Monarxlardan qolishmaydigan Prezidentlar yoxud MDHda kim ko‘p hukmronlik qilyapti?
Bu qiziq
−
04 iyul 2020
25179Dunyo XXI asrning uchinchi dekadasiga kirgan bir vaqtda ham qonunlarni chetlab o‘tib yoki ularni o‘ziga moslashtirib, davomiy hukmronlik qilayotgan Prezidentlar oz emas. Ularning ko‘pchiligi Osiyo va Afrika davlatlari rahbarlari hisoblanadi. Chunki shu ikki qit’a davlatlarida demokratiya va avtoritar tuzum qorishib ketgan.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda ham uzoq vaqtdan beri hokimiyatda qolayotgan Prezidentlar yo‘q emas. Xususan, joriy yilning 1 iyul kuni Rossiyada Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun o‘tkazilgan saylov natijasida amaldagi Prezident Vladimir Putin hokimiyatda yana 12 yil qolish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Dunyoda 10 yildan ortiq vaqtdan beri iqtidorda qolayotgan rahbarlar talaygina. Ularning ko‘pchiligini O‘zbekistonda deyarli bilishmaydi.Shu sababli biz dastlab MDHda kimlar 10 yildan ortiq vaqtdan beri hokimiyat tepasida qolayotganiga qiziqdik.
Imomali Sharipovich Rahmon (Tojikiston)
Imomali Rahmon MDH davlatlari orasida hokimiyatda qolish bo‘yicha ro‘yxatda peshqadamlik qilyapti. U 1994 yil 16 noyabrdan boshlab Tojikiston Prezidenti hisoblanadi. Rahmon uzoq yillardan beri hokimiyatda qolayotganiga qaramay Tojikistonning birinchi emas, uchinchi Prezidenti. Undan avval Qahhor Mahkamov (1990 yil 30 noyabrdan 1991 yil 31 avgustgacha) va Rahmon Nabiyev (qisqa tanaffus bilan 1991 yil 23 sentyabrdan 1992 yil 7 sentyabrgacha) Tojikiston Prezidenti bo‘lgan. Biroq Rahmon Nabiyev 1992 yilda fuqarolar urushi boshlanishiga sababchi bo‘lgach, bosim ostida hokimiyatdan ketgan. Oradan 7 oy o‘tib, sirli ravishda vafot etgan.
Imomali Rahmon fuqarolar urushidan keyin hokimiyatga kelgan. U 1992 yil 27 noyabrdan1994 yil 16 noyabrgacha Tojikiston Respublikasi Oliy kengashi raisi bo‘lgan va amalda davlatni boshqargan.1994 yilda Prezident lavozimini egallagan.
Bugungacha u to‘rt marta (1994, 1999, 2006, 2013 yillar) prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan. U “Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat yetakchisi” oliy unvoniga ega. Rahmon faoliyati davomida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va referendumlar orqali vakolatlarini kengaytirib borgan. Xususan, so‘nggi bor 2016 yilda o‘tkazilgan referendum natijasida Imomali Rahmonga Tojikiston Prezidentligiga istalgancha saylanish huquqi berilgan.
Rahmon Prezidentligi davomida 5 ta Bosh vazir bilan ishlagan. Amaldagi Bosh vazir Qohir Rasulzoda 2013 yilda tayinlangan.
Imomali Rahmon 1952 yil 5 oktyabrda Ko‘lob viloyatining Dang‘ara tumanida dunyoga kelgan. Oilada uch farzandning kichigi bo‘lgan. Rahmonning ikki o‘g‘li (Rustam va Somon) hamda yetti qizi (Feruza, Ozoda, Ruhshona, Taxmina, Parvina, Zarina va Farzona) bor. U Tojikistondagi yuqori lavozim va yirik kompaniyalarni farzandlari, qudalari va boshqa qarindoshlariga sahiylarcha bo‘lib bergan.
Aleksandr Grigorevich Lukashenko (Belarus)
Belarus Prezidenti MDH davlatlari orasida hokimiyatda qolish bo‘yicha ro‘yxatda Rahmon bilan birga (agarda Imomali rahmon 1994 yilda Prezident bo‘lgan desak) sarbonlik qilyapti. U 1994 yilning 20 iyulidan beri uzluksiz Belarusni boshqarib kelyapti. Belarus va rus jamoatchiligi orasida “Batka” deb ataluvchi Lukashenko bu vaqt oralig‘ida 5 marta prezidentlikka saylangan, oltinchi muddatga ham da’vogar bo‘lib turibdi. Saylov joriy yilning 9 avgust kuniga belgilangan.
Belarus Prezidenti 26 yillik faoliyati davomida Hukumat rahbari 8 marta almashgan. Hozirda Lukashenko to‘qqizinchi Bosh vazir Roman Golovchenko bilan ishlayapti.
Lukashenko saylovoldi nutqlarida ko‘p bor prezidentlikni berib qo‘ymasligi haqida aytib o‘tdi. Agar u yana saylansa, 2025 yilgacha hokimiyatda qoladi.
Lukashenko 1954 yilda Viteb viloyatining Orshan tumani Kopis qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning uch nafar o‘g‘li bor. Ularning kattasi Viktor 44, o‘rtanchasi Dmitriy 40 va kenjasi Nikolay 15 yoshda. Kenja o‘g‘il otasi bilan rasmiy tadbirlarda tez-tez ko‘rinish beradi. U Moskvadagi G‘alaba paradida ham qatnashdi.
Vladimir Vladimirovich Putin (Rossiya Federatsiyasi)
SSSRning qora ishlarini qilib kelgan KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)dan chiqqan, asli razvedkachi bo‘lgan Vladimir Putin mana 20 yildirki Rossiyada umrguzaronlik qilib kelyapti. Putin 1952 yil 7 oktyabr kuni Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg shahri)da tug‘ilgan.
Putin 1999 yil 16 avgust kuni Rossiya Bosh vaziri bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi RF Prezidenti Boris Yelsin ko‘p o‘tmay hokimiyatni Putinga topshirishini ma’lum qilgan. U 1999 yil 31 dekabrdan boshlab mamlakat rahbari vazifasini bajara boshlagan. 2020 yilgacha 16 yil davomida mamlakat Prezidenti bo‘lgan. 2008-2012 yillarda Dmitriy Medvedev Prezidentligi davrida u Bosh vazir lavozimini egallagan.
Vladimir Vladimirovich 2000, 2004, 2012 va 2018 yillardagi prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan. 2012 yilda saylovdan oldin prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga uzaytirilgan. Shu tariqa Putin yana ikki muddatga saylanish huquqini qo‘lga kiritgan.
Putinning amaldagi prezidentlik muddati 2024 yilda yakunlanadi. Bu uning so‘nggi saylanishi bo‘lishi kerak edi. Ammo uddaburon Vladimir qayta saylanish uchun zaminni kelasi saylovgacha hali 4 yil borligidayoq hozirlab qo‘ydi.
1 iyul kuni Rossiya Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish uchuch referendum o‘tkazildi. O‘zgartirishlarni saylovda qatnashganlarning 77,92 foizi ma’qulladi. 21,27 foizi esa qarshi bo‘ldi. Unga ko‘ra, Putinning prezidentlik muddatlari “nollashtirildi”. Endi u yana ikki marta prezidentlikka nomzod bo‘lishi va saylansa, 2036 yilgacha hokimiyatda qolishi mumkin.
67 yoshli Putin turmush o‘rtog‘idan ajrashgan. Uning ikki qizi (Mariya va Katerina) bor. Putinning oilasi u qadar katta bo‘lmagani uchun uning qarindoshlari yuqori lavozimlarni egallab o‘tirishi haqida ma’lumot yo‘q. Ammo uning hokimiyati “soya”sidan bahra olayotgan do‘stlari talaygina.
Ilhom Haydar o‘g‘li Aliyev (Ozarbayjon)
Ozayrbayjon Prezidenti MDHdagi uzoq yillik Prezidentlar ro‘yxatidan to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Ozarbayjonning uchinchi Prezidenti Haydar Aliyevning o‘g‘li va merosxo‘ri Ilhom Aliyev mamlakatni boshqarayotganiga ham 17 yil to‘ldi. U 2003 yilda otasi vafotidan (2003 yil 12 dekabr) biroz avval 31 oktyabr kuni Prezident bo‘lgan.
Ilhom Aliyev to‘rt marta (2003, 2008, 2013 va 2018 yillar) prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan. Qator xalqaro kuzatuvchilar fikricha, Ilhom Aliyev davrida Ozarbayjonda siyosiy muhit barqarorlashgan. Shunga qaramay, uning hokimiyatini diktatura va avtoritar tuzum deb atovchilar ham yo‘q emas.
Ilhom Aliyev xam Imomali Rahmondek yuqori lavozimlarni yaqinlaridan ayamagan. Bu o‘rinda eng avvalo, Aliyevning rafiqasi, mamlakat Birinchi xonimi Mehribon Aliyevani aytmay iloj yo‘q. Mamlakat Birinchi xonimi bir vaqtning o‘zida vitse-prezident ham hisoblanadi. Ilhom va Mehribon Aliyevalarning bir o‘g‘li (Haydar) va ikki qizi (Orzu va Leyla) bor.
Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov(Turkmaniston)
Turkmanistonning ikkinchi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2006 yil 21 dekabr kuni hokimiyat tepasiga kelgan. Uning hokimiyatiga ham deyarli 14 yil bo‘ldi. U tibbiyot va iqtisodiy fanlar bo‘yicha doktorlik darajasiga ega.
Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatga Turkmanboshi Saparmurod Niyozov vafotidan keyin kelgan. Berdimuhamedov “Arqadag‘” (himoyachi, homiy) unvoniga ega.
U 1957 yilda 29 iyun kuni Ashxobod viloyatining Ko‘ktepa tumani Babarpa qishlog‘ida tug‘ilgan. Asli tibbiyot sohasi mutaxassisi bo‘lgan Berdimhamedov 1997 yildan Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida siyosiy faoliyatini boshlagan.
“Arqadag‘” boshqa davlatlar rahbarlaridan o‘zining rang-barang xobbilari bilan ajralib turadi. U o‘q otish, qo‘shiq aytish, poyga avtomobillarini yig‘ish va ralli musobaqalarini uyushtirishni yaxshi ko‘radi. Shuningdek, Berdimuhamedov ko‘p sonli kitoblar muallifi hamdir. Ularning orasida tibbiyotga oid kitoblar ham talaygina.
Berdimuhamedov davrida Turkmaniston yopiq siyosat olib boryapti. 2018 yil ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat BMTga a’zo 146 davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan. Turkmanistonda 30 ta davlat va 15 ta xalqaro tashkilotning vakolatxonasi faoliyat yuritadi. Mamlakatning asosiy hamkorlari Belarus, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Eron va Qozog‘iston hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, yuqorida faoliyati bilan tanishib chiqqan Prezidentlarimiz nafaqat MDHda, balki Osiyoda ham eng ko‘p hukmronlik qilgan rahbarlar hisoblanadi. Bu borada ularni faqatgina monarxlar ortda qoldirishi mumkin.
LiveBarchasi