Mudofaa vazirligi portlash bo‘lgan harbiy qismdagi o‘q-dorilarning holati haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
22 Oktabr 2022
24955Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism omborida sodir bo‘lgan yakka tartibda portlash bo‘yicha harbiy mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda mudofaa idorasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar hamda og‘ir jarohat olganlar yo‘q. Portlash oqibatida harbiy qism atrofdagi ayrim mahallalardagi yengil konstruksiyalar, oynalarga shikast yetgan.
Ayni vaqtda mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda, harbiy qism atrofida joylashgan mahallalar qamrab olinib, yetkazilgan zararni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
“Ta’kidlash kerakki, harbiy qismdagi o‘q-dori zaxirasi xavfsizlik talablariga javob beradigan, Davlat standartlariga mos ravishda, zamonaviy maxsus omborlarda saqlanmoqda. Ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 22 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati Malik aholi punktidagi harbiy qism omborida portlash yuz berdi. SSVga ko‘ra, hodisada 16 kishi jabrlangan.