Musodara qilingan tovarlar mas’ullar cho‘ntagiga kiradimi?

Biznes

Bojxona musodarasi – bu ibora avvallari qulog‘ingizga chalingan, ehtimol. Ammo hamma ham davlat chegaralarida ayrim tovarlar nima uchun olib qo‘yilishi va olib ular nima qilinishini bilmaydi. Hozir tushuntirib beramiz.

Chegaradan olib o‘tilayotgan tovar – almashtirib qo‘yilgan, qalbakilashtirilgan va yaroqlilik muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan tovar (dori vositalari va tibbiy buyumlar, oziq-ovqat maishiy kimyo tovarlari, tahr.) musodara qilinadi. Musodara qilingan tovarlar esa davlat daromadiga o‘tkazilishi, sotilishi, egasiga qaytarib berilishi yoki yo‘q qilinishi mumkin.

“Bojxona organlari tomonidan 2022 yil davomida ana shunday 17 mingdan oshiq huquqbuzarlik holatlarida 845 mlrd so‘mlik tovarlarning noqonuniy muomalasi aniqlangan va vaqtincha saqlovga olingan. Aynan shu huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 963 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 2023 yilning 4 oyi davomida sodir etilgan 6565 ta huquqbuzarlik holatida 336 mlrd so‘mlik tovarlar olib qo‘yilgan. Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 316 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan”, dedi Bojxona qo‘mitasi katta inspektori Dilshodbek Maqsudov.

Shuningdek, davlat chegaralaridan noqonuniy tarzda tovar moddiy boyliklarini olib o‘tayotgan fuqarolarga eng kam ish haqining 3 baravaridan 7 baravarigacha va mansabdor shaxslarga esa 7 baravardan 10 baravargacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mazkur toifadagi ishlar ma’muriy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sud qarorlari yoki boshqa davlat organlarining qarorlari ijrosini ta’minlash esa Majburiy ijro byurolarining (MIB) vazifasiga kiradi. Shundan kelib chiqib byuro organlari o‘ziga yuklatilgan vazifani – musodara va yo‘q qilinishi belgilangan tovar mahsulotlari bo‘yicha sud qarorlari ijrosini ta’minlaydi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-sonli “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori (keyingi o‘rinlarda qaror – tahr.) bilan tasdiqlangan “Davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklarni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash to‘g‘risida”gi nizom (keyingi o‘rinlarda nizom – tahr.) talablari asosida qo‘lga olingan tovar-moddiy boyliklari ushlangan vaqtdan boshlab to uni musodara qilish, egasiga qaytarish, sotish yoki yo‘q qilib tashlashgacha bo‘lgan vaqtda tartibga solinadi. Bunda ushlangan tovar-moddiy boyliklari ushlangan paytdan boshlab jarayonga kirishadi. Bunda organ mansabdor shaxsi tomonidan dalolatnoma yoki bayonnoma tuziladi. Unda tovar-moddiy boyligining soni, taxminiy narxi, uning xususiyatlari ko‘rsatib o‘tiladi. Shundan so‘ng darhol baholatish choralari ko‘riladi. Baholovchi tashkilot, moliya organlari, davlat soliq idoralari ishtirokida mol-mulkni baholash amalga oshiriladi”, dedi Toshkent shahar Chilonzor tumani MIB xodimi Doniyor Yo‘ldoshev.

Bunda tovar holati tez o‘zgaradigan tovarlar turiga kirsa, bu jarayon 1 sutka ichida amalga oshirilishi kerak. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari shular jumlasidan.

“Bojxona organlari tomonidan huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqsizligini aniqlash maqsadida huquqbuzarlik fosh qilingan paytning o‘zida mol-mulkning yaroqliligini aniqlash bo‘yicha ekspertiza qarori tayinlanadi. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuboriladi. Aynan ular tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqli yoki yaroqli emasligi bo‘yicha ekspertiza xulosasi taqdim etiladi”, dedi Bojxona qo‘mitasi katta inspektori Dilshodbek Maqsudov.

Olib qo‘yilgan tovarlarning taqdiri ma’muriy yoki jinoiy ish jarayoni doirasida hal etiladi. Bunda olib qo‘yilgan mol-mulk, qoidaga ko‘ra, saqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga beriladi.

Nizomda majburiy tarzda yo‘q qilinishi belgilangan tovar moddiy boyliklari ro‘yxati ko‘rsatib o‘tilgan.

“Etil spirti (oziq-ovqat spirti), alkogolli mahsulotlar va pivo, tamaki mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar, oziq-ovqatga biologik aktiv qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, ekspertiza xulosasiga ko‘ra bevosita iste’mol (foydalanish) uchun yaroqsiz deb tan olingan oziq-ovqat tovarlari va boshqa tovarlar, majburiy sertifikatlash kerak bo‘lgan, sertifikatlash organining xulosasi bilan standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiq emas deb e’tirof etilgan mahsulotlar, asarlarning va turdosh huquqlar ob’ektlarining kontrafakt nusxalari (huquq egasining iltimosi bo‘yicha ularga berilgan hollar bundan mustasno), shuningdek, kontrafakt asarlar va turdosh huquqlar ob’ektlarini tayyorlash va takrorlash uchun foydalanadigan asbob-uskunalar”, deya ro‘yxatni sanab o‘tdi Toshkent shahar Chilonzor tumani majburiy ijro byurosi xodimi Doniyor Yo‘ldoshev.

Vazirlar Mahkamasining 200-sonli qarori talablariga javob bergan, ekspertiza xulosalarida yo‘q qilinishi belgilanmagan tovar-moddiy boyliklari sud qarori bilan davlat daromadiga o‘tkaziladi. 

Masalan, 2023 yilning dastlabki 5 oyi davomida Majburiy ijro byurosining birgina Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan qariyb 1 mlrd 750 millionlik tovar moddiy boyliklari va pul mablag‘lari davlat daromadiga o‘tkazilgan. 

Musodara qilingan tovarlarni realizatsiya qilish esa juda murakkab jarayon. Xo‘sh, bu vaqtda musodara qilinib, olib qo‘yilgan tovarlar mas’ullar tomonidan almashtirib qo‘yilmaydimi? Ular tovarlarni haqiqatdan ham yo‘q qiladimi yoki cho‘ntagiga urib qoladimi?

“Bunday holatlar kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Men o‘z tajribam davomida hech duch kelmaganman, biroq shunday holatlar haqida eshitganman. Saqlovchi tashkilot tomonidan yoki boshqacha tarzda saqlovga javobgar shaxs tomonidan huquqbuzarlik holatlari amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda mansabdor shaxsga qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli materiallar sudga yuboriladi. Lekin asliga Vazirlar Mahkamasining biz yuqorida tilga olgan qarori asosida tasdiqlangan nizom talablariga ko‘ra, MIB, noqonuniy tovarni ushlagan organ hamda savdo tashkilotlariga hattoki davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni sotib olish ham taqiqlanadi. Shuningdek, ushbu mol-mulkni qonuniy tarzda o‘sha savdo nuqtalaridan borib o‘zimiz xarid qilishimiz ham mumkin emas. Auksion savdolarida qatnashishimiz ham qonun hujjatlarida qat’iy ta’qiqlangan. Yo‘q qilish tadbirlarida tovarlarni yo‘q qilishdan oldin barcha mol-mulk davlat ijrochisi, xolislar, ushlagan organ, saqlovchi organ, tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul bo‘lgan organ, sanitariya va epidemiologiya davlat muassasasi va boshqa tashkilotlar ishtirokida sanoqdan o‘tkaziladi. Sanoqdan to‘g‘ri chiqqandan keyingina tovarlar yo‘q qilinadi”, dedi Toshkent shahar Chilonzor tumani MIB xodimi Doniyor Yo‘ldoshev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made