Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi “Uzbekistan Airports”ga yengildimi?
Jamiyat
−
18 fevral 2023 7298 3 daqiqa
2022 yilning 12 sentyabr kuni “Uzbekistan Airports”ga qarashli Toshkent aeroporti hududida auksion orqali g‘olib deb topilgan “Bobur Diyor” MCHJ taksi xizmati ish boshlagandi. Unga ko‘ra, “Taxi Airport Tashkent” stikerlari tushirilgan, yukxonaga ega yangi benzinli avtomobillar uchib kelish zali chiqishida turadigan bo‘ldi.
Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi taksi xizmatining ishga tushirilishiga izoh berar ekan, buning sababi sifatida aeroport oldida taksilarning betartib faoliyat yuritishini ko‘rsatdi.
Biroq mazkur xizmatni tartibli tashkillashtirishda nima uchun bitta korxona tanlangani jamoatchilikning ko‘plab savollariga sabab bo‘lmoqda.
“Uzbekistan Airports” o‘tkazgan auksionda asosiy talab avtomashinalarning ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagani va faqat benzinda harakatlanishi lozimligi qayd etilgan edi. Bu talabga butun Toshkentda faqat bitta kompaniya javob bergan bo‘lishi mumkinligi esa ishonib bo‘lmas holatdir. Bu yo‘nalishda raqobatni ta’minlash maqsadida bir necha korxona tanlangani ma’qul emasmidi?
QALAMPIR.UZ’ning mazkur savoliga 17 fevral kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva quyidagicha javob berdi:
“Ha, tender bo‘lib o‘tib, unda bir qancha kompaniyalar qatnashdi. Bizning qat’iy talablarimiz bor edi. Avtomobillarning tozalik holati, ulardagi haydovchilarning xushmuomalaligi, to‘lovni naqd pul va plastik karta orqali amalga oshirish mumkinligi, taksida turli tariflar joriy etilgani, masalan, “Komfort”, “Biznes”, “Lyuks” va “Premium”, ya’ni odamlarning talabiga qarab taksi chaqirish mumkinligini inobatga oldik”, dedi Jo‘rayeva.
Uning aytishicha, aeroport mas’ullari taksi masalasida Monopoliyaga qarshi kurashish agentligini “yenggan”.
“Antimonololiya qo‘mitasi bu masalani ko‘rib chiqdi. Biz o‘zimizning haqligimizni isbotlab berdik. Biz monopoliyaga yo‘l qo‘ymadik. Qonun doirasida ishladik. Endi yana bitta kompaniyani tanlab olmoqchimiz. Tanlov g‘olibini esa biz hal qilmaymiz. U elektron tanlov asosida aniqlanadi”, deya ta’kidladi Ra’no Jo‘rayeva.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Kuniga 12 ming, tig‘iz soatlarda 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan aeroport uchun 100 ta mashinasi mavjud yagona taksi kompaniyasi yetarli bo‘ladimi? Bundan tashqari, taksi narxi minimum 30 ming so‘mdan boshlanadi, shuningdek, ma’lum doiradan tashqarida kilometriga 3000 so‘mdan qo‘shilib boradi – bu esa yo‘lovchi cho‘ntagiga “og‘irlik” qilishi mumkin.
Bunday vaziyatda Yevropa tajribasiga tayangan holda aeroportdan shahar markazigacha bepul jamoat transporti faoliyatini yo‘lga qo‘yishning iloji bormi?
“Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva bu savolga javob berar ekan, faqat Toshkentda emas viloyatlarda ham jamoat transportlari bilan bog‘liq muammolar borligini ta’kidladi.
“Bizning mamlakatda jamoat transporti 24 soat tinmay harakat qilishi kerak. Bu zarur. Biz faqat hokimiyat bilan gaplashib avtobus kirishi uchun yaqinroqqa bekatni ko‘chirishimiz mumkin. Lekin hozir avtobusdan foydalanib, odamlarni aeroportga olib kirish mumkin emas. Biz hozir ikkinchi va uchinchi raqamli terminallar orasida o‘zaro xizmat qiluvchi o‘zimizning avtobuslarimizni yo‘lga qo‘yganmiz. Xalqaro yo‘nalishlarga o‘tishda odamlar tekinga undan foydalanishlari mumkin”, deydi Jo‘rayeva.
Shuningdek, u taksi xizmatini shaharda butunlay elektronlashtirishni taklif qildi.
“Yo‘lovchilar ko‘p, avtobuslar esa yetishmayapti. Taksini ham elektron qilish kerak. Chet eldagi kabi bosib o‘tiladigan manzilga qarab pul to‘lanishi kerak. Bizda esa odamlar ko‘chada taksi bilan savdolashib o‘tirishadi. Biz bekatlar qo‘shishga harakat qilyapmiz. Bu haqida hokimiyatga murojaat qilganmiz”, deya qo‘shimcha qildi Jo‘rayeva.
Live
Barchasi