Moskvada yangi yil korporativlari uchun qat’iy talablar o‘rnatildi
Olam
−
13 noyabr 2020
4027Rossiya poytaxti Moskvada yangi yil korporativ bayramlarida mehmonlar soni 50 kishidan oshmasligi, shuningdek, hamma niqob va qo‘lqopda bo‘lishi shart qilib qo‘yildi. Bu haqda TACC ma’lum qildi.
“Ijtimoiy masofani saqlash kerak bo‘ladi. Aks holda muassasa va qoidani buzgan kishilar jarimaga tortilishi mumkin”, deydi Moskva bosh nazorat kengashi rahbari Yevgeniy Danchikov.
Agentlik tomonidan ma’lum qilinishicha, nafaqat korporativ, balki har qanday tadbirlar barcha talablarga rioya qilingan holda o‘tkazilishi kerak: ishtirokchilar sonini cheklash, sanitariya talablariga rioya qilish, ijtimoiy masofani kuzatish, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish juda muhimligi aytildi. Shuningdek, tadbir soat 23:00 gacha bo‘lgan cheklangan vaqtda o‘tkazilishi kerak.
Danchikov tushuntirishicha, mehmonlar stolda niqob va qo‘lqoplarini yechib olishlari mumkin, lekin xonada harakatlanayotganda ularni kiyishlari, shuningdek, ijtimoiy masofani saqlashlari kerak. Kafe, restoran, do‘kon, savdo va ko‘ngilochar markazlar, jamoat transporti, fitnes markazlari, teatrlar, kinoteatrlar va boshqa jamoat joylarida nazorat choralari Moskva hokimiyatining vakolatli organlari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.
Jismoniy shaxslar uchun niqob va qo‘lqop rejimini buzganlik uchun jarima, qonunga ko‘ra, 4 ming rublni tashkil etishi belgilangan. Yuridik shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik 300 ming rublgacha jarima to‘lash shaklida bo‘lib, qoidabuzarlik qayta takrorlnsa, ular faoliyati 90 kungacha to‘xtatilishi mumkin.
Dinara Yusupova
LiveBarchasi