“Munosabatlarimizning “arxitektori” Shavkat Miromonovich”. Rahmon va Mirziyoyev Xo‘jandda nutq so‘zladi
Jamiyat
−
11 iyun 2021
4459Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan joriy yilning 10-11 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo‘lib turibdi. Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan birgalikda Xo‘jand shahri yaqinidagi “Arbob” madaniyat saroyiga tashrif buyurdi. Bu yerda So‘g‘d viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Tojikiston peshvosi Imomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat o‘rtasida ishonch va do‘stlik muhiti yaratilganini ta’kidlagan.
“Ilgari to‘planib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib bo‘larmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz o‘rtasida hal bo‘lmagan masala qolmadi, o‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va “arxitektori” hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev”, deydi Imomali Rahmon.
Shuningdek, keyingi yillarda davlat chegaralarida 17 ta o‘tkazish punkti ochilgani, Tojikiston xalqi bundan minnatdor ekani qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarga chuqur hurmatini bildirib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni qadrlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida nutq so‘zladi.
“So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qaror topgan yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tufayli biz ulkan natijalarga erishmoqdamiz. Albatta, bunday yutuqlarga erishishda Siz, azizlarning, ikki mamlakat jamoatchiligi va ziyolilarining beqiyos hissasi borligini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidenti tashrifining muhim qismi Xo‘jand shahrida o‘tayotgani bejiz emas. Bu qadimiy shahar o‘zbek va tojik xalqlari uchun birdek qadrli. U asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lidagi markazlardan biri bo‘lib, mintaqa madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan.
Xabarda yozilishicha, “dushmanga qarshi yelkama-yelka kurashgan buyuk sarkardalar — xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi va Xo‘jandning shonli farzandi Temur Malik jasorati xalqlar xotirasida muhrlanib qolgan”. Keyinchalik temuriylar, shayboniylar va xonliklar davrida ham Xo‘jand muhim qo‘rg‘on bo‘lgan, rivojlangan.
Uchrashuvda dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, mintaqada ham xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelayotgani qayd etildi.
“Biz tinchlik va barqarorlik, do‘stlik va hamkorlik kabi buyuk ne’matlarni alohida qadrlashimiz va mustahkamlashimiz, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini tarbiyalashimiz kerak. Sa’y-harakatlarimizni birlashtirsakkina, xalqlarimiz uchun tinchlik va xotirjamlikni, kelgusi avlodlarga farovon hayotni ta’minlashdek umumiy maqsadga erishishimiz mumkin. Ishonchim komilki, siz, ijodiy va ilmiy sohalarning hurmatli vakillari, o‘zingizning boy bilim va hayotiy tajribangiz, tashabbuskorlik va g‘ayratingiz bilan xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shasiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Shuningdek, yetakchilar “Arbob” madaniyat saroyini ko‘zdan kechirdilar. Ushbu majmua 1959 yilda barpo etilgan. U tojik xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega. O‘tgan asrning 90-yillari boshida bu yerda mamlakat mustaqilligiga doir muhim qarorlar qabul qilingan. Bu yerda 1992 yilda — Tojikiston taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan pallada Imomali Rahmon davlat rahbari lavozimiga kirishgan.
LiveBarchasi