MOQda yangi rahbar ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 15 may kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga rahbar etib tayinlangan Rustam Shoabdurahmonov o‘zining birinchi ish kunida Olimpiya o‘yinlari oilasiga mansub barcha sport federatsiya hamda assotsiatsiyalar mutasaddilari bilan uchrashdi.

Unda ko‘rilgan asosiy va muhim masala – 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida tashkil etiladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga olib boriladigan tayyogarlik dasturini qayta ko‘rib chiqish va sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratildi.

Yig‘ilishda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalarining mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi.

“Oldimizda Tokio olimpiadasi turibdi. Vaqt oz qolgan. Bartaraf etishimiz kerak bo‘lgan muammolar esa yetarlicha. Kecha ham aytganimdek, biz bu borada hamjihatlikda ishlashimiz kerak. Hozir bir necha oy qiynalamiz. Ammo shu qiyinchilikdan o‘tib olsak, keyin ishimiz ancha yengil bo‘ladi. Hali har bir federatsiya vakillari bilan yaqindan tanishib chiqaman. Bungacha qilichbozlik federatsiyasida faoliyat olib borganim bois, sohadagi vaziyat menga ayon. Endi qolgan federatsiyalar bilan ham shug‘ullanib chiqamiz.

Shuningdek, xayolimizda faqat Tokio-2020 olimpiadasi bo‘lib, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarini tashlab qo‘ymasligimiz ham kerak. Axir keyingi olimpiada o‘yinlarida terma jamoamiz negizini shular tashkil qiladi”, dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Darxaqiqat, 2019 yil o‘zbek sporti uchun g‘oyatda mas’uliyatli davr hisoblanadi. Zero, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari uchun aksariyat litsenziyalarni sportchilar aynan shu yilda qo‘lga kiritishlari zarur. Bugungi uchrashuvda MOQ rahbari mutasaddilarga fursatni qo‘ldan boy bermay, tayyorgarlik ishlarini yanada jadallashtirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari sifatini ko‘tarish, murabbiylar malakasini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yig‘ilishda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan boks, gimnastika, og‘ir atletika, dzyudo, suzish, ot sporti, karate, o‘q otish, kamondan otish, taekvondo WT, zamonaviy beshkurash va regbi federatsiyalari mutasaddilarining fikrlari birma-bir tinglanib, muammolarni bartaraf etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

MoQ

Baholaganlar

7

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar