Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Xorazm viloyati hokimligiga qarshi ish ochdi

Jamiyat

image

Xorazm viloyatidagi 13 ta tadbirkor yerga eggalik huquqi berilmagani sababli 2 yildan beri sarson bo‘lmoqda. Mazkur masalaga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aralashdi.

Qayd etilishicha, tadbirkorlar uchun ajratilgan yer maydonlarida binolar qurilgan, lekin egalik huquqi hali ham hokimlik tasarrufida turibdi. 

Aniqlanishicha, Urganch tuman hokimligi tomonidan 2018 yildagi qarori bilan “Obod mahalla” dasturi asosida tumaning G‘alaba qishlog‘i "Qumravot" mahallasi hududidan jami 13 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga jami 0,5 ga yer ajratib berilgan. Ushbu qarorga asosan fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish ishlari boshlangan va aksariyat ob’ektlar qurib bitkazilgan. 

Lekin tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qabul qilgan qarorlari viloyat hokimi qarori bilan ma’qullanmaganligi oqibatida qurilgan ob’ektlar uchun tadbirkorlarga egalik xuquqi berilmagan va bu ish faoliyatini boshlashlariga yoki qurilish va jihozlash ishlarini davom ettirishga to‘siq bo‘lib qolganligi aniqlangan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur muammoli masala Hukumat darajasiga ko‘tarilgan va o‘rnatilgan tartibda hal etish yuzasidan Xorazm viloyati hokimligiga 2020 yilning 1 iyuliga qadar muddat berilgan edi. 

Biroq, ushbu muddatda ham masala hal etilmaganligi sababli Qo‘mita tomonidan Xorazm viloyati hokimligiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi talablari buzilishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimligi Urganch tumani G‘alaba qishlog‘i "Qumravot" mahallasi hududidan jami 13 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlab berdi. Natijada, ushbu hududda ish faoliyatini boshlay olmayotgan 13 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga qurilish ishlarini yakunlash hamda faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun sharoit yaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan qurilgan ob’ektlarni ishga tushirish orqali jami 12 mlrd so‘mdan ortiq investitsiyalar (shundan 1 mlrd so‘mdan ortiq bank krediti) jalb qilinishi va 130 nafardan ortiq odam doimiy ish o‘rinlari bilan band etilishi ma’lum bo‘lgan. Lekin hokimlik tomonidan ularga to‘siq qo‘yib turilgan. 

Qayd etish keraki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarga hech qanday to‘siq va muamolar bo‘lmasligi haqida har bir yig‘ilishida alohida ta’kidlab kelmoqda.

“Yagona yo‘limiz  tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish! Har bir hokim byudjetga qo‘shimcha daromadlarni ta’minlashi uchun o‘zi izlanishi, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka ishlashi kerak”, degan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing