Moskva mehnat muhojirlari uchun patent narxini oshiradi

Olam

image

2022 yilda Rossiya poytaxtida mehnat qiluvchi muhojirlarning patent narxi oshadi. Bu haqda Moskva merining saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, chet elliklar uchun mehnat patentining narxi mehnat bozorining hududiy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsiyentdan hisoblanadi. Moskva hukumati vaziri, shaharning iqtisodiy siyosat boshqarmasi boshlig‘i Kirill Purtovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab koeffitsiyent ortadi.

“Qabul qilingan qonunga muvofiq, 2022 yilda mehnat bozorining hududiy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsiyent 2,3878 dan 2,4832 gacha oshiriladi. Bu patent narxini oyiga 5900 rublgacha oshiradi. Avvalgi narx – 5 341 rubl 2020 yilda belgilangan va bu yil ham o‘zgarmadi”, deydi Purtov.

Qayd etilishicha, patent qiymatini indeksatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror mehnat muhojirlarining an’anaviy tarmoqlari – qurilish va uy-joy-kommunal xo‘jaligidagi maoshlari oshirilishi munosabati bilan qabul qilingan: birinchi yarim yillikda ular 9,5 foizga oshgan.

Xarajatlarning oshishi xorijliklar uchun soliq yukini tenglashtirishga va Rossiya mehnat bozoridagi ish o‘rinlarini himoya qilishga yordam beradi, deyiladi hisobotda. Bundan tashqari, bu byudjetga qo‘shimcha 1,7 milliard rubl olib keladi.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiyada ishga joylashish uchun patentlar 2015 yilda joriy etilgan. Ular Rossiya Federatsiyasiga vizasiz kiradigan Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari uchun zarurdir.

Kirill Purtovga ko‘ra, joriy yilning o‘n oyida Moskvada 528 ming patent berilgan va shaxsiy daromad solig‘i ko‘rinishidagi shahar byudjeti tushumlari 16,2 milliard rublni tashkil etgan. O‘z navbatida, 2015 yildan beri berilgan mehnat patentlari soni uch milliondan oshdi, byudjetga esa 107 milliard rubldan ortiq soliq o‘tkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

331

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing