Moldovaning rossiyaparast sobiq Prezidenti uy qamog‘iga olindi
Olam
−
27 may 2022
4572Kishinyov shahrining Chekani sektori sudi Moldova sobiq Prezidenti Igor Dodonni 30 kunga uy qamog‘ida saqlash haqidagi prokuratura talabini qisman qanoatlantirdi.
“Sud prokurorlarning iltimosnomasini qisman qanoatlantirishga, Igor Nikolayevich Dodonga nisbatan 30 sutka muddatga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga qaror qildi”, deyiladi sud qarorida.
Prokuror Petru Yarmolyuchning aytishicha, ayblov tomoni sudning Dodonni uy qamog‘iga olish haqidagi qarori ustidan shikoyat qiladi.
“Biz uni tergovga ta’sir qilish imkoniyatidan mahrum qilish uchun 30 kun davomida hibsga olishni talab qildik. Sud prokuror talabini qisman qanoatlantirdi, biz bu qaror ustidan shikoyat qilmoqchimiz”, degan Yarmolyuk.
Siyosatchining ishda ishtirok etayotgan kuyovi Petr Merinyanu sud tomonidan izolyatorga yuborilgan.
Dodon jurnalistlarga, uning fikricha, ish saylovdan keyin darhol uni qamoqqa tashlashni talab qilgan “Prezident Mayya Sanduning buyrug‘i bilan qo‘zg‘atilgan”. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, sodir bo‘layotgan voqealar “muxolifatni zararsizlantirish uchun AQSHning Moldovadagi elchixonasi tomonidan boshqarilmoqda”.
Rossiyaparast siyosatchi hisoblangan Igor Dodon 2020 yilda Moldovaning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishi tarafdori bo‘lgan Mayya Sanduga yutqazib, prezidentlikka qayta saylana olmadi.
Dodonga qarshi ish uning 2019 yilda nufuzli Moldova siyosatchisi va mamlakatning eng badavlat tadbirkori Vladimir Plaxotnyuk bilan uchrashuvi videoyozuvlariga asosan boshlangan. Plaxotnyukning qo‘lidagi yozuvlardan birida o‘sha paytda Prezident bo‘lgan Dodon “Kostyaga berishni” so‘ragan noma’lum mazmunli paket ko‘rsatilgan. Paketda pul borligi haqida da’volar ilgari surilmoqda.
Hozirda Moldova prokuraturasi vakillari Korrupsiyaga qarshi milliy markaz hamda Axborot va xavfsizlik xizmati bilan birgalikda passiv korrupsiya, noqonuniy boyish, davlatga xiyonat qilish va jinoiy tashkilot tomonidan Sotsialistik partiyani moliyalashtirish holatlari bo‘yicha tergov ishlarini olib bormoqda.
Prezident, shuningdek elektr energiyasini import qilishning korrupsion sxemalari orqali 12 million dollarni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.
LiveBarchasi