MOMIHga a’zo davlatlarning energetika vazirlari deklaratsiya imzoladi

Jamiyat

image

Bugun, 20 sentyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning energetika vazirlari tomonidan ularning mamlakatlariga “MOMIH-2030” uchun umumiy energetika strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish majburiyatini yuklaydigan qo‘shma deklaratsiyani imzolandi.

Hujjatni imzolash Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (MOMIH) ishtirokchi davlatlari  energetika vazirlarining poytaxt Toshkentda bo‘lib o‘tgan Birinchi Muloqoti doirasida amalga oshirildi. 

Deklaratsiya 9 banddan iborat bo‘lib, unda mamlakatlarning 2030 yilgacha umumiy energetika strategiyasini ishlab chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish sohasida “toza energiyadan foydalanishga erishish” haqida gapirilgan yettinchi maqsadiga erishish borasida hamkorlik qilish majburiyatlari aks etgan.

Deklaratsiya joriy yilning 24-25 sentyabr kunlari BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi sammiti arafasida imzolandi.

Yangi Energetika strategiyasi MOMIH-2030 Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Strategiyaning maqsadi 2030 yilgacha BMTning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiq mintaqada ishonchli, barqaror, isloh qilingan energiya bozorlarini yaratishdir. 

“Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ymoqda. O‘zbekiston moliyaviy va ekologik jihatdan barqaror energiya sanoatini rivojlantirish tarafdoridir. Biz o‘z maqsadimizga erishish uchun MOMIH mintaqasining boshqa davlatlari va xalqaro moliya manbalari bilan ishlashdan umidvormiz”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov. 

Deklaratsiyani imzolagan mamlakatlar, shuningdek, quyidagi majburiyatlarni oldi:

- 2023 yilgacha shamol va quyosh energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni ikki barobarga ko‘paytirish;

- xususiy sektorga investitsiyalar kiritilishini ko‘paytirishni rag‘batlantirish uchun investorlarga ma’qul me’yoriy-huquqiy bazani yaratish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish;

- MOMIH doirasida moliyalashning mintaqaviy mexanizmlarini yaratish;

- MOMIH mintaqasida energetika sohasida kam sonli bo‘lgan ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish. 

MOMIH dasturi Osiyo taraqqiyot banki tashabbusi bilan 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va umumiy rivojlanish maqsadida hamkorlik qilish bo‘yicha 11 mamlakat va hamkorlarning birgalikdagi faoliyatini namoyon etadi. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘onistan, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mongoliya, Pokiston, XXR, Tojikiston, Turkmaniston mazkur tashkilotning a’zolari hisoblanadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

MOMIH

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing