MN17 fojiasi: 298 kishining o‘limida ayblangan uch kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
Olam
−
17 noyabr 2022
12388Bugun, 17 noyabr kuni Gaaga okrug sudi Ukraina fuqarosi va ikki rossiyalikni 2014 yil iyulida Donbass osmonida raketa bilan urib tushirilgan Malaysian Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti halokatida aybdor deb topdi. Ularning barchasiga umrbod qamoq jazosi tayinlandi.
Ayblanuvchilar tan olinmagan “Donetsk xalq respublikasi” sobiq “mudofaa vaziri” Igor Girkin (Strelkov), general-mayor Sergey Dubinskiy (laqabi Xmuriy (xo‘mraygan)), polkovnik Oleg Pulatov (Gyurza) va Ukraina fuqarosi Leonid Xarchenko (Krot) edi. Girkin, Xarchenko va Dubinskiyning aybi isbotlangan deb topildi. Agar qo‘lga olinsa, ular qamoqqa tushadi. Sudlanuvchi Pulatovga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlandi.
Sud tomonidan ko‘rib chiqilgan tergov xulosalariga ko‘ra, to‘rt kishi ham Rossiyadan jinoyat quroli – “Buk” zenit-raketa majmuasining olib kelinishiga hissa qo‘shgan va uning ekipaji harakatlarini muvofiqlashtirgan va shu bilan “298 kishining o‘ldirilishida” asosiy rol o‘ynagan. Sudlanuvchilar hukm e’lon qilinishida ishtirok etmagan.
Sud, shuningdek, MN17 reysi Pervomayskiy qishlog‘i yaqinidagi daladan otilgan Rossiyaning “Buk” havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirilganini tasdiqladi. Donbassdagi mojaro xalqaro deb e’tirof etilgan va o‘sha paytda Rossiya Federatsiyasi “DXR” deb ataladigan tuzilma ustidan universal nazoratga ega edi, deya xabar beradi DW muxbirlari Gaagadan. Shu bilan birga, ayblanuvchilar Girkin, Dubinskiy, Xarchenko va Pulatov jangchilarning daxlsizligidan foydalana olmaydilar, chunki Rossiya Federatsiyasi uning “DXR” ustidan nazoratini tan olmagan va ularning o‘zlari Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibiga kirganliklarini inkor etganlar.
Sud qarindoshlarga yetkazilgan zararni qoplash Ukraina qonunlari bilan tartibga solinishi kerak, degan qarorga keldi, chunki hodisa Ukraina hududida sodir bo‘lgan.
Ish bo‘yicha tinglovlar Malaysian Airlines’ning Boeing samolyoti uchgan Amsterdam yaqinidagi Sxipxol aeroportidagi huquqiy majmuada bo‘lib o‘tdi. Sud majlislari ochiq o‘tdi, jarayonni kuzatib borishni istagan har bir kishiga shunday imkoniyat berildi: yig‘ilishlar, jumladan, sud hukmi e’lon qilinishi ham internet tarmog‘ida ko‘rsatildi.
MH17 halokati tarixi
Malaysian Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 samolyoti 2014 yil 17 iyulda halokatga uchragan. Tergovning aniqlashicha, Amsterdamdan Kuala-Lumpurga MH17 reysi bilan uchayotgan yo‘lovchi layneri raketa bilan urilgan. Bortdagi 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Fojiadan so‘ng besh davlat – Avstraliya, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya va Ukraina qo‘shma Xalqaro tergov guruhini (JIT) tuzdi. Uning ekspertlari samolyot rossiyaparast kuchlar nazorati ostidagi hududda joylashgan “Buk” havo mudofaa raketa tizimidan otilgan 9M38 seriyali raketa bilan urib tushirilgan degan xulosaga keldi. Buk u yerga Kursk yaqinida joylashgan Rossiya Federatsiyasining 53-havo hujumidan mudofaa brigadasidan olib kelingani va fojiadan ko‘p o‘tmay, chegara orqali Rossiya Federatsiyasi hududiga qaytarilganiga tergovchilarning ishonchi komil.
Sud jarayonida avialaynerning qoldiqlari va uni urishda ishlatilgan noyob seriya raqamiga ega raketa, sun’iy yo‘ldoshlar va radarlardan olingan ma’lumotlar, shuningdek, jinoyat quroli – “Buk” havo mudofaa tizimi qanday olib o‘tilgani va ortga qaytarilgani ko‘rsatilgan foto va videolavhalar e’lon qilindi. Bundan tashqari, ayblov tomoni sudga guvohlarning ko‘rsatmalarini va MH17halokatiga aloqadorlikda gumon qilinganlar o‘rtasidagi telefon suhbatlarini taqdim etdi.
LiveBarchasi