Mirziyoyev Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi

Jamiyat

image

Bugun, 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va istiqbollari, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan. 

Suhbat avvalida Prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistonning ko‘p millatli xalqi nomidan O‘zbekiston rahbariga afg‘onlararo tinchlik jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shu jumladan koronavirusga qarshi kurashish davrida amaliy yordam ko‘rsatayotgani uchun samimiy  minnatdorlik bildirgan.

Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotganini alohida qayd etganlar.

"Pandemiya oqibatlariga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli ko‘paydi, biznes aloqalari faollashdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari uchun noyob imkoniyatlarga ega “Termiz” xalqaro savdo markazi tashkil etildi.

Savdo hajmini ikki barobar ko‘paytirish uchun huquqiy bazani takomillashtirish, savdo uylari tarmog‘ini kengaytirish va yangi kooperatsiya loyihalari to‘plamini shakllantirish masalalari o‘rganilmoqda.

Gumanitar sohada qator muhim qo‘shma tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Xususan, joriy yil oktyabr oyida Afg‘onistonda ilk bor O‘zbek tili bayrami davlat darajasida nishonlandi. Bundan tashqari, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘onistonlik mutaxassislarni tayyorlash davom etmoqda, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida salmoqli dasturlar amalga oshirilyapti", deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabarida.

Prezidentlar o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Jeneva xalqaro konferensiyasining asosiy natijalarini yuksak baholaganlar.

Muloqotda mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash, Afg‘onistonni xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarga integratsiya qilishga qaratilgan ustuvor loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etilgan.

Transafg‘on temir yo‘l yo‘lagini barpo etish loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yetakchi mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlarga qo‘shma murojaat yo‘llashga kelishib olingan. “Surxon – Puli Humri” yo‘nalishida elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini jadallashtirish masalalari muvofiqlashtirilgan. 

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqlaganlar.

Suhbat har doimgidek konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing