Mo‘g‘ullarning Xorazmga bosqini sababchisi kim yoxud Chingizxonning Xudoga nolasi  (2- qism)

Tahlil

image

Kuni kecha e’lon qilingan “Xorazmshohlar davlatining qulashi yoxud Chingizxon diplomatik hiylasi”, nomli maqolamizda Mo‘g‘ul xoqoni va sulton Aloviddin o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro nizo haqida ma’lumot bergan edik. Galdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda mo‘g‘ullarning Xorazmshohlar davlatiga qilgan bosqinchilik yurishi haqida so‘z yuritamiz. 

O‘tror fojiasi

O‘trorda sodir bo‘lgan voqea haqida tarixchilar o‘rtasida turli qarashlar mavjud. Bir guruh tarixchilar qirg‘in Turkon Xotun tomonidan uyushtirilgan deyishadi. O‘tror hokimi Inalxon karvondagilarni josuslikda ayblab ularni hibsga oladi. Karvonda mo‘g‘ul savdogarlari ham bo‘lib, ularning ayrimlari, hatto, Chingizxonga yaqin qarindosh bo‘lgan. Inalxon karvondagi barchani qatl etish va mol-mulklarini musodara qilish uchun sulton Aloviddindan izn so‘rab, chopar yo‘llaydi. Xorazmshoh Muhammad bunga rozilik beradi. Shu tariqa o‘rtadagi ahdga vafo qilinmay 500 ga yaqin kishi tig‘dan o‘tkaziladi. Faqat birgina tuyakash bundan omon qolib, bo‘lgan voqeani Chingizxonga aytib beradi.

Karvondagi mo‘g‘ul savdogarlari josus bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin bunday xol Xorazm tomonidan mo‘g‘ul yurtiga yuborilgan savdo karvonida ham bo‘lgani tabiiy. Har ikki tomon ham bir-birlarining harbiy tayyorgarliklari haqida ma’lumot to‘plashga harakat qilishgan.

O‘trordagi qirg‘inni eshitgan Chingizxon, tarixiy kitoblarda yozilishicha, qattiq g‘azabdan yig‘lab yuborgan. Tarixchi Nasaviyning ma’lumot berishicha, Chingizxon bu voqealardan ta’sirlanib, uch kun o‘z xonasiga qamalib, shunday nola qilgan ekan.

“Ey Xudo, o‘zing guvoh san, men Aloviddinga tinch qo‘shnichilik, osoyishtalikni taklif etayotirman. U har gal taklifimga katta jinoyat – odam o‘ldirish bilan javob qilmoqda. Xorazmshohning ulkan davlati, lashkari va tarix oldida mening gunohim yo‘q. Urushni u boshladi. Men o‘zimni, qon va jon berib yaratgan davlatimni, xalqlarimni himoya qilishga majburman”. 

Chingizxon yuborgan elchining o‘ldirilishi

Mo‘g‘ul xoqoni Xorazmshoh Muhammad huzuriga Ibn Karfaj Bug‘roni (uning otasi sulton Takashning amirlaridan biri bo‘lgan) va ikki tatarni elchi qilib yuboradi.

Shahobiddin An-Nasaviyning bergan ma’lumotlariga qaraganda, Chingizxon sulton Aloviddinga quyidagi mazmunda maktub yo‘llagan: 

“Sen savdogarlarning bexavf-xatar bo‘lmog‘ini, ularga hech kim hujum qilmasligini yozib, o‘z qo‘ling bilan imzolagan va’dani bergan eding. Lekin xiyonatkorona yo‘l tutding va so‘zingni buzding. Bu ishni Islom sultoni tomonidan qilingani yana ham yomondir. Inalxon qilgan ish sening amring bilan bo‘lmaganini tasdiqlasang, u holda Inalxonni tutib ber, toki biz uni jazolaylik. Aks holda, eng aziz qalblarni larzon qiladigan va nayzalarning sopi sinadigan urush bo‘ladi”.

Bu maktubdan g‘azablangan Xorazmshoh elchi Karfaj Bug‘roni qatl etishga buyruq beradi. Uning ikki hamrohini esa soqoli va sochini qirdirib ortga jo‘natib yuboradi. Bu voqeadan so‘ng, Chingizxon bilan Xorazmshoh Muhammad o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lishi aniq edi. Xullas, sulton Aloviddin o‘zining uzoqni ko‘ra bilmasligi va kaltabin siyosati tufayli ikki o‘rtada boshlangan urushning aybdori sifatida tarixga kiradi.

Chingizxoning Qoraxitoy tomon yurish qilishi

Mo‘g‘ul xoqoni Xorazmshoh Muhammadga qarshi urush qilishga tayyorgarlik ko‘radi. U eng avvalo, eski dushmani Kuchluqxon hokimlik qilayotgan Qoraxitoyni bosib olishga qaror qiladi. Bu yurish Chingizxonning fikricha, kelajakda bo‘ladigan urushda mo‘g‘ul lashkarining so‘l qanoti xavfsizligini ta’minlar edi. Buning uchun Chingizxon Jo‘ji boshchiligida 20 ming kishilik qo‘shin jo‘natadi.

Kuchluqxon musulmonlarni zo‘rlab, Islom dinidan qaytarishga uringan. Qur’on va shariatga amal qilganlarni ayovsiz jazolagan. Azon aytib, namozga chaqirishlarni taqiqlagan. Musulmon din peshvolarini zindonlarga tashlab, madrasa devorlariga osgan. Mana shu joyda Xorazmshoh Muhammadning munosabati odamni hayron qoldiradi. Shundoqqina yonginasida musulmonlar aziyat chekayotgan bir vaqtda sulton Aloviddin xalifa An-Nosirga qarshi yurish bilan band edi. 

Mo‘g‘ul qo‘shini Qoraxitoy hududini egallayotganidan xabar topgan sulton Aloviddin darhol Samarqanddan katta qo‘shin bilan yo‘lga tushadi. Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, mo‘g‘ul lashkariga Jo‘chi boshchilik qilgan. Jo‘chi o‘z lashkariga Xorazmshoh Muhammadga qarshi jang qilmasdan, ortga chekinishni buyuradi. U sulton Aloviddinga do‘stona munosabatda bo‘lib shunday deydi: 

“Ey shahriyor, yoshlik etib, mullaga ishonib komronlik qilmagin. Ey shahriyor, dilimizni g‘amga solma, o‘z joningga qasdimizni qo‘zg‘ama. Chingizxon bu diyorga bizni boshqa ish bilan jo‘natgan. Lashkarpanoh, u shohdan sen bilan urishmoq ijozatini olmaganmiz”, degan. Bu gaplardan Xorazmshoh Muhammad g‘azabga kelib, “Agar Chingizxon senga men bilan jang qilmaslikni buyurgan bo‘lsa, Xudo menga senga hujum qilishni buyuryapti va men butparastlarni qirib tashlab, uning mehrini qozonmoqchiman”, deb javob beradi.

Jang qilishga majbur etilgan mo‘g‘ullar oz sonli bo‘lsalar-da, mardonavor jang qiladilar. Bu jangda sulton Aloviddin o‘zining 20 ming askaridan ayriladi. Ba’zi tarixiy manbalarda jang vaqtida Xorazmshoh Muhammad bir chetga chodir qurib, osh yeb o‘tirgani aytiladi. To‘qnashuvda sulton Aloviddinning o‘zi yaralanib, mo‘g‘ul lashkarining qurshovida qolib ketadi. Faqatgina sulton Jaloliddinning o‘z vaqtida yetib kelishi, sulton Aloviddinni muqarrar halokatdan saqlab qoladi. Mo‘g‘ullar bilan kechgan jang Xorazmshoh Muhammadda juda katta taassurot qoldiradi. U o‘z yaqinlariga “men bunday ajoyib qo‘shinni ko‘rgan emasman”, degan ekan. Chingizxonning o‘g‘li Jo‘chi ham jang maydonida Jaloliddin Manguberdining arslondek ot surishiga qoyil qolib, otasiga so‘zlab bergani haqida tarixiy ma’lumotlar uchraydi.


   
Qoraxitoyni o‘z davlati tarkibiga qo‘shib olgan Chingizxon 1218 yilda harbiy qurultoy chaqiradi. Qurultoyda muhokama qilingan asosiy masala Xorazm davlatiga qilinadigan bo‘lajak yurishga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat edi. 

Sulton Muhammadning bo‘lajak urushga tayyorgarlik ko‘rishi

1218 yil Xorazmshoh saroyida ulkan harbiy mashvarat chaqiriladi. Unda Chingizxonning hujumiga nisbatan ko‘rilajak chora masalasi muhokama qilinadi. Mamlakatning eng obro‘li va e’tiborli oqsoqollari o‘z fikr-mulohazalarini bildiradilar. Jumladan saroyning nufuzli arboblaridan biri Shahobiddin Al-Xivaqiy davlatning barcha lashkarini Sayhun (Sirdaryo) yaqiniga to‘plab, holdan toygan mo‘g‘ul qo‘shiniga favqulodda hujum qilishni taklif etadi. Shahzoda Jaloliddin bo‘lsa umuman boshlanajak urushning oldini olishni maslahat berib, nizoning kelib chiqishiga asosiy sababchi bo‘lgan Inalxonni Chingizxonga topshirishni aytadi. Lekin, Xorazmshoh bunga rozi bo‘lmaydi. Shunda Jaloliddin boshqa bir taklifni o‘rtaga tashlaydi. Unga ko‘ra, Movarounnahr, Xuroson, Eron va Arab yurtlarining barcha lashkar kuchlarini Buxoro yaqinidagi bir yerga jamlab, dushman bilan sahroda ochiq jang qilish kerak edi. Ammo, Xorazmshoh Muhammad qo‘shin bir yerga jamlashdan qo‘rqadi. Shu sababli mudofaa taktikasini tanlagan. Ba’zi tarixchilar sulton Aloviddin Chingizxon mamlakatni bir muddat talon-toroj qilib, so‘ng ortiga qaytib ketadi, deb o‘ylagan. Shuning uchun Xorazmshoh Muhammad mudofaa taktikasini tanlagan, deya ta’kidlashadi. 

Sulton Aloviddin lashkari Chingizxonnikidan bir necha barobar ortiq bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek o‘zining “To‘rt ulus tarixi” kitobida yozishicha, Xorazmshoh qo‘shini 400 mingdan kam bo‘lmagan. Boshqa adabiyotlarda bo‘lsa, sultonning qo‘shini 450 ming ekani ta’kidlangan. Biroq Xorazmshoh o‘z sarkardalariga, ayniqsa, qipchoqlarga ishonchsizlik bilan qaragan.

Chingizxon tuzgan reja

1219 yilning oxirida Chingizxon Xorazmshoh Muhammadga qarshi urush harakatlarini boshlab yuboradi. Bu paytda mo‘g‘ul qo‘shinining umumiy soni to‘g‘risida adabiyotlarda turlicha ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, Mixail Ivanin mo‘g‘ul jangchilari 250 mingdan oshmas edi desa, boshqa manbalarda Chingizxonning lashkari 200 ming kishi bo‘lganligi ta’kidlangan.

Chingizxon Irtish qirg‘oqlaridan to Sayhun (Sirdaryo) sohillarigacha bo‘lgan harakati davomida hech qanday qarshilikka duch kelmaydi. Hujumning dastlabki zarbasi O‘tror qal’asiga qaratilgan edi. Mo‘g‘ul xoqoni Xorazm davlatini tezroq zabt etish maqsadida o‘z lashkarini to‘rt qisimga bo‘lib, to‘rt yo‘nalish bo‘yicha yalpi hujumga o‘tadi. Chingizxon o‘g‘illari Chig‘atoy va O‘qtoyga 100 minglik qo‘shin qoldirib O‘tror shahrini qamal qilishni buyuradi. Kenja o‘g‘li Jo‘chini ikkinchi lashkarga bosh qilib, unga Sirdaryo etaklaridagi Sing‘oq, O‘zgan, Jand, Yangikent va boshqa shaharlarni bosib olishni topshiradi. Uchinchi qismga Oloqno‘yon va Suketu Chebri ismli sarkardalarni qo‘mondon etib tayinlaydi. Ularning vazifasi Sirdaryoning yuqori qismida joylashgan Binokat va Xo‘jand shaharlarini egallashdan iborat edi. Chingizxonning o‘zi esa kichik o‘g‘li Tuluxon bilan birgalikda yordamga kelayotgan dushman lashkarining yo‘lini to‘sish maqsadida Buxoroga yurish qiladi.

O‘tror qamali

Sulton Aloviddin O‘tror mudofaasi uchun katta kuch ajratadi. Qamal arafasida Qoracha Hojib qo‘mondonligida 10 ming qo‘shin O‘trorga yuboriladi. Juvayniyning ma’lumotlariga ko‘ra, bundan tashqari, Xorazmshoh Muhammad “Lashkari Birun” deb atalgan 50 ming kishilik lashkar jo‘natgan. O‘tror shahrining o‘zida taxminlarga ko‘ra 100 minglik qo‘shin bo‘lgan. 

Mo‘g‘ul qo‘shini O‘tror shahrini olti oy qamal qiladi. Ammo yuqori mansab va lavozimlarni egallab turgan Bahriddin Amid, Safiy Akra Hojib va yordamga yuborilgan Qoracha Hojib o‘z qo‘shini bilan sotqinlik qilib, dushman tarafiga o‘tib ketadilar. Buning oqibatida, olti oylik qamaldan so‘ng mo‘g‘ullar shaharni egallab oladilar. Chingizxon o‘z yurtiga sotqinlik qilgan Bahriddin Amid, Safiy Akra Hojib va Qoracha Hojiblarga qarab “Sizlar nima yeysizlar”, deb so‘raydi. “Bizlar yerdan o‘sib chiqqan giyoh-u mevalarni yeymiz”, deya javob berishadi. Mo‘g‘ul xoqoni biroz o‘ylanib, “Mol yerdan o‘sib chiqqan o‘tni yeydi, o‘t yeydigan molni biz yeymiz. Bular o‘t yesa, mol ekan! Bularni moldek so‘yib tashlay beringlar”, deb farmon beradi.

O‘tror qamal vaqtida Inalxon alohida jasorat ko‘rsatadi. Shahar taslim bo‘lganida, shahar hokimi o‘z lashkari bilan arkka qamalib, bir oy davomida mo‘g‘ullarga qarshilik ko‘rsatgan. Chingizxon qo‘shiniga Inalxonni tiriklayin qo‘lga olishni buyuradi. Tirikligicha qo‘lga olingan shahar hokimi xoqonning huzuriga jo‘natiladi. Tarixchi An-Nasaviyning yozishicha, Chingizxon kumushni eritib, Inalxonning ko‘zi va qulog‘iga quydirgan ekan. Boshqa manbalarda esa shahar hokimining oyoq-qo‘li bog‘lanib, yerga yotqizilgan. So‘ngra mo‘g‘ul qo‘shini uning ustidan yurib o‘tgani ta’kidlangan. 

Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida shunday yoziladi:

“Mo‘g‘ullar O‘trorning butun aholisini sahroga haydab chiqdilar. O‘tror hisorini qo‘lga kiritib, yer bilan barobar qildilar. Tirik qolganlardan, raiyat va hunarmandlarning ba’zilarini hibsga oldilar, ba’zilarini esa qul qilib haydadilar”. 

Buxoro qamali 

Buxoro tomon ketayotgan Chingizxon Zarnuq va Nur qal’alarini jangsiz qo‘lga kiritadi. Mo‘g‘ul qo‘shini 1220 yilning fevral oyida “Islom dini gumbazi” nomini olgan Buxoro shahriga yetib keladi. XIII asr boshlarida yashab o‘tgan fors tarixchisi shahar himoyachilarining sonini 12 ming kishidan oshmas edi, deb yozgan. Tarixchi Juvayni esa 20 ming degan ma’lumotni beradi. Mirzo Ulug‘bek o‘zining “To‘rt ulus tarixi” kitobida “30 ming kishi Buxoro mudofaasi uchun tayinlangan”, deb ta’kidlagan.

Buxoro qamali 12 kecha-yu kunduz davom etadi. Qal’adagi chuqurlar jasadlarga to‘lib ketadi. Mo‘g‘ullar yondirilgan, kuli ko‘kka sovurilgan shaharni egallagach, ko‘ngillariga kelgan noma’qulchiliklarni amalga oshiradilar. Shahar himoyachilari butunlay qirib tashlanadi.

Tarixchi Rashiddin shunday yozadi:

“Chingizxon otda masjidi jome oldiga kelib to‘xtadi va shaharning kazo-kazolarini o‘z huzuriga chaqirtirdi. Mo‘g‘ullar shahar omborxonalarini ochib, g‘allalarni tashib oldilar. Qur’on nusxalari saqlanadigan sandiqlarni otlarga oxur qildilar, masjidlarga meshlarda sharob keltirib joylab qo‘ydilar, shahar hofizlari va o‘yinchilarini chorlab, raqsga tushirdilar. Mo‘g‘ullar dol-g‘uliga keltirib, o‘z ashulalarini aytar edilar. Oqsuyaklar, ulamolar va shayxlar otboqarlar o‘rnida otlarni qo‘riqlashar edi”.

Buxoroning talon-taroj etilishi xususida Ibn Attor shunday yozgan edi:

“Ul kun haqiqatda dahshatli kun bo‘ldi. Bori manguga ketgan erlarining xotinlari, bolalarning tovushlarigina eshitilib turdi. Vahshiylar xotinlarni, qizlarni o‘zlarining birodarlari ko‘z oldida tahqirladilar. Bu tahqirlarga ularda ko‘z yoshlaridan o‘zga qurol topilmadi. Ko‘plar dahshatli manzaralardan ko‘ra o‘limni ortiq ko‘rdilar. Qozi Badriddin, Imom Rukniddin va uning o‘g‘li bu nomussizlik manzaralariga chiday olmay, g‘azablanib, o‘zlari teng bo‘lmagan dushmanga hujum qilib, halokat topdilar”.

Samarqand mo‘g‘ullar tomonidan egallanishi

Buxoro shahrini egallagan Chingizxon Samarqand tomon yo‘l oladi. U 1220 yilning mart oyida Samarqandga yetib keladi. Mo‘g‘ul xoqoni shaharni egallash uchun alohida e’tibor qaratib, avvalo yon-atrofdagi qishloqlarni birma-bir bosib oladi. Chingizxon o‘z qo‘shinini shahardan uzoqroqqa joylashtiradi. Bu harbiy hiyla bo‘lib, maqsad Samarqand himoyachilariga o‘z lashkarining sonini ko‘p qilib ko‘rsatish edi. Shahar tashqi aloqadan uzib qo‘yilgach, Chingizxon o‘z qo‘shiniga hujumga o‘tishni buyuradi. 

Samarqand shahrida 110 minglik qo‘shin bo‘lib, 20 ta jangovar fil ham bor edi. Shahar oziq-ovqat zaxirasi, mudofaa istehkomlarining puxtaligi jihatidan bir necha yillik qamalga ham chidashi mumkin edi. O‘z qarorgohini mo‘g‘ullar bosqini boshlanishi bilanoq Balxga ko‘chirgan sulton Muhammad ham Samarqand mudofaasiga umid ko‘zi bilan boqar edi.

Qamal vaqtida Tog‘ayxon boshchiligidagi turk sarkardalari katta xatoga  qo‘yadilar. Ular mo‘g‘ullar bizni o‘z millatdoshlaridek qabul qiladilar, degan xomxayolga berilib, 30 minglik qo‘shin bilan Chingizxon tomonga o‘tishni ixtiyor etadilar. Bu taklifni mo‘g‘ul xoqoni ayyorlik bilan qabul qiladi. Qamalning beshinchi kuni shahar qozisi va shayxulislomi Chingizxonga vakil yuborib, 1220 yilning 16 mart kuni Samarqand darvozasini dushmanga ochib berishadi. Shaharda ommaviy qirg‘in boshlanadi. Qozi bilan shayxulislomga o‘z odamlari bilan chetga chiqib turushga ruxsat beriladi. Samarqand talon-taroj etilgach bir kundan so‘ng, To‘g‘ayxon va uning 30 minglik qo‘shini tunda qirib tashlanadi.

Mo‘g‘ullar Samarqandning bosh suv ombori “Juzi arzis”ni buzib tashlab, shahar aholisini suvsiz qoldiradilar. Chingizxon Samarqand shahrida 30 mingga yaqin hunarmand va rassomlarni asirlikka oladi. Ularni o‘z farzandlari, xotinlari, qo‘shin boshliqlari va qarindoshlariga xizmatkorlikka bo‘lib beradi. Tarixiy manbalarda yozilishicha shahar qozisi va shayxulislomi samarqandlik 5 ming kishini 200 ming oltin tanga tovon to‘lash evaziga shaharga qaytarib olib kelgan ekan. Shu tariqa Xorazmshohlar davlatining muhim shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqand mo‘g‘ullar tomonidan kuli ko‘kka sovriladi. O‘sha vaqtda Chingizxonning xizmatida bo‘lgan xitoylik Chan Chunning yozishicha, mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng shaharda ilgari bo‘lgan aholining chorak qismi omon qolgan ekan.

Samarqand ham vayron bo‘lganligini eshitgan Xorazmshoh Muhammad batamom umidsizlikka tushib, davlat ishlaridan umuman uzoqlashadi. Sulton Aloviddin bir kishini Xorazmga jo‘natib, onasi Turkon Xotunga xotinlari va bolalar bilan barcha xazinalarni olib, Mozandaronga ketishi lozimligini aytadi. Sulton Aloviddin o‘z vazirlari va lashkarboshilari bilan davlatni halokatdan qutqarish to‘g‘risida maslahatlashadi. Sarkardalarning bir qismi hozir Movarounnahrni himoya qilish payti emasligini aytib, Xuroson va Iroqni himoya qilishga diqqat qaratish lozimligini maslahat beradilar. Boshqa saroy amaldorlari esa barcha qo‘shinni G‘aznada to‘plab, shu yerda dushmanga qarshi jang qilish va zarurat bo‘lsagina Hindistonga chekinishni taklif qiladilar. Xorazmshoh Muhammad Iroqqa chekinishni ma’qul ko‘radi. Sulton Jaloliddin otasining bu qarorini eshitib shunday deydi:

“Agar sulton Iroqqa ketadigan bo‘lsa, lashkarini menga qoldirsin. Men esa Jayhun (Amudaryo) bo‘yida turgum. Daryoning u tomonini mo‘g‘ullar egallaydigan bo‘lsa, bu tomonga o‘tkazmaymen, monelik qilurmen. Eng to‘g‘ri yo‘l shul. Ketib Jayhun tomonga chodir tikaman, dushmanlar joniga qasd qilurmen. Bu sipoh bilan u yerga yetsam, daryoning u tomoniga g‘anim bormagay”. 

Lekin bu gaplar Xorazmshoh Muhammadning qulog‘iga kirmaydi. U Kaspiy dengizining Ashur oroliga borib yashirinadi va o‘sha yerda plevrit (o‘pkaga suv yig‘ilishi) kasalligiga duchor bo‘ladi. O‘limi yaqinlashganini sezgan sulton Muhammad o‘g‘illarini yoniga chorlab, sulton Jaloliddinning beliga qilich taqib, uni taxt vorisi deb e’lon qiladi. Shundan so‘ng, Xorazmshoh Muhammad 1220 yilning dekabr oyida vafot etadi. 

Mirzo Ulug‘bek o‘zining “To‘rt ulus tarixi” kitobida shunday yozadi.

“Qancha urinishmasin Xorazmshohga kafan topa olmadilar, so‘ng sulton Aloviddinni o‘zi kiyib yurgan kiyimida dafn qildilar”.       

1221 yilning boshida taxt vorisi deb e’lon qilingan Jaloliddin shahzodalar Oqshoh, O‘zloqshohlar bilan Urganchga keladi. Lekin Urganchdagi siyosiy vaziyat, Jaloliddinni shahar mudofaasiga bosh bo‘lish fikridan qaytaradi. Qipchoqlar uni hokimiyat tepasiga kelishini xohlamas edilar. Sobiq Jand noibi Qutlug‘xon tunda sultonga qarshi suiqasd uyishtiradi. Tirik qolgan Jaloliddin Temur Malik bilan birgalikda 300 ta sodiq navkari bilan shaharni tark etib, Xurosonga yo‘l oladi. U yerda kuch to‘plab, mo‘g‘ullarga qarshi ozodlik kurashini olib boradi.

Keyingi maqolamizda sulton Jaloliddin va Temur Malikning birgalikda mo‘g‘ul bosqinchiligiga qarshi kurashi haqida ma’lumot beramiz.

Sardor Ali Nurmatov


 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

252

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing