“Munosabatlar jar yoqasida”. Bayden Si Szinpin bilan gaplashib olmoqchi
Olam
−
27 iyul 2022
4747AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSH-Xitoy aloqalari yomonlashgani sababli 28 iyul kuni Xitoy rahbari Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qiladi. Unda AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining avgust oyi boshida Tayvan oroliga tashrif buyurishi va Tramp tomonidan o‘rnatilgan ayrim boj tariflarni bekor qilish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bu haqda “Bloomberg” axborot agentligi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, AQSH va Xitoy munosabatlari 1972 yilda diplomatik aloqalar tiklangandan beri eng yomon nuqtaga kelgan.
AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, Si Szinpin qo‘ng‘irog‘i munosabatlar mojaroga aylanib ketmasligini ta’minlashga qaratilgan harakatlarining davomi bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pelosi keyingi oydagi Osiyoga safari chog‘ida Tayvanda to‘xtash haqida hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.
25 iyul kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan Pelosining Tanvanga ehtimoliy tashrifiga javob qaytarish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ogohlantirgandi.
“Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin rejalashtirilayotgan tashrifga javoban “qat’iy va kuchli” choralar ko‘rishga va’da bergan va agar Pelosi safarini Tayvanda davom ettirsa, bu ikki tomonlama munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, Bayden ma’muriyatini mumkin bo‘lgan harbiy javob haqida ogohlantirgan.
Ogohlantirishlarga qaramay, Nensi Pelosining xodimlari va xavfsizlik rasmiylari uning avgust oyi boshida Tayvanga tashrif buyurish rejalarini inkor etmayapti.
Qolaversa, Baydenning yordamchilarining aytishicha, u sobiq Prezident Donald Tramp Xitoy importiga qo‘ygan 350 milliard dollarga yaqin bojxona tariflarining ba’zilarini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilmoqchi.
Shuningdek, 24 iyul kuni CBS telekanalining “Face the nation” dasturida Savdo vaziri Jina Raimondo Prezident hali ham bu haqda o‘ylayotganini aytgan va “Bilasizmi, bu katta qaror”, deb qo‘shimcha qilgan.
Muhayyoxon Habibullayeva
LiveBarchasi