosligi kuchli va buzilmas bo‘lganini eslatdi.

“Mintaqaning o‘sha paytdagi aholisi mahalliy, qabilaviy yoki boshqa o‘ziga xosliklaridan tashqari, barchasi o‘zlarini g‘urur bilan “turkistonliklar” – Turkiston makroregioni aholisi deb atagan. O‘sha paytdagi birlashgan Turkistonda turli tillar, turmush tarzi, mahalliy qabila o‘ziga xosligi me’yor hisoblangan, odamlar turli tillarni muammosiz tushungan va etnik millatchilikka berilish hech kimning xayoliga kelmagan.

Sobiq ittifoq davrida mintaqa etnik bo‘linishlarga ko‘ra bo‘lingan. Milliy mustaqillikka erishgandan so‘ng, mamlakatlar o‘zlarini izolyatsiya va davlat millatchiligi bilan chegaradosh suverenitet bilan to‘yintirishni boshladilar.

Vaqti-vaqti bilan mintaqani etnik va davlat kimliklariga asoslangan inqiroz va to‘qnashuvlar larzaga solmoqda. Tabiiyki, barcha inqirozlarda barcha tomonlarning o‘z “haqiqat”lari bor. Biroq, ko‘pchilik bunday to‘qnashuvlar va inqirozlar nizolashayotgan tomonlarni zaiflashtirishini, mintaqaning samarali integratsiya, maksimal sub’ektivlik imkoniyatlarini kamaytirishini ham tushunadi”, dedi Kamoliddin Rabbimov.

Qirg‘izistonlik ekspert Dosim Satbayevning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari ehtimoliy tahdidlarga, urushlarga oldindan reja tuzib qo‘yishi kerak.

“Men Hilmund nazariyasiga qo‘shilaman. Qandaydir dushmanlar kirib kelganda Hilmund aytgan “uchinchi tortmada reja turibdi”, degan. Bu juda ham qiziqarli fakt. Chunki urush boshlanmasidan oldin uning rejasi allaqachon tayyor bo‘lgan ekan”, deydi qirg‘iz eksperti.

U forumdagi o‘z nutqini davom ettirar ekan, Ukraina-Rossiya o‘rtasidagi urush Markaziy Osiyoga yangi tahdidlarning paydo bo‘lishiga olib kelishini bildirdi.

“Ukrainadagi postsovet hududi uchun urush, shuningdek, Sovet Ittifoqining parchalanishi bilan bir xil tarkibiy va tizimli oqibatlarga olib keladi, bu xalqaro siyosatning qayta formatlanishiga, xalqaro munosabatlarning yangi tizimini qurishga, geosiyosiy muvozanatni o‘zgartirishga, yangi xavf va tahdidlarning, shuningdek, yangi imkoniyatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Va bu fonda Markaziy Osiyoning roli nafaqat geosiyosiy va geoiqtisodiy, balki mintaqaviy va global miqyosda yangi intellektual ma’nolar va yangi kun tartibini ishlab chiqarish nuqtai nazaridan ham sezilarli darajada ortib bormoqda", deydi Dosim Satbayev.

O‘zbekistonlik yana bir siyosiy-tahlilchi Farhod Tolipov esa siyosatshunoslarning fikri gapligicha qolib ketmasligi uchun agressivroq bo‘lish kerakligini aytdi.

"O‘ylashimcha, o‘z so‘zimizni o‘tkazishda agressivroq bo‘lishimiz kerak. 

Mustaqillikning butun davrida mintaqaviy rivojlanish g‘oyalari va rag‘batlarining shakllanishi to‘xtab qolmadi. Hamkorlik tajribasi to‘planib, bir qancha ilmiy ishlar yaratildi. Alyansni tuzishda nafaqat ekspertlar hamkorligining avvalgi tajribasini hisobga olish, balki bu jarayonni davlat talabi darajasiga olib chiqish ham muhimdir. Asosiysi, jarayonni suhbatlashtirmaslik. Bizga kamroq rasmiyatchilik, kamroq kechirim so‘rash va ko‘proq akademiklik, ko‘proq tanqid kerak", deydi Farhod Tolipov. 

Lekin, shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Mazkur alyans qay darajada mustaqil bo‘la oladi? Ayniqsa, Rossiya masalasida, Rossiya- Ukraina masalasida aniq tahlillar yuritishga ularning jur’atlari yetarmikan? 

Forumda QALAMPIR.UZ muxbiri yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukrainaning urushdagi talafotlarini Rossiya qoplashi kerakligi haqida rezolyutsiya qabul qilgani, unga jami 94 ta davlat rozi bo‘lgani, biroq ularning orasida bironta Markaziy Osiyo (MO) mamlakati yo‘qligi, O‘zbekiston va boshqalar betaraflikni tanlaganini aytib, “Bu O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro munosabatlariga qay darajada salbiy ta’sir qiladi? Nega, MOdagilar betaraf qoldi yoki MO mamlakatlari hali ham Rossiyaning bosimi ostidami?" deb so‘radi. Bunga Rabbimov quyidagicha javob berdi:

“BMTning Bosh Assambleyasida Rossiya-Ukraina masalasi ovozga qo‘yilganda Markaziy Osiyo davlatlari neytral holatda qoladi.  Bu neytrallikni qanday talqin qilish mumkin? Demak, Markaziy Osiyo davlatlari uchun birinchi savdo yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkor bu – Rossiya. Ya’ni, Rossiya bilan bog‘liqlik nihoyatda katta. Mana shu fonda bir tomondan MOning Rossiyani qo‘llab-quvvatlamayotgani, ikkinchi tomondan mintaqa davlatlari Tashqi ishlar vazirliklarining bayonotlari bor va unga ko‘ra, davlatlarning hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi kabi qadriyatlar doimo ulug‘lanadi. Shundan kelib chiqib talqin qilish mumkinki, mintaqa davlatlari Ukrainaga moyil neytrallik bilan bu konfliktga aralashmaslikka harakat qiladi”.

Safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarning Markaziy Osiyoga ko‘chib kelishi ortidan Qozog‘iston o‘z fuqoroligini olmoqchi bo‘lganlarga qozoq tili va madaniyatini bilishni majburiy qilib qo‘ydi. O‘zbekiston esa o‘z fuqaroligi narxini oshirmoqchi. Naq 1 mln dollar. Ekspertlar davlatlarning fuqarolik masalasidagi bu o‘zgarishlarini qanday baholaydi?

“Bu yerda vaziyat biroz boshqacha. Gap shundaki, Qozog‘istonda mehnat va vaqtinchalik migrantlarning bo‘lishi bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Qozog‘istonda hozir faqatgina mamlakat fuqaroligini olish masalasi bo‘yicha o‘zgarishlar kiritilishi muhokama qilinmoqda. Buning uchun qozoq tili bo‘yicha imtihondan o‘tish talabi qo‘yilishi taxmin qilinmoqda. Umuman olganda, bu tushunarli holat. Chunki, qozoq tili davlat tili hisoblanadi. Yangi fuqaro shu mamlakatdagi  islohotlar va qabul qilinayotgan qonunlar qaysi tilda amalga oshirilayotgan bo‘lsa, o‘sha tilni yaxshi bilishi kerak. 

Migrantlar bilan bog‘liq esa hech qanday murakkab vaziyatlar yo‘q. Xuddi O‘zbekiston va Qirg‘iziston kabi Qozog‘iston ham migrantlar bilan ishlash bo‘yicha o‘z tajribasiga ega va ularning xavfsizligi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Odamlar maksimal darajada tez va qulay kirib kelishi hamda yuridik maqom ega bo‘lishi uchun barcha sharoitlar mavjud, ya’ni soliq haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirish, mamlakatda bo‘lish vaqtini ro‘yxatdan o‘tkazish va shu kabilar. Qozog‘iston ham bu borada O‘zbekiston qanday ish tutayotgan bo‘lsa, xuddi shunday qilmoqda. Biz ham migrantlar, ham o‘zimizning jamiyat bilan bog‘liq hech qanday muammo yuzaga kelmasligi uchun zarur choralarni ko‘ryapmiz”, deya Qozog‘istondagi fuqarolik masalasini tushuntirdi qozog‘istonlik ekspert Rustam Burnashev.

Qizig‘i, mazkur alyansning asosiy koordinatori O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hisoblanadi. Forumni ham aynan Senat raisining biirinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning shaxsan o‘zi ochib berdi. 

Xo‘sh, O‘zbekistonning eng yirik davlat organi bor joyda mustaqil ekspertlar alyansi qay darajada mustaqil bo‘la oladi?
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

116

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing