Muxlislar “Bavariya” bilan vidolashishga kelgan Levandovskiga hurmatsizlik qildi
Sport
−
02 avgust 2022
10437Bugun, 2 avgust kuni ertalab “Barselona” hujumchisi Robert Levandovski sobiq jamoasi “Bavariya” bilan xayrlashish uchun Myunxenga keldi.
Jurnalist Filipp Kesslerning yozishicha, Robert "Bavariya"ning kiyim almashtirish xonasiga borgan va sobiq jamoa a’zolari bilan xayrlashgan. Keyin klub murabbiylari va fizioterapevtlari bilan suhbatlashgan.
Shundan so‘ng, Levandovski "Bavariya"ning sport direktori Hasan Salixamijich va klub bosh direktori Oliver Kan bilan suhbatlashgan, shuningdek, polyak "Bavariya" muzeyiga ham borgan.
Levandovski "Bavariya" bazasidan chiqib ketayotganida, kiraverishda turgan bir qancha muxlislar "Hala Madrid" deb hayqirgan. Bunga javoban hujumchi qo‘lini mashina oynasidan chiqarib, bosh barmog‘ini ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, polshalik hujumchi mazkur yozda 45 million yevro evaziga “Bavariya”dan “Barselona” safiga qo‘shilgandi.
Levandovski 2014 yilda Germaniyaning "Borussiya Dortmund" klubidan "Bavariya"ga o‘tgan. Polyak Myunxen jamoasida o‘tkazgan 8 mavsumi davomida 375 o‘yinda maydonga tushib 344 gol va 72 assist qayd etgan.
Ibrohim Davronov
LiveBarchasi