Mobil tez yordam brigadalarini tashkil etishning vaqtinchalik me’yorlari tasdiqlandi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2020
4192O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalarini tashkil etishning vaqtinchalik me’yorlari quyidagicha tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda tuman va shahar markazlarida sutkalik haqiqiy chaqiriqlar soni 16 tadan oshganda keyingi har 16 ta chaqiriqqa bitta ixchamlashtirilgan tez tibbiy yordam mobil brigadasi tashkil etiladi. Shunda haqiqiy chaqiriqlar soni 32 taga chiqqanda bitta, agar 48 taga yetsa, ikkita ixchamlashtirilgan tez tibbiy yordam mobil brigada tashkil etiladi.
Mazkur me’yor tuman(shahar)lardagi olis va chekka hamda aholi tarqoq bo‘lgan hududlarida sutkalik har 12 ta chaqiriqdan oshganda, Toshkent shahri hududida sutkalik har 14 ta chaqiriqdan oshganda amal qiladi.
Ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalari sonini qo‘paytirish yoki kamaytirish hududiy sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari tomonidan har bir tuman yoki shahardagi epidemiologik vaziyatdan, chaqiruvlar soni va mavjud resurslardan kelib chiqib belgilanadi.
Ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalarga tunu-kun navbatchilik uchun bir nafar tibbiyot xodimi (vrach yoki hamshira-feldsher) lavozimlari (4.75 ta shtat birligida) va bir nafar haydovchi (4.5 ta shtat birligida) ajratiladi.
Chaqiruvlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar har 15 kunda qayta ko‘rib chiqiladi.
LiveBarchasi